Rossiya qishda Odessa, Xarkov va Kiyevni elektr hamda suvsiz qoldirmoqchi - OAV
Rossiya shu yoʻl orqali Ukrainani taslim etishga urinadi, deb yozdi The New York Times.

Rossiya qishda Odessa, Xarkov va Kiyevni elektrsiz hamda suvsiz qoldirmoqchi — OAV
Rossiya Ukrainani kelgusi qishda taslim boʻlishga majburlash uchun mamlakatning energetika tizimini izdan chiqarishni, xususan, Kiyev, Xarkov va Odessani elektr energiyasi, isitish hamda suvsiz qoldirishni maqsad qilgan.
Nashr jurnalistlari Ukraina tomonidan qoʻlga kiritilgan va sentabr oyida yevropalik ittifoqchilarga namoyish etilgan Rossiya hukumati rejasini koʻrib chiqdi.
Rejaga koʻra, Ukrainaning uchta eng yirik shahrini suv, elektr energiyasi va isitishdan mahrum qilish uchun Rossiyaga qariyb 70 ta ballistik raketa, 720 ta uzoq masofaga uchuvchi dron va 150 ta boshqariladigan aviabomba kerak boʻladi. Rossiya harbiy strateglarining hisobicha, shunday jadallikdagi bir oylik zarbalar Ukraina energetika tizimini vayron qiladi.
Gazeta taʼkidlashicha, urushning beshinchi yiliga kelib, Ukraina elektr stansiyalari avvalgi hujumlar sabab toʻliq quvvatda ishlash imkonini yoʻqotgan va har bir yangi zarba ularni tezda ishdan chiqaradi. Xususan, urush boshlanishidan oldin Kiyevni taʼminlagan uchta IEMning umumiy quvvati taxminan 1,3 gigavatt boʻlgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich qariyb 500 megavattgacha tushgan.
Nashr yozishicha, agar Rossiya rejasi amalga oshsa, Kiyev, Xarkov va Odessa energiya quvvatining 90 foizini yoʻqotishi, issiqlik taʼminoti 90 foizga qisqarishi va buning ortidan suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimlari ishida uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Rossiyaning bu rejaga ishonchi asosan Ukrainada havo hujumidan mudofaa vositalari, avvalo Patriot tizimlari uchun raketalar yetishmasligi bilan izohlanadi. Ularsiz Ukraina Qurolli kuchlari ballistik raketalardan deyarli himoyalana olmaydi.
Tahlilchilar hozir Moskva uchun havo kampaniyasida muvaffaqiyatga erishish ehtimoli urushning istalgan boshqa davridagiga qaraganda ancha yuqori ekanini aytmoqda. Ukrainaning raketaga qarshi mudofaa tizimi Amerika yordamining qisqarishi tufayli «holdan toygan», Rossiyaning raketa va dronlar zaxirasi esa yanada kuchli va samaraliroq boʻlgan, Ukrainaning energetika infratuzilmasi esa yillar davomida berilgan zarbalarning yigʻilib qolgan taʼsiri sabab ancha zaiflashgan.
Shu bois, Kiyev muntazam taklif qilib kelayotgan energetika sulhiga Moskvaning qandaydir shaklda rozi boʻlish ehtimoli juda past. «Ularda ukrainaliklarga bosim oʻtkazish uchun qolgan yagona richag - bu havo zarbalaridir. Ularda boshqa hech narsa yoʻq», - dedi Rasmussen Global konsalting kompaniyasi direktori Garri Nedelku The New York Times nashriga.

