Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida transchegaraviy elektron hujjat aylanishi yoʻlga qoʻyildi

23 sentyabr kuni Toshkentda RF Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri oʻrinbosari Aleksandr Shoytov boshchiligidagi Rossiya raqamli sektori kompaniyalarining «Rossiya — Oʻzbekiston. Texnologiyalar va imkoniyatlar raqamli koʻprigi» biznes-missiyasi doirasida, Rossiyaning Oʻzbekistondagi Savdo vakolatxonasi koʻmagida transchegaraviy elektron hujjat aylanishini yoʻlga qoʻyishga bagʻishlangan yalpi majlis boʻlib oʻtdi.
«Transchegaraviy elektron hujjat aylanishining yoʻlga qoʻyilishi Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yoʻlidagi aniq amaliy qadamlardan biridir. Bunda gap shunchaki noldan boshlanayotgan loyiha haqida ketayotgani yoʻq. Rossiyalik va oʻzbekistonlik hamkasblar tomonidan allaqachon salmoqli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi»,
— deb taʼkidladi Rossiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oleg Yerxov.
Diplomatning maʼlum qilishicha, Rossiya Federal soliq xizmati va Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasining pilot loyihasi doirasida ikki mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari oʻrtasida elektron tovar-kuzatuv hujjatlarini almashish sxemasi amaliy jihatdan sinovdan oʻtkazildi. Shu bilan birga, ushbu loyihaning ahamiyati faqatgina elektron hujjat aylanishi doirasidan tashqariga chiqadi. U Rossiya va Oʻzbekistonning milliy raqamli tizimlarini amaliy jihatdan birlashtirish imkoniyatini namoyish etadi hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo, logistika va ishlab chiqarish aloqalariga hamrohlik qiluvchi raqamli xizmatlarni yanada rivojlantirish uchun asos yaratadi.
«Transchegaraviy EHAning muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilishi Rossiya-Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yangi texnologik mazmun bilan boyitilayotganining yana bir aniq namunasi boʻladi. Bugungi ishlar savdoni, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va mamlakatlarimiz biznesining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan yangi qoʻshma loyihalar uchun ham asos boʻlishiga ishonaman», — deya ishonch bildirdi Oleg Yerxov.
Rossiya va Oʻzbekiston texnologik kompaniyalari vakillari ikki mamlakatning tegishli davlat organlari va tashkilotlari xodimlari bilan birgalikda transchegaraviy elektron hujjat aylanishini pilot yechimlardan sanoat miqyosida foydalanishga oʻtkazish, ishonch infratuzilmasini rivojlantirish, elektron imzodan foydalanish imkoniyatlari va kiberxavfsizlik masalalarini muhokama qildilar.

