Rossiya Zaporijjyaga dronlar bilan zarba berdi
19-avgustga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlarining Zaporijjya shahriga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana olti kishi jarohatlandi. Turar joy va boshqa binolarga zarar yetgan, hujumdan so‘ng yong‘in kelib chiqqan.

Rossiya Zaporijjya shahriga dronlar yordamida hujum qildi. Bu haqda Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fyodorov xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya dronlarining zarbalari natijasida shahardagi turar joy binolari va boshqa ob’yektlar shikastlangan.
Hujumdan so‘ng ob’yektlardan birida yong‘in kelib chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida bir kishi hayotdan ko‘z yumgan, olti kishi esa turli darajadagi jarohatlar olgan.
Fyodorov vayronalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Voqea joyida qutqaruv va favqulodda xizmatlar faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, tun davomida Zaporijjyaga boshqariladigan aviatsiya bombalaridan zarba berish xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilingan edi. Ayrim Ukraina nashrlari shaharga qilingan hujumda dronlar bilan bir qatorda boshqariladigan aviabombalar ham qo‘llanilganini ma’lum qilmoqda.
Hujum oqibatlari va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish ishlari davom etmoqda.

