Rossiya Ukrainaga keng koʻlamli zarba berdi: Kiyevda qurbonlar bor, Polsha aviatsiyani havoga koʻtardi
Rossiya qoʻshinlari 7-oktabrga oʻtar kechasi Ukrainaga ballistik va qanotli raketalar hamda dronlar bilan keng koʻlamli hujum uyushtirdi. Mahalliy rasmiylarga koʻra, Kiyevda ikki kishi halok boʻlgan, Dnipro, Zaporijjya va Kremenchugda ham binolar va infratuzilma obyektlari zararlangan.

Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli zarba berdi: Kiyevda qurbonlar bor, Polsha aviatsiyani havoga ko‘tardi
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati poytaxtning Obolon, Shevchenko va Podol tumanlarida hujum oqibatlari qayd etilganini ma’lum qildi. Obolon va Shevchenko tumanlarida noturar binolar, Podol tumanida esa omborxonalar shikastlangan.
Darnitsa tumanida ochiq maydonga va garajlar kooperativi atrofiga parchalar tushgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko bergan ma’lumotga ko‘ra, garajlar hududida yong‘in chiqqan va ikki kishining jasadi topilgan.
Dnipro shahrida sanoat korxonasi zarar ko‘rgan. Dnipropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja dastlab jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlar aniqlashtirilayotganini bildirgan.
Zaporijjyada transport infratuzilmasi obyekti zarbaga uchragan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Mixail Semikin ayrim yo‘l uchastkalarida harakat vaqtincha cheklanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Poltava viloyatining Kremenchug shahri ham hujumga uchragan. Viloyat ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, raketa turar joy hududiga tushib, ko‘p qavatli uylarga zarar yetkazgan. Kremenchug tumanidagi korxonalardan biri ham zarbaga uchragan.
Hujum fonida Polsha ertalab harbiy aviatsiyasini havoga ko‘targan. Mamlakat qurolli kuchlari Operativ qo‘mondonligi yer ustidagi havo hujumidan mudofaa vositalari va radiolokatsiya razvedkasi ham yuqori shaylik holatiga o‘tkazilganini ma’lum qilgan.
Qo‘mondonlik bu choralar ehtiyot chorasi sifatida ko‘rilganini ta’kidlagan. Ular Polsha havo hududini, ayniqsa janglar ketayotgan hududlarga yaqin joylarni himoya qilishga qaratilgan.
Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy razvedka Rossiya yangi keng ko‘lamli hujumga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot olganini aytgan edi. 7-oktabrga o‘tar kechasi Ukraina harbiylari qanotli raketalar tashishga qodir Tu-95 va Tu-160 strategik bombardimonchi samolyotlari havoga ko‘tarilganini ham qayd etgan.
Hujum oqibatlari va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.

