Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga bahordan beri eng yirik hujumini uyushtirdi
Mahalliy hokimiyat organlarining xabar berishicha, tungi hujumlar oqibatida butun mamlakat boʻylab kamida olti kishi halok boʻlgan va yana 33 kishi jarohatlangan.

Rossiya Ukraina energetika tizimiga bahordan beri eng yirik zarbasini berdi
Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga bahordan beri eng yirik hujumini amalga oshirdi, bundan asosan Kiyev va uning atrofidagi hududlar jabr koʻrdi, dedi Ukraina Bosh vaziri Sergey Koretskiy.
Mahalliy rasmiylarga koʻra, tungi hujumlar oqibatida butun mamlakat boʻylab kamida olti kishi halok boʻlgan va yana 33 kishi yaralangan, jumladan, Kiyev viloyatida bir bola jarohat olgan.
Zarbalar elektr taʼminotiga ham taʼsir koʻrsatdi. Ukrainaning eng yirik xususiy energetika kompaniyasi — DTEK poytaxt uchun «ogʻir oʻtgan tun»dan keyin 8 000 ta xonadonda elektr taʼminoti tiklanganini maʼlum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi nishonlardan biri Kiyev uchun eng yirik elektr manbai boʻlgan Tripol issiqlik elektr stantsiyasi boʻlganini bildirdi. Ukraina rasmiylari buni tasdiqlamadi.
Koretskiy Telegram-dagi bayonotida shunday dedi: «Yozdan beri dushmanning energetika infratuzilmamizga hujum qilmagan birorta ham kuni boʻlmadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Biroq, bunday koʻlamdagi ommaviy va birlashgan hujum oxirgi isitish mavsumi tugaganidan beri birinchi marta sodir boʻldi».
Ukraina Rossiyaning mamlakat elektr tarmoqlariga qarshi navbatdagi uzoq davom etadigan hujumiga tayyorgarlik koʻrayotgan edi. Bunday hujumlar Rossiyaning 2022 yildagi keng koʻlamli bosqinidan beri har qishda sodir boʻlmoqda.
Koretskiyning soʻzlariga koʻra, tunda jami 11 ta viloyat zarbaga uchragan, turar joy binolari, ijtimoiy infratuzilma, fuqarolik korxonalari va temir yoʻllar ham nishonga olingan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Jitomir, Nikolayev, Kirovograd va Rovno viloyatlarida muhim infratuzilma obʼyektlariga zarba berilganini aytdi.
Chorshanba kuni Kiyev, Dnepropetrovsk, Donetsk, Sumi va Xarkov viloyatlaridagi baʼzi xonadonlar hali ham elektr energiyasiz qolmoqda, deb xabar berdi Ukraina Energetika vazirligi.
Davlat elektr tarmoqlari operatori «Ukrenergo» aholini mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 16:00 gacha yuqori quvvatli elektr jihozlaridan foydalanmaslikka chaqirdi, chunki elektr taʼminoti meʼyordan past boʻlgan.
Kiyevda aholi portlashlar bilan oʻtgan tundan keyin shaharni qoplagan qalin, achchiq tutun bilan uygʻondi. Havo hujumidan ogohlantirish signali hali ham amalda edi va tumanli havoda havo hujumidan mudofaa tizimi otishmalarining uzoqdan eshitilgan tovushlari aks-sado berdi.
Bir nechta tuman aholisiga tutun tarqalguncha derazalarini yopiq saqlash tavsiya etildi.
Tungi zarbalar paytida halok boʻlganlar orasida uy vayronalari ostidan jasadi topilgan bola ham bor, dedi Kiyev viloyati gubernatori Timur Tkachenko.
Kiyev meri Vitaliy Klichko poytaxtda jami uch kishi halok boʻlganini, jumladan, ombor binosida Ukraina kommunal korxonasi xodimi hayotdan koʻz yumganini maʼlum qildi.
Shimoli-sharqiy Sumi viloyatida ham ikki kishi halok boʻldi, dedi gubernator Oleg Grigorov. Nikolayev viloyatida esa Rossiya dronlari hujumi oqibatida yana bir kishi halok boʻldi, deb xabar berdi viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Georgiy Reshetilov.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng koʻlamli bosqinni boshlagan edi va hozirda Moskva Ukraina hududining qariyb 20 foizini nazorat qilmoqda.

