Dunyo

Rossiyada 100 ga yaqin odam Ukraina haqida qo‘shiq aytgani uchun ushlandi

Rossiyada Ukraina haqida qo‘shiq aytganlikda gumon qilingan yuzga yaqin kishi hibsga olindi.

22-avgust kuni Rossiyaning Leningrad viloyati Viborg shahri yaqinidagi o‘rmonda bo‘lib o‘tgan Day x Night festivalida xavfsizlik xizmati xodimlari reyd o‘tkazdi. "Meduza" nashrining mahalliy OAVga tayanib xabar berishicha, tadbirda 100 ga yaqin odam ushlangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, festivalda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi va Rossiyada hokimiyatni almashtirishga chaqiruvchi qo‘shiqlar ijro etilgan. Shuningdek, "so‘l qanot radikallar" deb atalgan ishtirokchilardan Ukraina ramzlari tushirilgan plakatlar va giyohvand moddalar topilgani da'vo qilinmoqda.

Internetda tarqalgan videolarda xavfsizlik xodimlari o‘rmonda odamlarni yuztuban yotqizib, tintuv o‘tkazayotgani aks etgan. "RIA Novosti" manbasining ta'kidlashicha, ishtirokchilar Finlyandiya bilan chegara hududida kvadrokopterlarni uchirgan. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Biroq, festivalda chiqish qilgan musiqachilardan biri "Mediazona" nashriga voqea tafsilotlarini boshqacha tarzda bayon etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirda hech qanday bayroqlar va Ukraina ramzlari bo‘lmagan. Xavfsizlik xodimlari reydning ilk daqiqalarida odamlarni tepgan va elektroshoker qo‘llagan.

Musiqachining ta'kidlashicha, ushlanganlarning ko‘pchiligi hujjatlari tekshirilgach qo‘yib yuborilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aslida faqat bir nafar giyohvand moddalar sotuvchisi qo‘lga olingan. Sankt-Peterburg politsiyasi va festival tashkilotchilari ushbu reyd bo‘yicha hozircha rasmiy munosabat bildirmadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.