Dunyo

“RIA Novosti” Litvani ham “maxsus harbiy operatsiya” kutayotgani haqida maqola chiqardi. Keyin uni o‘chirib tashladi

“RIA Novosti” Litvani ham “maxsus harbiy operatsiya” kutayotgani haqida maqola e’lon qildi, keyin uni o‘chirib tashladi

“RIA Novosti” axborot agentligi “Rossiyani yana bir maxsus harbiy operatsiya kutmoqda. U juda qisqa davom etadi” sarlavhali materialni chop etib, unda Litvaga yadroviy zarba berish bilan tahdid qildi.

Maqola agentlikning shtatdan tashqari muallifi Aleksandr Nosovich tomonidan yozilgan. U Litva parlamentining mamlakatda yadro qurolini joylashtirishni taqiqlashdan voz kechishni qo‘llab-quvvatlash haqidagi qaroriga javoban shu matnni tayyorlagan. Bir necha soatdan keyin material “RIA Novosti”dan olib tashlandi, chunki u “Tahririyat fikriga, tahririyat siyosatiga va Rossiya Federatsiyasi davlat siyosatiga mos kelmaydi”, deb topilgan. Shunga qaramay, maqola nusxasi veb arxivda saqlanib qolgan.

Nosovich o‘chirilgan maqolasida Yevropa davlatlari Rossiya chegaralariga noan’anaviy qurollarni joylashtirish masalasini faol ko‘tarishda davom etayotgani va yadro quroli omboriga aylanishga rozi bo‘lgan davlatni tanlaganini yozgan.

Muallif, jumladan, Litvani miyasi yo‘q, o‘zini o‘zi halokatga boshlayotgan davlat, Rossiyaning yaqin xorijdagi kichik, ammo mag‘rur kamikadzesi deb atagan. U Litvani Ukraina bilan qiyoslab, mamlakatga bostirib kirish va yadroviy zarba berish bilan tahdid qilgan.

Gap qanday vositalardan foydalanish mumkinligi haqida ketmoqda. Raqiblarimiz yadro tahdidi haqida birinchi bo‘lib gap ochgan ekan, Rossiya hatto quruqlikdagi qo‘shinlarini kiritishdan voz kechishi mumkin. Buning uchun tegishli jangovar kallak bilan jihozlangan raketalarning o‘zi kifoya. Qaror shunchaki tez emas, chaqmoqdek tez amalga oshiriladi, deyiladi maqolada.

Nosovich “Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash” nodavlat tashkiloti a’zosi bo‘lib, Kaliningradda joylashgan “RuBaltic.Ru” nashrining bosh muharriridir. “Dosye” tergov markazi 2020-yilda Nosovichni Rossiya prezidenti ma’muriyati va Tashqi razvedka xizmati xodimlari nazorat qiladigan ta’sir o‘tkazish tizimi bilan bog‘lagan.

Bu Rossiyadan turib Litvaga qarshi bildirilayotgan ilk tahdid emas. 12-sentyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Litvani dunyo xaritasidan yo‘q qilish bilan tahdid qilgandi. Litva o‘z hududiga yadro qurolini joylashtirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilmoqchi. Medvedevning bayonoti mazkur xabarlar ortidan yangragan. U agar Rossiya Litvaga zarba bersa, uning NATOdagi ittifoqchilari alyans nizomining Kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi beshinchi moddasini amalda qo‘llamasligini aytgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.