Ronaldu ajrashgan taqdirda Jorjinaga umrbod oyiga 100 ming yevrodan to‘laydi — Marca

**Ronaldu ajrashsa, Jorjinaga umrbod oyiga 100 ming yevro to‘laydi – Marca xabari**
Portugaliya terma jamoasi va “An-Nassr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodriges bilan ajrashgan taqdirda, unga umrbod har oy 100 ming yevro miqdorida nafaqa to‘laydi. Bu haqda Marca nashri xabar berdi va bu shart juftlik o‘rtasida tuzilgan nikoh shartnomasida belgilanganini ta’kidladi.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, agar munosabatlar yakuniga yetsa, Jorjina Madridning nufuzli La-Finka turar-joy majmuasida joylashgan, bozor qiymati bir necha million yevroga baholanadigan hashamatli saroyga ham egalik qiladi.
Ta’kidlanishicha, Ronaldu va Jorjinaning asosiy maqsadi ajrashish yuz bergan taqdirda farzandlarining farovonligini ta’minlashdan iborat. Ular nikoh shartnomasini tuzish orqali bolalarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va shaxsiy hayot daxlsizligini buzishi mumkin bo‘lgan uzoq davom etuvchi huquqiy nizolarning oldini olishni istagan.
Ushbu kelishuvda Jorjina nafaqat manfaatdor tomon, balki oilaviy hayotga beqiyos hissa qo‘shayotgan hamkor sifatida ham qayd etilgan.
Mazkur hujjat 2017-yilda, Jorjina ularning katta qizi Alana Martinaga homilador bo‘lgan vaqtda imzolangan. Hujjatni tayyorlash uchun Ronalduning sobiq agenti Xorxe Mendesh mas’ul bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Ronaldu va Rodriges 11-avgust kuni Portugaliyaning Kashkaysh shahrida turmush qurgan. Ular 2016-yilda Madridda tanishgan. O‘shanda Jorjina Gucci do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlagan. Bugungi kunga kelib juftlikning Alana Martina va Bella Esmeralda ismli ikki qizi bor. Umuman olganda, ular besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. Yana uch nafar farzand — kichik Krishtianu hamda egizaklar Mateo va Yeva surrogat onalardan dunyoga kelgan.

