Rossiya 2027-yilda mudofaaga 178 milliard yevro sarflamoqchi
Rossiya 2027-yilda mudofaaga 17,1 trillion rubl - qariyb 178 milliard yevro sarflashni rejalashtirmoqda. Bu dastlab byudjetda koʻzda tutilgan 13,5 trillion rubldan taxminan 27 foiz koʻp boʻlib, Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon eng yuqori koʻrsatkich boʻladi.

Rossiya 2027-yilda mudofaaga 178 milliard yevro sarflashni rejalashtirmoqda
Reuters agentligi 28-sentabr kuni tanishgan hukumat hujjatlariga tayanib, shu haqda xabar berdi.
Hujjatlarga ko‘ra, Rossiyaning kelgusi uch yildagi jami mudofaa xarajatlari 50 trillion rublni tashkil etadi. 2026-yil uchun esa mudofaa ehtiyojlariga 12,1 trillion rubl ajratish ko‘zda tutilgan edi.
Reuters amaldagi xarajatlar hajmi maxfiy ekanini ta’kidlagan. Harbiy xarajatlarning bir qismi byudjetning boshqa bo‘limlariga ham kiritilgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya hukumati 2026-yil uchun byudjet taqchilligi prognozini yalpi ichki mahsulotning 1,6 foizidan 3,2 foiziga oshirdi.
Joriy yilda byudjet xarajatlari 13,2 foizga ko‘payib, 48,6 trillion rublga, ya’ni YaIMning 20,9 foiziga yetishi kutilmoqda.
Byudjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi 1-oktabr kuni Davlat dumasiga taqdim etilishi kerak.
O‘tgan hafta, saylovlardan keyin, Rossiya rasmiylari 2027-yilda soliqlarni yana oshirish rejalari haqida ma’lum qilgan.
Xususan, tog‘-kon va metallurgiya majmuasining ayrim segmentlari hamda o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarning o‘ta yuqori daromadlariga yangi soliq joriy etish orqali yiliga qariyb 200 milliard rubl qo‘shimcha tushum olish kutilmoqda.
Hujjatlarga ko‘ra, 2027-yilda sof qarz olish rejasi 26 foizga oshirilib, 5 trillion rublga yetkaziladi. Byudjet taqchilligini kamaytirish uchun Milliy farovonlik jamg‘armasidan 459 milliard rubl ajratish ham rejalashtirilgan. Bu jamg‘armaning likvid qismining taxminan 11 foiziga teng.
Rossiya hukumati 2026-yilda neft va gazdan olinadigan daromadlar prognozini avval kutilgan 8,9 trillion rubldan 7,6 trillion rublga pasaytirgan.
Davlat qarzi 2026-yildagi YaIMning 19,9 foizidan 2027-yilda 21,7 foizigacha oshishi kutilmoqda. Bu Rossiya rasmiylari xavfsiz deb hisoblaydigan 20 foizlik darajadan yuqori.

