Sport

“Ronaldu O‘zbekistonga keladimi?” O‘zbek klublarining Elit OCHLdagi raqiblari qur’adan oldin aniq bo‘lgani haqida

**"Ronaldu O‘zbekistonga keladimi?" Elit OCHLda O‘zbek Klublarining Raqiblari Qur’adan Oldin Ma’lum Bo‘ldi**

18-avgust kuni Osiyo Elit Chempionlar Ligasiga qur’a tashlanadi. Ikki o‘zbek jamoasi – "Neftchi" va "Paxtakor" ushbu turnirda ishtirok etishi sababli, muxlislar qur’a natijalariga katta qiziqish bildirmoqda. Biroq, qur’a qoidalari va mavjud cheklovlar tufayli, Farg‘ona va Toshkent klublarining aynan qaysi jamoalarga qarshi o‘ynashi hozirdanoq aniq. Faqatgina qaysi jamoa bilan safarda, qaysi biri bilan uyda o‘ynalishi hozircha noma’lum. Xo‘sh, "Neftchi" va "Paxtakor"ga mazkur turnirda qaysi klublar raqib bo‘ladi? Quyida batafsil ma’lumot beriladi.

**Ishtirokchilar va Ligalar Reytingi**

Elit Osiyo Chempionlar Ligasining G‘arb mintaqasida jami 16 ta klub ishtirok etadi. Bu klublar olti mamlakatdan – Saudiya Arabistoni (5 jamoa), BAA (3), Qatar (3), Eron (2), O‘zbekiston (2) va Iroq (1) vakillaridir. Jamoalar reyting bo‘yicha tartibda joylashtirilgan, chunki bu qur’ada muhim ahamiyatga ega.

Jamoalar 4 savatga ajratilgan. Har bir jamoa har bir savatdan ikkitadan jamoaga qarshi maydonga tushadi. Biri bilan uyda, ikkinchisi bilan safarda. Shu bilan birga, qo‘shimcha talablar ham mavjud. Birinchidan, bir mamlakat klublari bir-biri bilan o‘ynamaydi.

Mana shu 4 savatdagi jamoalar qur’a asosida 4 yo‘lakka ajratiladi. Har bir jamoa bir yo‘lakdagi jamoalar bilan uyda, yana bir yo‘lakdagi jamoalar bilan safarda o‘ynaydi. Jamoa o‘z yo‘lagidagi, shuningdek, yana bir yo‘lakdagi jamoalarga qarshi o‘ynamaydi.

**Yo‘laklar**

Yo‘laklar qur’a asosida aniqlanadi va ularning shakllanishi bo‘yicha ham ba’zi cheklovlar bor. OFK taqvimdagi muvozanatni saqlash va jamoalarga nisbatan teng kuchli raqiblar tushishini ta’minlash maqsadida, ligalar reytingiga qarab yo‘laklarni ham ajratishga qaror qildi. Ya’ni, reyting bo‘yicha 1-, 4- va 6-o‘rindagi mamlakat klublari alohida, 2-, 3- va 5-o‘rindagi mamlakat klublari boshqa yo‘lakdan o‘rin olishlari belgilandi. Bu degani, Saudiya Arabistoni, Eron va Iroq klublari bir yo‘lakda, Qatar, BAA va O‘zbekiston klublari boshqa yo‘lakdan joy olishadi. Bu shuni anglatadiki, istalgan bir klub yo faqat Saudiya Arabistoni, Eron va Iroq jamoalariga qarshi o‘ynaydi yoki faqat Qatar, BAA va O‘zbekiston klublariga qarshi o‘ynaydi. Aynan mana shu faktor O‘zbekiston klublari qarshi to‘p suradigan raqiblarni deyarli aniq qilib qo‘ymoqda.

**Qur’a**

Yuqorida taqdim qilingan 4 savatcha qur’a asosida A, B, C va D yo‘laklariga ajratiladi. Avval 1-savatchadagilar 4 yo‘lakka terib chiqiladi.

Endi esa 2-savatchadan har bir yo‘lak uchun bittadan jamoa joylashtiriladi. Mana shu bosqichda yuqoridagi cheklovlar ishga tushadi. 2-savatchada "An-Nassr" (Saudiya Arabistoni), "Neftchi", "Al-Quva" (Iroq) va "Shabab Al-Ahli" (BAA) jamoalari bor edi. "An-Nassr"ni joylashtirib ko‘ramiz. Saudiya Arabistoni klubi yuqorida aytilganidek, Qatar va BAA klublari bilan bir yo‘lakda bo‘lishi mumkin emas. Demak, "An-Nassr" faqat "Istiqlol" va "Al-Ahli" yo‘lagiga tushishi mumkin. Xuddi shu shaklda, masalan, "Neftchi" faqat "As-Sadd" yoki "Al-Ayn" joylashgan yo‘lakka borib tushishi mumkin.

Xuddi shunday mantiq bilan davom etsak, yakunda quyidagicha yo‘laklar hosil bo‘lishi mumkin.

Albatta, qur’ada sal boshqacha bo‘lishi, masalan, "Al-Qodisiya" va "Al-Ittihod", "Al-G‘arafa" va "Al-Vasl" o‘rin almashishi, yoki "Paxtakor" va "Neftchi" ham ayni yo‘lakdan joy olishi mumkin. Ammo aynan raqiblar kim bo‘lishi nuqtayi nazaridan hech narsa o‘zgarmaydi. Yuqoridagi jadvaldagi B va D yo‘lakdagilar o‘zbek klublariga raqib bo‘ladi. Bu yo‘lakdagi jamoalar o‘zaro o‘rin almashishi mumkin bo‘lsa-da, biz har ikki yo‘lak bilan o‘ynashimizni e’tiborga olsak, faqat kim bilan uyda, kim bilan safarda o‘ynashimiz hozircha noaniq xolos. Misol uchun A yo‘lak B bilan uyda, D bilan safarda o‘ynaydi, C yo‘lak aksincha, B bilan safarda, D bilan uyda kuch sinashadi.

Demak, ham "Neftchi", ham "Paxtakor"ga quyidagi jamoalar raqib bo‘lishi aniq:

* "Al-Ahli" (Saudiya Arabistoni)

* "Istiqlol" (Eron)

* "Al-Quva" (Iroq)

* "An-Nassr" (Saudiya Arabistoni)

* "Al-Hilol" (Saudiya Arabistoni)

* "Traktor" (Eron)

* "Al-Qodisiya" (Saudiya Arabistoni)

* "Al-Ittihod" (Saudiya Arabistoni)

O‘zbek klublari Saudiya Arabistonining beshala jamoasi bilan, shuningdek, Eron va Iroq klublariga qarshi maydonga tushadi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, OFK go‘yoki raqiblarni tenglashtirish yo‘lida qilgan harakati biroz pand berdi. Reytingda 2 va 3-o‘rinda borayotgan BAA va Qatar jamoalari tinmay Saudiya grandlariga qarshi o‘ynasa, Iroqning "Al-Quva" klubi umuman saudiyaliklarga qarshi o‘ynamaydi. O‘zbek klublarining 8 raqibidan 5 tasi aynan Saudiya Arabistoni klublari bo‘lgani biroz adolatsiz. Shunchaki, bir davlat klublari o‘zaro raqib bo‘lmasligini qayd etgan holda, boshqa faktorlarning aralashmasligi qiziqroq va muvozanatliroq bo‘lar edi, nazarimda.

**Ronaldu O‘zbekistonga keladimi?**

"Neftchi" va "Paxtakor" turnirda "An-Nassr"ga qarshi o‘ynashi aniq, lekin bu o‘yinlar qayerda o‘tkazilishi aynan 18-avgust kunidagi qur’ada aniqlanadi. Agar "Neftchi" va "Paxtakor" turli yo‘laklardan o‘rin olsa, "An-Nassr" biri bilan uyda, ikkinchi jamoamiz bilan safarda o‘ynaydi. Ya’ni omadga qarab, Ronalduning jamoasi Farg‘onaga kelib, "Paxtakor" bilan uyda o‘ynashi yoki "Neftchi" bilan uyda o‘ynab, Toshkentga tashrif buyurishi mumkin. Mabodo jamoalarimiz bir yo‘lakdan o‘rin olishsa ham ikki variant bor. Krishtianu ham Toshkentga, ham Farg‘onaga tashrif buyurishi yoki "An-Nassr" har ikki jamoani ham uyda qabul qilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.