Ronaldu “An-Nassr”ni tark etishi mumkin — OAV

Ronaldu “An-Nassr”ni tark etishi mumkin — OAV
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu qishki transferlar oynasi paytida Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubidan ketishi ehtimoli bor.
“Ronaldu hozirda ‘An-Nassr’da hech qanday muhim rol o‘ynamayapti. Qishki transferlar vaqtida xuddi Karim Benzema bilan bo‘lgani kabi u ham jamoani tark etishini istisno qilmayman, ammo bu jarayon faqat uning xohishi bilan amalga oshadi. Krishtianu o‘z imkoniyatlarini sarflab bo‘lgan futbolchiga aylandi va ‘An-Nassr’ga endi hech narsa bera olmaydi. Shu sababli u ketishi kerak”, deydi al-Saramin.
Hujumchi 2025-yilda klub bilan 2026/27-yilgi mavsum oxirigacha amal qiladigan yangi shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, u qishda jamoani erkin agent sifatida tark etish yo‘llarini izlamoqda.
Futbolchining jamoadan ketishi haqidagi gap-so‘zlar “An-Nassr” Elit Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida BAAning “Al-Ayn” klubiga 0:4 hisobida og‘ir mag‘lub bo‘lganidan keyin yanada kuchaydi. Bu Ronaldu uchun Yaqin Sharqqa ko‘chib o‘tganidan beri qabul qilib olingan eng yirik mag‘lubiyat hisoblanadi. Umuman olganda, Ar-Riyod klubi barcha musobaqalar doirasidagi so‘nggi to‘rtta o‘yinning faqat bittasida g‘alaba qozongan.
Aslida futbolchi va klub o‘rtasidagi tushunmovchiliklar yozda boshlangan edi. O‘tgan mavsumda sermahsul o‘yin ko‘rsatib, chempionatda 28 ta gol urgan Ronaldu yozgi transferlar vaqtida jamoa tarkibi yetarli darajada kuchaytirilmaganidan norozi bo‘lgan. Moliyaviy qiyinchiliklarni sabab qilib ko‘rsatgan klub esa faqat bitta xaridni amalga oshirdi — Samu Koshta.
Ma’lumot uchun, 2022-yil dekabridan buyon “An-Nassr” safida o‘ynab kelayotgan Ronaldu bungacha “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real” va “Yuventus” klublarida to‘p surgan, shuningdek, terma jamoasi bilan Yevropa chempionati va Millatlar Ligasi g‘olibiga aylangan.

