Dunyo

Rossiya Kiyevdagi UXX bosh idorasiga zarba berdi

Dron Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Oleksandr Pokladning kabinetiga yoʻnaltirilgani aytilmoqda. Uning oʻzi zarba paytida kabinetda boʻlmagan.

Rossiya Kiyevdagi UXX bosh qarorgohiga zarba berdi

Rossiyaga tegishli dron Kiyev markazidagi Vladimirskaya ko‘chasida joylashgan Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) shtab-kvartirasi binosiga urildi.

Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy UXX rahbari Oleksandr Poklad bilan suhbatdan keyin ma’lum qildi.

Uning aytishicha, dron maxsus xizmat rahbarining kabineti tomon yo‘naltirilgan edi.

«Jabrlanganlarning barchasiga zarur yordam ko‘rsatiladi», - dedi Zelenskiy qo‘shimcha qilib. U, shuningdek, Pokladga harbiylarni jalb etgan holda «ruslarga bu zarbaga munosib, sezilarli va iloji bo‘lsa, o‘ziday qilib javob qaytarishni» topshirdi.

«Ukrainska pravda» nashrining yozishicha, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 15:30 da yuz bergan hujum paytida UXX rahbari o‘z kabinetida bo‘lmagan. Hodisa joyidan olingan videoda zarba tekkan binoning derazasidan quyuq tutun chiqayotgani ko‘rinadi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, Vladimirskaya ko‘chasi joylashgan Shevchenko tumanida dron noturarjoy binosining tomiga qulagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning oqibatida to‘qqiz kishi jabrlangan, ulardan yetti nafari shifoxonaga yotqizilgan. Hujumdan yarim soat oldin shaharda havo trevogasi e’lon qilingan, Havo kuchlari esa reaktiv dronlar yaqinlashayotganidan ogohlantirgan edi.

Shuningdek, UXX shtab-kvartirasi yaqinida joylashgan «Zavertyaylo» tarmog‘iga qarashli kafe ham vayron bo‘lgan. Kompaniya xabariga ko‘ra, bir ayol jabrlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan mehmonlar va xodimlar yerto‘laga yashirinishga ulgurgan.

Zelenskiy 17-iyul kuni Mudofaa vaziri bo‘lgan Yevgeniy Xmaraning o‘rniga Pokladni UXX rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlagan edi. Bungacha Poklad ushbu idora rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Zarba amerikalik muzokarachilarning tashrifi arafasida sodir bo‘ldi. TASS xabariga ko‘ra, AQSH prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner 5-sentabr kuni Moskvaga, 6-sentabr kuni esa Kiyevga tashrif buyuradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.