Rossiya Oliy sudi «Yabloko» partiyasini saylovdan chetlatish qarorini kuchda qoldirdi
Rossiya Oliy sudi «Yabloko» huquqshunoslarining partiyani Davlat Dumasi saylovidan chetlatilgani haqidagi qaror ustidan bergan shikoyatini rad etdi.

Rossiya Oliy sudi "Yabloko" partiyasining saylovda ishtirok etishini taqiqlovchi qarorni o‘z kuchida qoldirdi.
Partiyaning Duma saylovlarida qatnashishi 10-avgust kuni taqiqlangan edi. Sud bu qarorni "Rodina" partiyasining da’vosi asosida qabul qildi. "Rodina"ning da’vo arizasida "Yabloko" o‘z tashviqotida mualliflik huquqlarini buzganligi va xorijdan moliyalashtirilganligi iddao qilingan.
17-avgust kuni "Yabloko"ning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilayotgan sud majlisi vaqtida Oliy sud binosi oldida 85 nafardan ortiq kishi politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Yakunda sud qaror ustidan berilgan shikoyatni rad etdi.
Davlat Dumasiga saylovlar 2026-yil 20-sentyabrda bo‘lib o‘tadi. "Yabloko" Rossiyada saylovlarga "Tinchlik va erkinlik uchun!" degan urushga qarshi shior bilan borayotgan yagona partiya edi.
"Meduza" nashrining prezident Putin ma’muriyatiga yaqin manbalari 2025-yilning kuzidayoq "yablokochilar" bunday shior bilan federal darajadagi saylovda qatnasha olmasligini aytgan edi. Prezident ma’muriyatining siyosiy bloki dastlab Duma kampaniyasini "konservativ ssenariy bo‘yicha", ya’ni boshqariladigan ishtirokchilar bilan o‘tkazishni rejalashtirgan. "Meduza" manbalariga ko‘ra, "Yabloko" saylovda qatnashish uchun ro‘yxatga olingan, biroq partiya reytingi o‘sa boshlagach, "xatarlarning oldini olish" maqsadida chetlatilgan.

