Ronaldu zaxirada qoldi, Germaniya oʻyinida sensatsiya. Kun oʻyinlari
Millatlar ligasida 2-tur uchrashuvlari start oldi. Milliy jamoalarda jarohatlar toʻxtamayapti.

Ronaldu zaxirada qoldi, Germaniya oʻyinida sensatsiya. Kun oʻyinlari
Portugaliya Ronaldusiz gʻalaba qozondi
Norvegiya – Portugaliya 1:2
Joau Feliks, 17 (0:1). Holand, 51 (1:1). Ramush, 54 (1:2)
Portugaliya safarda Norvegiyani magʻlub etdi. Bu uchrashuvda hamma Ronaldu va Holand toʻqnashuvini kutgandi, biroq portugallarning yangi bosh murabbiyi Jorji Jezush Krishtianu Ronalduni zaxirada qoldirdi. Uning oʻrniga asosiy tarkibda maydonga tushgan Gonsalu Ramush esa gʻalaba golini kiritdi.
Portugallar 17-daqiqada hisobni ochishdi: Joau Feliks jarima maydoni tashqarisida Pedru Netudan toʻpni qabul qilib oldi va taxminan 16 metr masofadan qaytarib boʻlmas zarba yoʻlladi. Shundan keyin Holand juda qulay vaziyatda turgan boʻlsa-da, Edegorning ajoyib pasidan foydalana olmadi.
Bir nechta xatolardan soʻng Erling baribir oʻz maqsadiga yetdi va 51-daqiqada jarima zarbasidan keyin hisobni tenglashtirdi. Holand ketma-ket yettinchi oʻyinda gol urmoqda. «Siti» forvardi joriy mavsumda klub va milliy terma jamoa safidagi 9 oʻyinda urgan gollari sonini 10 taga yetkazdi.
Ammo portugallar baribir gʻalabani qoʻlga kiritishdi — hisob tenglashganidan koʻp oʻtmay mezbonlar darvozaboni Eryan Nyuland qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi. U toʻpni Ramushga topshirib qoʻydi, Ronalduning raqibi esa texnik ijro bilan toʻpni darvozabon ustidan oshirib tashladi.
Ramush shu kuni dubl qayd etishi mumkin edi, biroq uning ikkinchi goli ofsayd sabab bekor qilindi.
Oʻyin oxirida mezbonlar uchun yana bir yoqimsiz holat yuz berdi. Jamoa sardori, «Arsenal» futbolchisi Martin Edegor himoyadan toʻp bilan chiqayotgan paytda «Siti»ning sobiq futbolchisi Bernardu Silva uning oyoqgʻiga qasddan zarba berdi, jabrlanuvchi oʻyinni oqsoqlangancha davom ettirdi, ammo boshqa yugura olmadi.

