Ronaldu oʻrniga Ramush gol urmoqda, Irlandiya-Isroil oʻyinida yana mojaro
Jahon chempionatida shov-shuv koʻtargan Norvegiya ketma-ket uch bor yutqazib, soʻnggi oʻringa tushib ketdi, Erling Holand Portugaliyaga qarshi oʻyinni yakunlay olmadi; startdagi toʻrt oʻyinda faqat bir gʻalabaga erishgan Klopp Germaniyasi ham guruhda qolib ketishi mumkin.

Ronaldu oʻrniga Ramush gol urmoqda, Irlandiya-Isroil oʻyinida yana mojaro
Portugaliya – Norvegiya 2:1
Ayer, 36 (0:1). Joau Kanselu, 38 (1:1). Ramush, 79 (2:1)
Portugaliya Norvegiya ustidan ikkinchi oʻzaro uchrashuvda ham 2:1 hisobida ustun keldi. Skandinavlar bosh murabbiyi Stole Solbakken avvalgi bahslarda yoʻl qoʻyilgan qoʻpol xatolar sabab darvozabon Nyulandni almashtirgandi, biroq bu ham natija bermadi. Aslida Norvegiya Martin Edegorning uzatmasi va Ayerning toʻp uchun kurashda gʻolib chiqib, fantastik zarba yoʻllashi evaziga hisobda oldinga chiqqandi, ammo portugallar kambek qilishdi. Hisob ochilganidan ikki daqiqa oʻtib Jorje Jezush shogirdlari aut tashlashidan foydalanib raqibni hayratda qoldirishdi: Mendesh toʻpni jarima maydoni ichiga emas, tashqarida turgan Joau Kanseluga uzatdi, u esa uni darvozaning toʻqqizligiga aniq yoʻnaltirdi.
Norvegiyaliklarda ikkinchi boʻlimda hisobda oldinga chiqish uchun yaxshi imkoniyat paydo boʻlgandi, ammo Erling Holand Ruben Diash bilan kurashda ustun kelganidan keyin yoʻllagan zarbasi darvoza oraligʻiga tushmadi. U ikkinchi boʻlim davomida kuchli charchoq sezdi va almashtirilishini soʻradi.
Portugaliya esa oʻz imkoniyatidan foydalandi: 79-daqiqada Vitinya toʻpni jarima maydonida oʻzini taklif qilgan Joau Felishga yetkazdi, u esa bir teginishda uni qulayroq holatda turgan Gonsalu Ramushga uzatdi va Ronaldu oʻrniga asosiy hujumchiga aylangan futbolchi hujumni ajoyib yakunladi. Statistikaga koʻra, ushbu futbolchi gol urganda Portugaliya gʻalaba qozonishi kafolatlangan (11 tadan 11 ta).
Oʻyin oxirida hakam ikki darvozaga ham bittadan penalti belgilamadi, Fransishku Konseysau esa hakam bilan tortishgani uchun bir daqiqa ichida ikki marta sariq kartochka olib maydonni tark etdi. Biroq Norvegiya qolgan daqiqalarda son jihatdan ustunlikdan foydalana olmadi va guruhda soʻnggi oʻringa tushib ketdi. Portugaliya Jorje Jezush boshqaruvidagi toʻrtinchi oʻyinida ham gʻalaba qozondi, shundan uchtasida Krishtianu Ronalduning xizmatlariga ehtiyoj sezilmadi.

