Ronaldu va Jorjina nikohdan avval mol-mulkni ajratish bo‘yicha shartnoma tuzgan — manba

Ronaldu va Jorjina nikohdan oldin mol-mulkni ajratish bo‘yicha kelishuvga erishgan — manba
Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu va uning turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodriges to‘y marosimidan bir kun avval mol-mulkni alohida boshqarishni nazarda tutuvchi nikoh shartnomasini imzolagan. Bu haqda Jornal de Notícias nashri ma’lumot berdi.
Manbaning xabariga ko‘ra, mazkur shartnoma 10-avgust kuni Lissabondagi notarial idorada rasmiylashtirilgan. Hujjatga muvofiq, er-xotin mol-mulkni alohida saqlash tartibini tanlagan.
Ushbu tartibga ko‘ra, har bir tomon nikohdan oldin o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkni, shuningdek, nikohdan keyin o‘z nomiga orttirgan mulkni saqlab qoladi. Agar ular birgalikda biron-bir mol-mulk sotib olsa, ushbu mulk har ikki tomonning umumiy mulki hisoblanishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Ronaldu va Rodriges 11-avgust kuni Portugaliyaning Kashkaysh shahrida yopiq tarzda turmush qurgan. Ronaldu va Rodriges 2016-yilda Madridda tanishgan. O‘sha paytda Jorjina Gucci do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlagan. Bugungi kunda juftlikning Alana Martina va Bella Esmeralda ismli ikki qizi bor. Umuman olganda, ular besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. Yana uch nafar farzand — kichik Krishtianu hamda egizaklar Mateo va Yeva surrogat onalar yordamida dunyoga kelgan.

