Sport

Rekord transferlar, Manchester klublari uchun katta sinov va Lempardning qaytishi: APL yangi mavsumidan nimalar kutilmoqda?

**Rekord Transferlar, Manchester Klublari Uchun Katta Sinov va Lempardning Qaytishi: APLning Yangi Mavsumidan Nimalar Kutilmoqda?**

Angliya Premyer Ligasining 2026/27-yilgi mavsumi 21-avgust kuni start oladi. Bu mavsum nafaqat chempionlik uchun yuqori o‘rinlardagi kurash, balki quyi o‘rinlar uchun kechadigan shiddatli janglar bilan ham qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. Bir qator top-klublar yangi murabbiylar bilan mavsumni boshlaydi, "Arsenal" esa uzoq tanaffusdan so‘ng amaldagi chempion sifatida o‘z unvonini himoya qiladi.

**"Arsenal" — Asosiy Favorit**

Opta prognozlariga ko‘ra, chempionlik uchun asosiy favorit "Arsenal" hisoblanadi. London klubining chempion bo‘lish ehtimoli 38 foizga baholanmoqda. Mikel Arteta jamoasi o‘tgan mavsumda 22 yillik tanaffusdan so‘ng Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Endi ispaniyalik mutaxassis oldida bu muvaffaqiyatni takrorlash vazifasi turibdi. APL tarixida chempionlikni ketma-ket ikki marta qo‘lga kiritish faqat Aleks Fergyuson ("Manchester Yunayted"), Joze Mourinyo ("Chelsi") va Pep Gvardiolaga ("Manchester Siti") nasib etgan.

"Arsenal" yozgi transferlar vaqtida markaziy yarim himoyani Bruno Gimaraesh bilan kuchaytirdi, hujum chizig‘iga esa "Bryugge"dan Xristos Tzolis qo‘shildi. Jamoa mavsum oldidan "Manchester Siti" ustidan g‘alaba qozonib, Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgani bilan yaxshi sport formasida ekanini ko‘rsatdi. Biroq Arteta uchun jiddiy muammo ham yo‘q emas. Asosiy himoyachi Uilyam Saliba uzoq muddatga safdan chiqqan. Fransiyalik futbolchi kamida yil oxirigacha maydonga tusha olmaydi va uning yo‘qligi londonliklarning himoyasiga ta’sir qilishi kutilmoqda. Shu sababli, uning o‘rnini bosish maqsadida "Aston Villa" hamda Angliya terma jamoasi himoyachisi Ezri Konsani xarid qildi.

**"Manchester Siti" Yangi Davrni Boshlaydi**

"Manchester Siti" 2026/27-yilgi mavsumni Pep Gvardiolasiz boshlaydi. Ispaniyalik mutaxassis klubni 10 yil boshqargan va shu davr mobaynida 20 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Uning o‘rnini Enso Mareska egalladi. Mareska "shaharliklar" uchun begona emas. U avval Gvardiolaning murabbiylar shtabida ishlagan, keyinchalik "Lester"ni Premyer Ligaga olib chiqqan va "Chelsi"da ham bir yarim mavsum faoliyat yuritgan.

Shunga qaramay, yangi murabbiy oldida murakkab vazifa turibdi. Ayni paytda "Manchester Siti" yarimhimoya chizig‘ini qayta shakllantirish bilan band. Klub allaqachon "Nottingem Forest"dan Elliot Andersonni 116 million funt evaziga sotib oldi. Shu bilan birga, jamoaning asosiy tayanch yarimhimoyachisi Rodri 65 million funt evaziga "Barselona"ga o‘tdi. Ispaniyalik futbolchi "Barselona"ga ketgani "Manchester Siti"ning rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Klub uning o‘rnini bosish uchun "Lill"ning 18 yoshli a’zosi Ayyub Buaddining transferini 85 million funtga hal qilish arafasida turibdi. Bundan tashqari, "Roma" hamda Fransiya terma jamoasi yarimhimoyachisi Manu Konening transferi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Garchi yangi xarid qilingan Anderson tajribali futbolchi hisoblansa-da, 18 yoshli Buaddida yuqori darajadagi o‘yin amaliyoti hali yetarli emas. Shu sababli jamoaga Konening tajribasi asqotishi tayin. Opta nashri "Manchester Siti"ning chempion bo‘lish ehtimolini 20 foiz, deb baholamoqda.

**"Liverpul" va "Manchester Yunayted"dagi O‘zgarishlar**

"Liverpul" ham yangi bosh murabbiy bilan mavsumni boshlaydi. Arne Slot o‘rnini "Bornmut" bilan muvaffaqiyatli ishlagan Andoni Iraola egalladi. Biroq mersisaydliklar yozgi transferlar vaqtida jamoaning bir nechta muhim futbolchilar tark etdi. Muhammad Saloh klubdagi uzoq yillik faoliyatidan so‘ng jamoadan ketdi, Ibrahima Konate esa Madridning "Real" klubiga o‘tdi. "Liverpul" ularning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, jamoa o‘tgan mavsumga nisbatan kuchaygani borasida savollar mavjud. Shu sababli kuchli to‘rtlik uchun kurash "qizillar"ning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi mumkin. Mersisaydliklar asosan himoya chizig‘iga futbolchilar olib keldi. "Renn"dan 20 yoshli fransiyalik Jeremi Jake hamda "Barselona" sardori Ronald Arauxoni ijaraga olindi. Bundan tashqari, klub Ispaniyaning "Osasuna" klubi vingeri Viktor Munyozni sotib oldi. Liverpuliklar Muhammad Salohning o‘rnini bosish uchun "PSJ" hujumchisi Bredli Barkolya bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

"Manchester Yunayted" esa Maykl Kerrik boshqaruvida mavsumni boshlaydi. U jamoani 2026-yil yanvarida qabul qilib olgan va 17 ta uchrashuvda atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchrab, "MYU"ni uchinchi o‘ringa va Chempionlar Ligasiga olib chiqdi. Endi Kerrik bu natija tasodif emasligini isbotlashi kerak. Yozda "Manchester Yunayted" yarimhimoyani kuchaytirdi. "Chelsi"dan Andre Santos, "Aston Villa"dan esa Yuriy Tilemans tarkibga qo‘shildi. "Barselona"da ijara asosida harakat qilgan Markus Reshford jamoaga qaytdi. Shu bilan birga, Kazemiro va yana bir qator futbolchilar klubni tark etdi.

**"Aston Villa" va "Chelsi"ning Ambitsiyalari**

Unai Emeri boshqaruvidagi "Aston Villa" endi top-6 jamoalariga qarshi kurashadigan autsayder sifatida qaralmayapti. Klubning Yevropa Ligasidagi g‘alabasi unga Yevropa Chempionlar Ligasida qatnashish imkonini berdi. Biroq Birmengem jamoasining muhim futbolchilari Tilemans va Morgan Rojers klubni tark etdi. Asosiy posbon Emiliano Martinesning ham ketish ehtimoli yuqori. Shu sabab "Aston Villa" "Parma" va Yaponiya terma jamoasi darvozaboni Zion Suzukini xarid qildi. Chap qanot himoyasiga "Atletiko Madrid" futbolchisi Mateo Rujjeri sotib olindi. Opta "Villa"ning chempionlik imkoniyatini 4,8 foizga baholamoqda.

"Chelsi" esa Xabi Alonso qo‘l ostida yangi davrni boshlaydi. Ispaniyalik murabbiy "Bayer" bilan Germaniya Bundesligasini yutgan. Qisqa vaqt bo‘lsa ham Madridning "Real" klubida faoliyat olib bordi. London klubi yozda "Aston Villa"dan Morgan Rojersni 138 million funtga sotib oldi. Bundan tashqari, "Chelsi" tarkibida tajribali futbolchilar soni ham oshdi. 35 yoshli Denni Uelbek va 36 yoshli Jordan Xenderson kabi futbolchilar jamoaga qo‘shilib, yosh futbolchilarga yordam berishi kutilmoqda. Opta "aristokratlar"ning chempionlik imkoniyatini 3,7 foizga baholamoqda.

**Lempard APLda Kashfiyot Murabbiylardan Biri Bo‘lishi Mumkin**

Yangi mavsumdagi eng qiziqarli jamoalardan biri — Frenk Lempard boshqaruvidagi "Koventri Siti". Sobiq "Chelsi" futbolchisi 2024-yil noyabrida jamoani qabul qilib olganida klub Chempionship turnir jadvalining 17-o‘rinida edi. Oradan bir yarim yil o‘tib, Lempard "Koventri"ni Angliya futbolining elitasi — Premyer Ligaga olib chiqdi. Lempardning "Chelsi" va "Everton"dagi murabbiylik faoliyati ko‘plab savollarni keltirib chiqargan bo‘lsa-da, "Koventri" jamoasini yaxshi shakllantira oldi. U jamoada hujumkor futbol va pragmatik yondashuv o‘rtasida muvozanat yaratdi. Ayniqsa, standart vaziyatlar "Koventri"ning kuchli quroliga aylandi: jamoa o‘tgan mavsumda standartlardan 29 ta gol urib, bu borada ligada eng yaxshi natijani qayd etdi. Qizig‘i, "Koventri" yangi mavsumdagi ilk uchrashuvini aynan chempion "Arsenal"ga qarshi o‘tkazadi. Bu Lempard jamoasi uchun jiddiy sinov bo‘ladi. "Koventri" 2001-yildan buyon ilk bor Premyer Ligada ishtirok etmoqda.

**"Ipsvich" va "Hall Siti"ning APLda Omon Qolish Uchun Kurashi**

"Ipsvich" ham APLga qaytdi. Klub 2024/2025-yilgi mavsumda 19-o‘rinni egallab, quyi ligaga tushib ketgandi. Yozgi transferlar vaqtida esa "Ipsvich" tarixidagi eng katta xarajatlarni amalga oshirdi — 12 nafardan ortiq yangi futbolchi uchun 178 million funt sarflandi. Shuningdek, jamoa bosh murabbiyni ham almashtirdi. "Ipsvich"ni APLga olib chiqqan Kiren Makkenna mavsumlar oralig‘ida klubni tark etdi. Uning o‘rniga Gari O’Nil tayinlandi. Yangi murabbiy, yangi taktika va yangilangan tarkib jamoaning kelasi mavsumdagi imkoniyatlarini oldindan baholashni qiyinlashtirmoqda.

"Hall Siti" esa to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng Premyer Ligaga qaytdi. Klub pley-off finalida "Midlsbro"ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, elitaga yo‘llanma oldi. Biroq jamoaning moliyaviy imkoniyatlari cheklangan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, "Hall Siti" tarkibining umumiy qiymati 144 million yevroni tashkil etadi va bu APLdagi eng past ko‘rsatkich. Shu sababli jamoani mavsum davomida omon qolish uchun harakat qilishi kutilmoqda.

**Eng Oldindan Aytib Bo‘lmaydigan Liga**

APLning qolgan jamoalari ham yangi mavsumda kutilmagan natijalar qayd etishi mumkin. "Tottenhem" o‘z tarixidagi eng yomon mavsumlardan biridan keyin Roberto de Zerbi boshqaruvida tiklanishga harakat qiladi. Italiyalik mutaxassis jamoa yarimhimoyasini kuchaytirdi. "Nyukasl"dan Sandro Tonali hamda "Vest Hem"dan Mateush Fernandesh klub safiga qo‘shildi. Jamoaning asosiy himoyachisi va sardori Kristian Romero "shporlar"ni tark etgach, uning o‘rnini "Brayton" va Niderlandiya himoyachisi Yan van Hekke bilan to‘ldirdi. "Liverpul"ning tajribali laterali Endryu Robertson ham erkin agent sifatida jamoaga keldi. De Zerbining bunday katta transferlardan so‘ng klubni yana yuqori o‘rinlarga olib chiqish vazifasi turibdi.

Konferensiyalar Ligasining amaldagi g‘olibi "Kristal Pelas" esa Yevropada o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsum APLni atigi 15-o‘rinda yakunlagan. "Nyukasl" Eddi Xau ketganidan keyin yangi davrni boshlaydi. "Bornmut" esa Marko Roze boshqaruvida Premyer Ligada o‘z o‘rnini saqlab qolishga urinadi.

Shu sababli 2026/27-yilgi APL mavsumida aniq favoritlarni belgilash qiyin. Chempionlik uchun kurash, Yevrokuboklar yo‘llanmasi va ligadagi o‘rinlarni saqlab qolish uchun jang bir-biridan kam bo‘lmagan darajada qiziqarli kechishi kutilmoqda. Aynan o‘rtamiyona jamoalar orasidagi keskin kurash va kutilmagan natijalar Angliya chempionatini dunyoning eng raqobatli ligalaridan biriga aylantiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.