Rossiya dronlari Zelenskiy asos slogan “Kvartal 95” studiyasi omborini yoʻq qildi

Rossiya dronlari Zelenskiy asos solgan “Kvartal 95” studiyasi omborini vayron qildi
Rossiyaning Kiyevga dronlar bilan uyushtirgan hujumi natijasida “Kvartal 95” studiyasiga tegishli rekvizitlar saqlangan ombor yo‘q qilindi.
Xabarda aytilishicha, 20 yil davomida “Kvartal 95”ning konsertlari, teleko‘rsatuvlari, filmlari va seriallarida ishlatilgan ko‘plab dekoratsiyalar, liboslar hamda boshqa buyumlar yonib ketgan.
“Rossiya qurollari mol-mulkni yo‘q qilishi mumkin. Lekin u bizni to‘xtata olmaydi. Biz ishlashda, yangi hazillar yozishda va Ukraina himoyachilariga yordam berishda davom etamiz. Rejalashtirilgan barcha konsertlar o‘tkaziladi. Rekvizit bilan ham, rekvizitsiz ham”, deyiladi studiya xabarida.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya droni Kiyevning Svyatoshinskiy tumanidagi omborga zarba bergan. Natijada yong‘in chiqqan va bir kishi jarohatlangan.
“Kvartal 95” studiyasiga asos solganlardan biri Vladimir Zelenskiydir. U prezidentlikka saylanishidan oldin tomoshalarda ishtirok etgan. Studiya 2003-yilda “Kvartal 95” QVZ jamoasi negizida tashkil etilgan. Bu yerda 20 yildan ortiq vaqt davomida teleko‘rsatuvlar, filmlar, seriallar va konsert dasturlari yaratilmoqda.
Avvalroq Zelenskiy CBS News telekanaliga bergan intervyusida hozir mamlakatda nima uchun saylov o‘tkazib bo‘lmasligi va Ukraina-Rossiya urushida ikkala tomon ham g‘alaba qozonmasligi haqida gapirgandi.

