Layfstayl

Rekord: Shri Lankada odam qovug‘idan 3 kg tosh olib tashlandi

**Rekord: Shri Lankada erkak qovug‘idan 3 kg tosh olib tashlandi**

Shri-Lankalik jarrohlar erkak kishining qovug‘idan tuyaqush tuxumidek ulkan toshni muvaffaqiyatli olib tashlashdi. Bu operatsiya tibbiyot tarixidagi eng yirik toshlardan birini olib tashlash amaliyoti sifatida qayd etilmoqda, deya xabar berdi The Independent.

O‘tgan hafta Trinkomali tumani kasalxonasida 55 yoshli bemordan 3,1 kilogramm og‘irlikdagi qovuq toshi olib tashlandi. Bemor insultdan so‘ng davolanayotgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u taxminan bir oy oldin shifoxonaga yotqizilgan. Davolanish jarayonida shifokorlar bemorda peshob chiqarishda qiyinchiliklar borligini payqashgan va qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Operatsiyaga rahbarlik qilgan urolog Pragaladxan Balakrishnanning so‘zlariga ko‘ra, qovuq toshi yangi tug‘ilgan chaqaloqdek og‘ir va tuyaqush tuxumidek katta bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, bemorning salomatligi juda yaxshi va u boshqa kasalliklari bo‘yicha shifoxonada davolanishni davom ettirmoqda.

"Bu muvaffaqiyat ahil jamoaviy mehnat natijasidir. Dastlabki tekshiruvlar bemorda ulkan qovuq toshi borligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng holat mutaxassislar jamoamizga yo‘naltirildi. Barcha zarur operativ amaliyotlardan so‘ng toshni bemorning qovug‘idan muvaffaqiyatli olib tashladik", dedi doktor Balakrishnan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan va hujjatlashtirilgan eng katta qovuq toshidir. Shifoxona direktori Sandamali Samarakunning so‘zlariga ko‘ra, bu tosh jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan eng katta qovuq toshi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi mumkin.

Ginnesning rekordlar kitobida qayd etilgan eng katta qovuq toshi 2003-yilda Braziliyadagi bemordan olib tashlangan bo‘lib, uning og‘irligi 1,9 kilogramm, o‘lchami esa 17,9 santimetr bo‘lgan.

Qovuq toshlari peshob qovuqda uzoq ushlanib qolganda hosil bo‘ladi. Oqibatda undagi minerallar kristallashib, toshga aylanadi. Uning ko‘p uchraydigan sabablariga prostatit kattalashishi, siydik yo‘llari to‘silishi, asab tizimi bilan bog‘liq qovuq funksiyasi buzilishi, surunkali infeksiyalar va kateterdan uzoq vaqt foydalanish kiradi.

Kichik qovuq toshlari o‘z-o‘zidan tushib ketishi mumkin. Ammo o‘lchami 1 santimetrdan katta bo‘lgan toshlar siydik oqimini to‘sib qo‘yadi va davolanishni talab qiladi. O‘lchami 4 santimetrdan oshgan toshlar esa ulkan qovuq toshlari tasnifiga kiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.