Rossiya Ukraina chegarasi yaqinida reaktiv dronlarni uchirish bazasini qurdi
Baza Rostov viloyatida qurilmoqda. 31-avgust kuni uning oʻrnida boʻsh dala boʻlgan, hozir esa u yerda maydoni 126 ta futbol maydoniga teng ulkan majmua qad rostlagan.

Rossiya Ukraina chegarasi yaqinida reaktiv dronlar uchun uchirish bazasini barpo etdi
Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida reaktiv dronlarni uchirishga moʻljallangan yangi yirik bazani qurishni atigi olti hafta ichida deyarli tugatdi, deb yozdi sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini tahlil qilgan Reuters agentligi.
Baza Rostov viloyatida bunyod etilmoqda. Agentlik qayd etishicha, 31-avgust kuni bu joyda boʻsh dala bor edi, hozir esa u yerda maydoni 126 ta futbol maydoniga teng ulkan majmua qad ko‘targan.
DroneSec xususiy razvedka kompaniyasi asoschisi Mayk Monnikning fikricha, suratlar bazaning eng yangi «Geran-4» va «Geran-5» reaktiv dronlarini uchirish uchun moʻljallanganini koʻrsatadi. Majmuaning gʻarbiy qismida sakkizta uchirish qurilmasi joylashgan.
Ekspert bahosiga koʻra, baza kuniga taxminan 100 ta reaktiv dronni uchirish imkonini berishi mumkin. U «sanoqli haftalar ichida» toʻliq ishga tushirilishi ehtimoli bor.
Rossiya soʻnggi bir necha oy davomida Ukrainaga zarba berishda reaktiv dronlardan faol foydalana boshladi. Ularning oddiy dronlardan asosiy farqi — parvoz masofasi va tezligining sezilarli darajada yuqoriligidir. Ularni urib tushirish oddiy dronlarga qaraganda qiyinroq.

