Dunyo

Rossiya Kiyevdagi omborlarga zarba berdi. Oʻq-dorilar portlashi natijasida 37 kishi halok boʻldi

Ukraina Harbiy-havo kuchlari maʼlumotiga koʻra, tungi hujumda rossiyaliklar kemaga qarshi «Oniks» raketasi, «Iskander-M» ballistik raketasi hamda 267 ta zarbdor dron uchirgan.

Rossiyaning Kiyev viloyatidagi omborlarga bergan zarbasi va undan keyin oʻq-dorilarning portlashi natijasida kamida 37 kishi halok boʻldi. Bu haqda Kiyev viloyati maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenko maʼlum qildi.

29-avgustga oʻtar kechasi Bucha tumanidagi omborlarda yuz bergan ushbu hodisa oqibatida yana 42 kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi, jabrlanganlar orasida toʻrt nafar bola ham bor. BBC nashrining xabariga koʻra, halok boʻlganlarning aksariyati – 34 kishi qariyalar pansionatida boʻlgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu vaziyatni "portlovchi moddalarni toʻgʻridan-toʻgʻri odamlarning yonida saqlaganlarning dahshatli eʼtiborsizligi" deb atadi va bunday holatlarga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini taʼkidladi. Uning bayonotida aytilishicha, "[Rossiya hujumi paytida] birinchi zarba u yerda mutlaqo boʻlmasligi kerak boʻlgan oʻq-dorilar saqlanadigan joyga – mudofaa kuchlarining zaxiralariga toʻgʻri keldi. Snaryadlar, minalar, boshqa oʻq-dorilar va dronlarning portlashi yuz berdi. Miqyos juda katta."

Ukraina Harbiy-havo kuchlari maʼlumotlariga koʻra, kechagi hujumda Rossiya Ukraina boʻylab kemaga qarshi "Oniks" raketasi, "Iskander-M" ballistik raketasi, shuningdek, 267 ta zarbdor dron uchirgan. 29-avgust kuni tushga qadar ham "Shahed" dronlari Kiyev viloyatiga hujum qilishda davom etgan.

Ukraina rasmiylari "jinoiy beparvolik" deb atagan ushbu hodisa shanbaga oʻtar kechasi Bucha tumanining Milaya qishlogʻidagi korxonalardan birida Rossiya harbiylarining hujumi oqibatida koʻplab portlashlar va kuchli yongʻin bilan boshlangan. Favqulodda vaziyat zonasidan 400 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Portlashlar sababli Jitomir trassasining 15-kilometridan 32-kilometrigacha boʻlgan qismida harakat butunlay toʻxtatilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.