Rossiya “ta’mirlash” sabab Armanistonga gaz eksportini to‘xtatadi

Rossiya “ta’mirlash” sabab Armanistonga gaz eksportini to‘xtatadi
Rossiyadan Armanistonga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi. Bunga Rossiyada o‘tkaziladigan “rejali profilaktika va ta’mirlash ishlari” sabab qilib ko‘rsatildi.
Ta’kidlanishicha, ta’mirlash ishlari “Shimoliy Kavkaz – Kavkazorti” magistral gaz quvurida olib boriladi. Gaz uzatish 15-sentyabrdan 25-sentyabrgacha to‘xtatiladi.
Kompaniya bu davrda iste’molchilarga gaz cheklovlarsiz va uzluksiz yetkazilishini bildirdi. Bunga ichki zaxiralar hamda Eron vaqtinchalik yetkazib beradigan qo‘shimcha gaz hajmi hisobiga erishiladi.
2025-yilda ham sentyabr oyining ikkinchi yarmida rejalashtirilgan ta’mirlash sabab Rossiya Armanistonga gaz berishni to‘xtatgan edi. 2026-yil iyun oyi boshida Armanistonda o‘tgan parlament saylovlaridan sal oldin Moskva va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Rossiya bosh vazir Nikol Pashinyanni g‘arparast siyosat yuritishda ayblamoqda.
Yerevanning Yevropa bilan yaqinlashish urinishlariga javoban Rossiya Armanistondan mahsulot import qilishga cheklovlar kiritishni boshladi. Shuningdek, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Armanistondan referendum o‘tkazishni talab qilmoqda. Ular Yerevan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida qolishi yoki Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lini davom ettirishini aniqlab olishini istamoqda.
Ayni paytda 11-sentyabr kuni Pashinyan Armaniston Rossiya gaziga muqobil yo‘llarni qidirayotganini aytdi.
“Armanistonda gaz arzon emas. Chegaradan iste’molchigacha bo‘lgan masofada gaz narxi boshqa mamlakatlarga qaraganda eng ko‘p oshadi. ‘Gazprom Armaniston’ katta foyda ko‘rmoqda, bu ham biz tan olishimiz kerak bo‘lgan haqiqat”, dedi u.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning oldinroq bergan bayonotiga ko‘ra, agar Yerevan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibidan chiqishga qaror qilsa, Armaniston uchun imtiyozli gaz narxi bozor tamoyillari asosida belgilanadi.
Avvalroq Armanistondan Rossiyaga 27-iyuldan boshlab sut mahsulotlarini olib kirish cheklangani haqida xabar berilgandi. Tegishli qaror 14–21-iyul kunlari o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qabul qilingan. Tekshiruvlar davomida qoidabuzarliklar aniqlangan.
“Rossiyaga yetkazib beriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishda kasallangan chorva mollaridan olingan sutdan foydalanilgani aniqlangan”, deyilgandi “Rosselxoznadzor” xabarida.

