“Roli orqali Chingiz Aytmatovni yig‘latgan”. Aktrisa Yodgora Ziyamuhamedova — hamkasblari xotirasida
Gazeta marhuma, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yodgora Ziyamuhamedovaning hamkasblari — Farida Umarova, Bahodir Nishonov va Shuhrat Ibragimovdan o‘z xotiralari bilan bo‘lishishni so‘radi. 'Katta orzularidan biri bolalar uchun haqiqiy mo‘jizalar olamiga aylanadigan teatr bo‘lishini ko‘rish edi', — dedi ular.

“Roli orqali Chingiz Aytmatovni yig‘latgan”. Aktrisa Yodgora Ziyamuhamedova — hamkasblari xotirasida
17-sentabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr, kino va dublyaj aktrisasi Yodgora Ziyamuhamedova 74 yoshida olamdan o‘tdi.
U 52 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida samarali ijod qilib, sahnada qariyb 100 ta turli obrazni yaratdi. Shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan “Oqshom ertaklari” ko‘rsatuvini 25 yil davomida olib bordi.
Yodgora opamni institutda o‘qib yurgan paytimdan bilardim. 1973-yili o‘qishga kirganimda, u kishi bitiruvchi kursda edi. Kursdoshlari bilan “Kechikkan sevgi” nomli diplom spektaklini sahnalashtirgan ekan. O‘shanda Yodgora opani ilk bor ko‘rganman. 1987-yildan esa bir teatrda ishlay boshladik. Jamoaga tez singib ketishimga ham u kishi yaqindan yordam bergan.
Uzoq yillar bir sahnada ijod qildik. “Otalar so‘zi”, “Taqdirlar”, “Iqror” kabi telenovellalarda birga rollar ijro etdik. Bundan tashqari, dam olish maskanlari va paxta dalalariga, Madaniyat vazirligi tashkil etgan turli ijodiy uchrashuvlarga ham ko‘p borardik. Yurtimizning deyarli barcha hududlarida birga bo‘lganmiz. Ikkimizni hamisha birga jo‘natishardi, ko‘pincha bitta xonada turardik.
Unda insoniylik, mehr va saxovat nihoyatda kuchli edi. Hech qachon odamlarni kasbi yoki mavqeiga qarab ajratmasdi. Xoh san’at vakili bo‘lsin, xoh boshqa kasb egasi — hammaga bir xil muomala qilardi, hatto begonalarning ham dardiga quloq tutardi. Ko‘cha supurib yurgan insonlar bilan ham samimiy suhbatlashib, hol-ahvol so‘rardi. Bozorga borsak ham, sotuvchilar bilan narx talashmasdi. “Menga arzon bermang, el qatori olaman” derdi. Juda bolajon edi, bolalarni o‘z nabirasidek erkalab, mehr ko‘rsatardi.
Yodgora opam hayotida juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Turmush o‘rtog‘i, teatrimizning yetakchi aktyori Shuhrat Ziyamuhamedov 38 yoshida vafot etganida, farzandlari Fotima va Zuhra, o‘g‘li Tohir juda kichik edi. Shunday og‘ir sharoitda bolalarini o‘z mehnati bilan katta qildi, o‘qitdi. Egizak qizlarini “Bulbulcha” bolalar ansambliga berib, san’atga qiziqtirdi. Hatto Fotima va Zuhra onasiga yordam berish uchun moshxo‘rda, mastava tayyorlab, sotganlarini ham bilaman. Oila ana shunday qiyinchiliklarni boshidan kechirgan.
U kishi doimo teatr uchun jon kuydirardi. O‘zi uchun hech narsa so‘ramasdi. “Menga sharoit qilib beringlar” deb, oilaviy qiyinchiliklarini ro‘kach qilib yordam so‘rab yuradigan inson emasdi. Aksincha, butun umrini teatr san’atiga bag‘ishladi. Teatrdagi maoshi 4 million so‘m atrofida edi. Shunga qaramay, “Teatr maoshining barakasi bor” deb, qanoat qilardi. Yaqinda teatrimizda kategoriyasi oshganini eshitib, juda quvongandi. “Shuncha yil sabr qildik, yanvar oyidan oshsa ajab emas” degandi. Afsuski, bu kunlar unga nasib etmadi.
Yodgora opaning eng katta orzularidan biri O‘zbekiston bolalari uchun haqiqiy mo‘jizalar olamiga aylangan teatrni ko‘rish edi. “Qani endi bolalar kelganda ko‘zlari quvonadigan, foyesi katta, aktyorlar uchun yaxshi grimxonalari bor, sahnalari aylanadigan, shtanketlari tushib-chiqadigan, pardalari chiroyli ochilib-yopiladigan teatr bo‘lsa. Bolalar kirganda ko‘zini qamashtiradigan gullar, qushlar, mo‘jizalar bo‘lsa, „Voy!“ deb hayratlanib, „Mana, bizning teatrimiz“ deb faxrlanadigan joy bo‘lsa” deya ko‘p gapirardi. Bu orzusini qayerga borsa ham takrorlar, “Bilmayman, bu orzu amalga oshadimi yoki armon bo‘lib qoladimi”, derdi. U kishining so‘nggi gaplaridan biri ham shu orzu edi.
Oxirgi paytlarda salomatligi bilan bog‘liq ayrim shikoyatlari ham bor edi. “Pari, yuragim nimagadir g‘alati bo‘lyapti, hovliqib, hapriqib ketyapti, xuddi qinidan chiqib ketadigandek” deb gapirardi. Ba’zan yo‘talardi. “Nimaga yo‘talyapsiz?” desam, “Allergiya, shekilli, bilmayman, changdanmi… Shu yo‘tal tushsa, tomog‘im qichishib, to‘xtamaydi. Bir to‘xtasa, to‘xtaydi” derdi. Ammo og‘ir kasal bo‘lib, yotib qoladigan holatda emasdi. Uch kun ichida shunday voqealar bo‘lib ketdi. Oxirati obod bo‘lsin!
Yodgorani 70-yillardan beri, institutda o‘qigan davrimizdan tanirdim. Bitta teatrda 52 yil birga ishladik. U juda ajoyib va to‘g‘ri inson, kuchli va xarakterli aktrisa edi.
Yodgora hayoti davomida juda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rdi: yetimlikni, ochlikni, yetishmovchilikni boshidan kechirdi. Otasi erta vafot etgan, xuddi onasi singari o‘zi ham uch farzandini katta qilib, o‘qitdi. Shu sababli har doim ota-onasi bor insonlarga havas qilardi. Biz bir muddat qo‘shni ham bo‘lib yashaganmiz. O‘shanda u “Bahodir aka, sizlar qanday baxtli insonsizlar. Ota-onangiz bor, men otamni ko‘rmaganman, biror marta „dada“ deb aytmaganman” derdi. Yodgora bir umr “ota” degan so‘zni ayta olmaganidan armonda yurganini ko‘p ta’kidlardi.
U qiyinchiliklarda ulg‘aygan bo‘lsa-da, to‘g‘ri inson bo‘lib qoldi. Teatrda ham rol tanlamasdi: katta yoki kichik obraz bo‘lishidan qat’i nazar, berilgan rolni yaxshi o‘ynardi. “Qizil shapkacha”, “Chiranchoq quyoncha” kabi spektakllarda birga o‘ynaganmiz. Lekin, mening nazarimda, uning eng kuchli va esda qolarli roli Chingiz Aytmatovning “Oq kema” spektaklidagi Nurg‘ozi obrazi bo‘lgan. Men ham o‘sha spektaklda Qulbek rolini ijro qilganman.
Esimda, 1982-yil “Oq kema” premerasiga Chingiz Aytmatovning o‘zi rafiqasi bilan birga kelgan. Premera soat 14:00 ga belgilangan, ammo samolyot vaqtida uchmagani bois spektakl kechki soat 19:00 da boshlangan. Biz qariyb besh soat kutganmiz. Eng qizig‘i, birorta tomoshabin ham ketib qolmagan, hamma Chingiz Aytmatovni kutib o‘tirgan. O‘sha kuni vazirlik vakillari, yozuvchilar, shoirlar, tanqidchilar — ko‘plab taniqli insonlar ham tashrif buyurgan.
Spektakldan so‘ng Chingiz Aytmatov juda yaxshi fikrlar bildirgan. “O‘zbeklar, biz qondoshmiz, yondoshmiz. Men juda xursandman o‘zbeklar asarimni sahnalashtirganidan” degan iliq so‘zlarni aytgan. Spektakl davomida juda ta’sirlangani, hatto yig‘laganini ham bildirgan. Ayniqsa, Yodgoraning Nurg‘ozi obrazini alohida tilga olgandi. “Nurg‘ozi rolini singlimiz juda ta’sirli o‘ynadi, men hatto yig‘ladim” degandi. Haqiqatan ham u Nurg‘ozini juda zo‘r ijro etgan.
Yodgoraning eng katta orzularidan biri — teatrimizning bir asrlik to‘yini ko‘rish edi. “Bahodir aka, 100 yillik yubileygacha yetish nasib qilsin, birligimiz yo‘qolmasin” deb ko‘p aytardi. Men, Shamsiqamar Mansurova, Yodgora, Farida Umarova, Hakima Otaxonova, Venera Safyanova kabi teatrdagi katta avlod vakillarining ahil bo‘lishi ham uning uchun juda muhim edi. Uch yildan so‘ng, ya’ni 2028-yilda teatrimizning 100 yillik yubileyi nishonlanadi. Yodgora shu kunlarni ko‘rishni juda xohlardi. Afsuski, bu orzusiga yeta olmadi.
Ko‘plab bolalar singari men ham kichikligimdan Yodgora opaning “Oqshom ertaklari”ni olib borganini ko‘rib ulg‘ayganman. Yillar o‘tib, u kishi bilan bir teatrda ijod qilish nasib etdi. O‘n yildan ortiq birga faoliyat yuritdik. Shu vaqt davomida ona-boladek bo‘lib qolgandik. U meni “bolam” derdi, men esa “onam” deb murojaat qilardim.
O‘tgan davr mobaynida “Jadidlar. So‘nggi kunlar”, “Barhayot chinor”, “Qizil qalpoqcha” singari bir qancha spektakllarda birga ishladik. U kishi har bir spektaklda o‘ziga xos obrazlarni maromiga yetkazib ijro etardi. Ayniqsa, “Qizil qalpoqcha”da juda yaxshi rol o‘ynagan.
Yodgora opa bilan ishlash jarayonida hech qachon kelishmovchilik bo‘lmagan. U meni hamisha qo‘llab-quvvatlar, yaxshi so‘zlar aytardi. “Omad, omad, bolajonim” deb, ruhlantirardi. Menga nisbatan munosabati juda samimiy va boshqacha edi.
Ammo so‘nggi paytlarda ular bilan yetarlicha gaplashmaganimdan afsuslanaman. So‘nggi marta 13 yoki 14-sentabr kuni ko‘rishgandik. Ba’zan inson yonida turgan odamning qanday holatda ekanini, unga nimadir yetishmayotganini sezmay qolarkan. Bu mening katta afsuslarimdan biri bo‘lib qoldi.
Inson kim bilan muloqot qilmasin, u bilan xuddi oxirgi marta suhbatlashayotgandek gaplashishi kerak ekan.
Har bir muloqotga shunday munosabatda bo‘lish kerak ekan.
Yodgora opa bilan o‘tkazgan o‘n yildan ortiq vaqt men uchun juda qadrli. U kishini onamdek ko‘rdim, meni o‘z farzandidek yaxshi ko‘rdi va hurmat qildi.

