Rimda ishchining o‘limi sabab Kolizey yopib qo‘yildi

Rimda ishchining o‘limi ortidan Kolizey yopildi
Rimdagi Kolizey obidasi 23-sentyabr kuni sayyohlar uchun yopildi. Bunga yangi yoritish tizimini o‘rnatish bilan shug‘ullangan 22 yoshli Andrea Morettining balandlikdan yiqilib halok bo‘lgani sabab bo‘ldi.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni yuz bergan voqeadan chuqur qayg‘uda ekanini aytdi. U hodisa sabablari imkon qadar tezroq aniqlanishiga umid bildirdi.
“Andrea Morettining fojiali o‘limi haqidagi xabar barchamizni larzaga soldi. 22 yoshli insonning vafot etishi, ayniqsa bu ish joyida yuz berishi qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir”, dedi Meloni.
Madaniyat vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, avvaliga baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan ikkinchi qavat sektori vaqtincha yopilgan. Barcha tashrif buyuruvchilar tashqariga chiqarilgach, tarixiy obida bir kunga to‘liq yopilgan. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari fojia tafsilotlarini tekshirmoqda.
Kolizey dunyodagi eng katta qadimiy amfiteatr hisoblanadi. Bu obida I asrda Rim imperiyasi davrida qurilgan. Unda gladiatorlar janglari va turli tomoshalar o‘tkazilgan.
Bu tarixiy maskan Rimning eng mashhur ramzlaridan biri bo‘lib, gavjum kunlarda bu yerga kuniga 20 minggacha sayyoh keladi.

