Mahalliy

Reportaj: Qizamiqqa chalingan bolalar yaqinlari SSV oldida nima uchun yig‘ildi?

Toshkentda SSPE (qizamiq asorati) bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari SSV oldida to‘planib, hukumatdan zarur dorilar, tibbiy yordam va moddiy yordam so‘radi. Kasallikka, asosan, 2019-yilda tug‘ilgan bolalar chalingani aytilmoqda. Gazeta voqea joyida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Videoreportaj.

Reportaj: Qizamiqqa chalingan bolalar yaqinlari nega SSV binosi oldida to‘plandi?

9-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldiga respublikaning turli hududlaridan kelgan bir guruh fuqarolar yig‘ildi. Ular orasida kamyob va o‘ta og‘ir kasallik sanaladigan SSPE (Subacute Sclerosing Panencephalitis, nimo‘tkir sklerozlanuvchi panensefalit, qizamiq) bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari ham bor edi. Ular hukumatdan zarur dori-darmonlar, tibbiy yordam va moddiy ko‘mak ajratilishini so‘ramoqda.

SSPE — qizamiq virusining og‘ir asorati bo‘lib, odatda virus bilan kasallangandan bir necha yil o‘tib bosh miya hujayralarini shikastlay boshlaydi. Kasallik belgilari qizamiqdan keyin darhol emas, odatda 2 yildan 10 yilgacha vaqt o‘tgach namoyon bo‘ladi. Shu davr mobaynida virus bosh miya to‘qimalarida “yashirin” holatda saqlanib, mutatsiyaga uchraydi va qayta faollashadi.

Kasallik asosan 2 yoshgacha bo‘lgan davrda qizamiq bilan og‘rigan bolalarda ko‘proq uchraydi. Go‘daklikda qizamiqni boshdan kechirgan bolalarda SSPE rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi.

Ota-onalardan birining aytishicha, hozir O‘zbekistonda SSPE bilan kasallangan bolalar soni 350 nafarga yaqin. 60 nafarga yaqin bola esa vafot etgan. Xususan, Namangan viloyatining o‘zida yil boshidan buyon 8 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. Bu kasallik, asosan, 2019-yilda tug‘ilgan va qizamiq virusiga chalingan bolalarda kuzatilmoqda.

“Bunda asosiy nuqta shuki, agar bola tug‘ilib, hozirgi kunda ham ikki yoshgacha qizamiq virusiga chalinadigan bo‘lsa, u tuzalgandan keyin yillar o‘tib, uning asorati, ushbu SSPE kasalligi uchrash ehtimoli 100 baravarga oshib ketadi. Bu kasallik o‘zi aslida juda noyob kasallik hisoblanadi. Ya’ni qizamiq virusiga uchragan 1 millionta boladan 12 tadan 34 tagacha bola kasallanishi kerak. Lekin bizda mana birgina 2019-yilda tug‘ilgan 270 ta, 230 ga yaqin bola ushbu kasallikka chalingan. Sog‘liqni saqlash statistikasi, qizamiqqa chalinish statistikasi noto‘g‘ri”, — dedi bolasi kasallikka chalingan otalardan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qizamiq virusi COVID`dan keyin mutatsiyaga uchragan va yovvoyi shtammi tasdiqlangan.

“Qizamiq virusiga biz ham chalinganmiz oldinlari, deb chiqadiganlar bor. Hozirgi kunda bu qizamiq virusi COVID`dan keyin mutatsiyaga uchragan, ya’ni yovvoyi shtampi tasdiqlangan. Buni O‘zbekiston Virusologiya instituti tasdiqlagan. Shuning uchun bu qaytalanyapti. 2019-yildan oldin, 2010-yil, 80−70-yillarda tug‘ilganlarda bo‘lmaydi bu kasallik. Bu 2019-yildan keyin COVID asorati bilan, u bilan mutatsiya bo‘lgani uchun bu qizamiq virusi juda ham xavfli virusga aylanib ketdi”, — dedi u.

“Birinchi farzandim, 2023-yil sog‘lom tug‘ilgan. Ikki oyligida qizamiq kasalligiga chalinib, to‘rt oy oldin boshi ketish, o‘zidan o‘zi yiqilib tushish asoratlari bilan panensefalit diagnozi qo‘yildi Milliy markazda. Hozir sog‘liqni saqlash vazirimiz bilan gaplashdik. Xudo xohlasa, muammolarni hal qilib beraman deb shaxsan o‘zi va’da berdi”, — dedi yana bir ota.

Ota-onalarning ta’kidlashicha, xastalik tez rivojlanayotgani sababli bolalarga doimiy, qimmat simptomatik va virusga qarshi terapiya kerak. Biroq zarur preparatlarni xorijdan olib kelish va ular bilan uzluksiz ta’minlashda muammolar yuzaga kelmoqda.

“Hozirgi kungacha bir 70−80 ming dollar ketdi umumiy. Chunki har bitta dorisi 7−8 mln so‘m, chet eldan shifokorlarni olib kelish, uni olib borish, har bitta shifokorga ko‘rsatish, bu juda ham katta mablag‘ talab qiladi”, — deydi ulardan biri.

“Bu kasallik kundan kun ko‘payib ketyapti. Lekin bunga hech kim e’tibor bermayapti. Mana, masalan, meni bolamga to‘rt yil bo‘ldi bu kasallik bilan kurashib kelayotganiga. Ba’zi oilalar bu kasallikdan moddiy tomonlama qiynalgani, charchagani uchun buzilib ketyapti. Masalan, chet ellarda xo‘jayinim ishlab, mana shu bolani davolatish uchun musofir yurtlarda qiynalib yuribdi, oilasini tashlab. Bu kasallikni hech kimga ravo ko‘rmayman. Juda og‘ir kasal. Avvalgi vazirlar ham shunchalar va’dalar bergan, lekin dorilarimizni ta’minlab berdi-yu, lekin moddiy tomonlama, chet eldan professor, doktorlar olib kelib berishmadi bizga”, — dedi ota-onalardan biri.

“Bolam 2019-yil sog‘lom dunyoga kelgan va yaxshi rivojlanib kelayotgandi, keyin uch oyligida qizamiq chiqdi. Yillar o‘tdi, bola tuzalib ketdi, yana yillar o‘tdi-da, bola o‘zidan o‘zi yiqilishni boshladi. Bu kasalning hech kim davosini, tashxisini qo‘ya olmadi. Yetti oygacha tashxis qo‘ya olmadi. Toshkentda Milliy tibbiyot markaziga olib keldik. Qizamiq asoratidan bu kasallikning davosi yo‘q, oxiri o‘lim bilan yakun topadi, deb aytishdi. Bu gapni ota-ona eshitishi juda og‘ir. Bolam hozir ancha yaxshi, o‘zgarish bo‘lyapti, ona parvarishida. Bu kasalning davosi yo‘q, bu kasalning oxiri o‘lim, deb doktorlar qarashmadi bizga. Men o‘zim uni uyda yaxshi qarab, parvarish qilib, tabiiy ovqatlar berib boqdim. Bolam 8 kiloga ozib ketgandi, hozir 25 kilo vazn olgan. Bolam komalarga tushib qolgandi. Hech narsani bilmasdi, gapirmasdi, tanimasdi, o‘tira olmasdi ham. Murdadek yotardi. Hozir taniyapti meni, ovqat yeyapti, zondda yeydi, reaksiya bor. Lekin men buni doktorlar davolayapti deb o‘ylamayman. Allohdan kelgan bu mo‘’jiza men uchun. Uni ona biladi, boshiga tushgan odam biladi. Hozir Qibray tumanida Imkon reabilitatsiya markazidan mashg‘ulotlar olyapmiz. Bolamda juda yaxshi o‘zgarish bo‘lyapti. Taniyapti meni, o‘tirishga harakat qilyapti. Allohga shukur, yaxshi”, — deydi yana bir ona.

“Hozirgi kundagi kasallikning elementlarini sezishi bilan Toshkentdagi Milliy tibbiyot markaziga borib, boladan tashxis olib, analizini to‘g‘ri qo‘yib, muolajani boshlasa, bola oyoqqa turib ketadi. SSPE`ga chalingan uchta, uch nafar bola mana hozirgi kunda maktabga boradi”, — dedi bolasi kasallikka chalingan otalardan biri.

Ta’kidlash joizki, Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘sha yerda yig‘ilgan jurnalistlarga vaziyat yuzasidan izoh berishini ma’lum qilgan edi. Biroq oradan bir kun o‘tib, material e’lon qilingan vaqtga qadar vazirlik matbuot xizmati tomonidan hech qanday rasmiy munosabat bildirilmadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.