Reper Macklemore Falastinni qoʻllagani uchun Ed Shiranning gastrolidan chetlashtirildi
Qolgan guruhlar ham birdamlik belgisi sifatida turni tark etishdi.

Reper Macklemore Falastinni qoʻllab-quvvatlagani sabab Ed Shiranning gastrolidan chiqarib yuborildi
Ed Shiran 2026-yil yanvaridan beri oʻzining sakkizinchi «Play» albomi uchun dunyo boʻylab Loop nomli konsert gastrolini davom ettirmoqda. Hozirgacha xonanda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yevropa va AQShdagi bir qator maydonlarda chiqish qilgan.
Tur davomida Shiranga konsert paytida tomoshabinlarni ruhlantirish uchun bir nechta ijrochilar hamrohlik qilmoqda. Ulardan biri — reper Macklemore (asl ismi Ben Haggerti) — 4-sentabr kuni Nyu-Jersida boʻlib oʻtgan konsertda qoʻshiqlar orasida Falastinni qoʻllab qisqa nutq soʻzladi. U sahnada turib, Gʻazo va ishgʻol etilgan Gʻarbiy sohil aholisi ular «unutilmagani»ni bilishini istashini aytdi:
Bu turga borishni xohlaganimning asosiy sabablaridan biri — shunday stadionlarga chiqish va yuragimga juda yaqin va qadrli boʻlgan ikki soʻzni aytish imkoniyatidir: «Falastinga ozodlik!»
Keyingi kuni musiqachi yahudiy tinglovchilarga murojaat qilib, shunday dedi: «Isroil, aparteid va genotsidni tanqid qilish sizga qarshi tanqid emas».
Shundan soʻng, Shiranning AQShdagi turini tashkil qilayotgan Messina Touring Group kompaniyasi konsert maydonlari egalaridan Macklemore ishtirokidagi chiqishga ruxsat bermaslik haqida bildirishnomalar ola boshladi. Shiran konsert berishi rejalashtirilgan Filadelfiya, Boston, Atlanta, Sharlotta, Indianapolis, Dallas va Tampadagi stadionlar vakillari ham bunga qarshi chiqdi.
Natijada Macklemore gastrol tarkibidan chiqarildi, qolgan ijrochilar esa birdamlik belgisi sifatida oʻz ishtiroklarini toʻxtatishdi. Avvaliga irlandiyalik qoʻshiqchi Aaron Rou hamda irlandlarning Beoga nomli guruhi (asosiy konsertda Shiran bilan birga bir necha qoʻshiq ijro etadigan guruh) shunday qarorga kelganini maʼlum qildi. «Irlandlar sifatida biz genotsid, majburiy ocharchilik va shafqatsiz okkupatsiya haqida juda yaxshi bilamiz», – deb yozdi Rou. Shuningdek, daniyaliklarning Lukas Graham guruhi va amerikalik musiqachi, qoʻshiqchi Billi Aylishning akasi boʻlgan Finneas ham gastrolga qoʻshilmaslikni tanladi.
Keyinroq Shiran Macklemore’ni chetlatish haqidagi qaror turning Amerikadagi qismi promouteri Messina Touring Group tomonidan qabul qilinganini aytdi. Shu bilan birga, xonanda «Macklemore’ning oʻz eʼtiqodlarini himoya qilish va bu haqida baland ovozda gapirish qarori»ni hurmat qilishini, biroq «oʻz professional platformasidan siyosiy bayonotlar uchun foydalanmaslik»ni afzal koʻrishini taʼkidladi.

