Dunyo

Rossiya Ukrainani «muzlatmoqchi», Ukraina: «Neft zavodlari olovida isinamiz»

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga qishda «muzqotish» tahdidini ochiqdan-ochiq yo‘llaganidan so‘ng Ukraina Qurolli kuchlari unga javob qaytardi. Kiyev Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar bilan javob berishini bildirdi.

Rossiya Ukrainani «muzlatish» niyatida ekanligini bildirganida, Ukraina «neft zavodlari olovida isinamiz» deya javob qaytardi.

14-avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram-kanalida dronlar tasviri aks etgan va «Qishda sizni muzqotish kutmoqda» yozuvli postni e’lon qildi. Bu xabar «Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida foydalanilayotgan port infratuzilmasi va dengiz kemalariga» berilgan zarbalar haqidagi ma’lumotdan so‘ng paydo bo‘ldi.

Bir necha soat o‘tib, Ukraina Qurolli kuchlari Strategik kommunikatsiyalar markazi o‘z kanalida Rossiya harbiy idorasiga javoban shunday bayonot berdi: «Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari olovi bilan isinamiz».

Shu kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hozirgi to‘qnashuv chizig‘ida jangovar harakatlarni to‘xtatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi: «Gap bugun kimningdir qanday qulay yashayotganida emas, bizning odamlarimiz azob chekmoqda, bu terrorchilik harakatlaridan halok bo‘lmoqda. Gap… Rossiya davlatining ming yillik tarixi oldidagi mas’uliyatimiz haqida bormoqda». Lavrov Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlarini kuchaytirishini aytib, «Biz buni allaqachon qilmoqdamiz. Ular ingray boshladi», – deya qo‘shimcha qildi.

Bir kun avval, 13-avgust kuni, Reuters agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Ukraina uchinchi tomon orqali Rossiyaga Qora dengizdagi fuqarolik ob’yektlariga hujumlarni o‘zaro to‘xtatish taklifini yuborgan. Buning sababi, mintaqadagi jangovar harakatlar global oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarini xavf ostiga qo‘ygan.

Bundan bir necha kun oldin Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidon Anqara Kiyev va Moskvaga Qora dengizdagi tijorat kemalariga zarba berishga moratoriy joriy etish mexanizmini yaratish bo‘yicha takliflar yo‘llaganini aytgandi. Biroq, 14-avgust kuni Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova «Rossiya tomoni rasmiy kanallar orqali bu tashabbus shartlarini aniqlashtiruvchi rasmiylashtirilgan turk murojaatini olgani yo‘q», – deb bayonot berdi.

Iyun oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vladimir Putinga ochiq maktub e’lon qilib, unda yetakchilarning bevosita uchrashuvini hamda muzokaralar davomida butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan edi.

2022-yildan boshlab har kuzda Rossiya Qurolli kuchlari qishda mamlakatni elektr energiyasi va issiqlikdan mahrum qilish maqsadida Ukrainaning energetika infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirib keladi. Jumladan, 2024-yil kuzida Rossiya deyarli barcha yirik issiqlik elektr stansiyalariga zarar yetkazib, Ukrainaning umumiy elektr ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 80 foizini ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Kelgusi qish arafasida Rossiya Qurolli kuchlari asosan Sumi, Chernigov va Xarkov viloyatlaridagi elektr tarmoqlari infratuzilmasini (nimstansiyalar va elektr uzatish liniyalarini) vayron qilishga e’tibor qaratmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.