Ronaldu oʻzboshimchaligi uchun 255 yevro jarimaga tortildi
Portugaliya futbol federatsiyasi (PFF) intizomiy kengashi Krishtianu Ronalduni milliy jamoa qarorgohini oʻzboshimchalik bilan tark etgani uchun jazoladi. Hujumchi reglamentning 160-moddasi 1-bandi boʻyicha bir martalik qasddan intizomiy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topildi. U 30 kunga diskvalifikatsiya qilindi va 255 yevro miqdorida jarimaga tortildi.

Ronaldu oʻzboshimchaligi uchun 255 yevro miqdorida jarimaga tortildi
Ronaldu 30-sentabr kuni Kopenhagenda Daniyaga qarshi oʻyin oldidan milliy jamoani tark etdi. Bunga yangi bosh murabbiy Jorje Jezushning 41 yoshli hujumchiga asosiy tarkibdagi joyini kafolatlamasligi haqidagi ommaviy bayonoti sabab boʻldi. 6-oktabr kuni futbolchi bayonot berib, qarorini izohladi va murabbiyni vaʼdalarini buzganlikda aybladi.
9-oktabr kuni intizomiy ish ochildi, shundan keyin kengash futbolchini diskvalifikatsiya qilish haqida qaror chiqardi. Ish shoshilinch maqom oldi. Ertasi kuni hujjatlar intizomiy tergov komissiyasiga topshirildi.
160-modda yigʻinlarni asossiz tark etganlik uchun bir oydan olti oygacha diskvalifikatsiyani nazarda tutadi. Professional futbolchi uchun taxminan 500 yevrodan 1000 yevrogacha jarima ham belgilangan. Amaldagi jazo eng yengil variant boʻldi, jarima esa belgilangan miqdordan ham past chiqdi.
Diskvalifikatsiya Ronalduga Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida oʻynashga toʻsqinlik qilmaydi. Avvalroq Jezush hujumchining milliy jamoaga qaytishini istisno qilmagandi. Ronaldu 30 kunlik muddat sabab milliy jamoaning birorta oʻyinini oʻtkazib yubormasligi aytilmoqda. Uning diskvalifikatsiyasi 30-sentabrdan boshlab hisoblanadi.
Portugaliya milliy jamoasi Millatlar Ligasi doirasida 14-noyabr kuni oʻz maydonida Daniya, 17-noyabr kuni esa safarda Uels bilan oʻynashi kerak.

