Rene Gud: Ichki xavfsizlik tergov boshqarmasi (ICE) agenti tomonidan oʻldirilgan AQSh fuqarosining oilasi Tramp maʼmuriyati mulozimlarini sudga berdi
Gudning oilasi advokatlari AQSh rasmiylari Minneapolisda "davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan zoʻravonlik uchun misli koʻrilmagan sharoit" yaratganini aytmoqda.

Rene Gud: Imigratsiya xizmati agenti tomonidan oʻldirilgan AQSh fuqarosining oilasi Tramp maʼmuriyati rasmiylarini sudga berdi
Rene Nikol Gud immigratsiya agentlari tomonidan oʻldirilishidan sal avvalroq Minneapolisga koʻchib oʻtgan edi.
Shu yilning yanvar oyida Minneapolisda immigratsiya agenti tomonidan oʻldirilgan ayolning oilasi AQSh hukumati va Tramp maʼmuriyati aʼzolariga qarshi ikkita daʼvo arizasi kiritayotganini maʼlum qildi.
Rene Gud Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xodimi tomonidan «Metro toʻlqini» (Operation Metro Surge) deb nomlangan, immigrantlar va jinoyatchilarga qarshi qaratilgan shahar miqyosidagi reyd paytida oʻldirilgan.
Daʼvolarning birida hukumat uning oʻlimida ayblanmoqda; daʼvo arizasida ushbu operatsiya «davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan zoʻravonlik uchun misli koʻrilmagan muhit» yaratgani taʼkidlanadi, dedi payshanba kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida oila advokati Antonio Romanuchchi.
Oq uy va Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) hozircha ushbu daʼvolarga munosabat bildirmadi.
Bir necha hafta oʻtgach, Minneapolisning yana bir aholisi Aleks Pretti immigratsiya agentlari tomonidan oʻldirilganidan soʻng, Minnesota shtatidagi ushbu shahardan yuzlab federal agentlar olib chiqib ketildi.
Daʼvo arizalari Gudning sherigi Bekka Gud va uning akasi Brent Ganger tomonidan kiritilgan.
Birinchi daʼvo arizasida hukumat «doʻpposlash, hujum qilish, noqonuniy hibsda saqlash, qasddan ruhiy azob berish va Renening oʻlimiga sabab boʻlgan ehtiyotsizlik»da ayblanmoqda.
Unda Federal daʼvolar toʻgʻrisidagi qonunga (Federal Tort Claims Act) tayanilgan boʻlib, ushbu qonun fuqarolarga federal xodimlarning ehtiyotsizligi oqibatida yetkazilgan jismoniy shikastlanish, oʻlim yoki mulkiy zarar uchun hukumatni sudga berishga ruxsat beradi.
Ikkinchi daʼvo arizasida Gudga qarata oʻq uzgan ICE xodimi Jonatan Ross, shuningdek, Oq uy apparati rahbarining oʻrinbosari Stiven Miller, Ichki xavfsizlik sobiq vaziri Kristi Noem, Oq uyning chegara masalalari boʻyicha rahbari Tom Xoman va boshqalarning ismlari keltirilgan boʻlib, unda «yuqori lavozimli federal amaldorlar, federal immigratsiya organlari agentlari va xususiy shaxslar tomonidan fuqarolik huquqlarini buzish maqsadida til biriktirilgani» daʼvo qilinadi.
Gud 37 yoshli, uch farzandning onasi boʻlib, yaqinda ushbu shaharga koʻchib kelgan edi. U 7 yanvar kuni yoʻl harakati xavfsizligi tekshiruvi vaqtida otib oʻldirilgan. Immigratsiya idoralarining taʼkidlashicha, bu voqea u «terrorchilik harakati» sodir etib, «agentlarni oʻldirishga yoki ularga jismoniy shikast yetkazishga uringanidan» keyin yuz bergan.
Oila aʼzolari va guvohlarning aytishicha, u oʻz mashinasi ichida oʻldirilgan paytda xodimlarga hujum qilishga urinmagan.
Uning oʻlimi butun mamlakat boʻylab norozilik namoyishlariga sabab boʻldi. 24 yanvar kuni Aleks Pretti ham immigratsiya agentlari tomonidan otib oʻldirilganidan keyin namoyishlar yanada kuchaydi.
Seshanba kuni Gudning onasi va akasi Kongressda koʻrsatma berdi.
«U hali ham tirik boʻlishi kerak edi. Men buni yana bir bor aytaman, qizim hali ham tirik boʻlishi kerak edi», — dedi Gudning onasi Donna Ganger qonun chiqaruvchilarga.
«Men roʻyxatdan oʻtgan respublikachiman. Men prezident Trampga ushbu agentlar Amerika Qoʻshma Shtatlari fuqarolarini himoya qilish uchun shu yerda, degan ishonch bilan ovoz bergan edim», — deya davom etdi Ganger.
«Ammo respublikachi boʻlishdan ham koʻra koʻproq men masihiyman. Iso bizni kechirishga oʻrgatadi va men kechirdim, lekin biz talab qilayotgan narsa — bu javobgarlikdir».

