Rejalashtirilayotgan qonunchilikka koʻra, avstraliyaliklar ijtimoiy tarmoq algoritmlarini oʻchirib qoʻyish imkoniyatiga ega boʻladilar
Agar Meta, Google va TikTok kabi firmalar bu imkoniyatni taqdim etmasa, ular «yirik» miqdorda jarimaga tortilishi kerak, deydi vazir.

Shu haftada taqdim etilishi kutilayotgan qonun loyihalariga koʻra, avstraliyaliklar ijtimoiy tarmoq algoritmlarini oʻchirib qoʻyish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Oʻtgan yili hukumatning 16 yoshga toʻlmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi dunyodagi birinchi qonunini ilgari surgan Aloqa vaziri Anika Uellsning aytishicha, raqamli gʻamxoʻrlik majburiyati toʻgʻrisidagi qonunlar «shu paytgacha bunga amal qilishi shart boʻlmagan sohada baʼzi asosiy xavfsizlik himoyasini» taʼminlaydi.
Uning soʻzlariga koʻra, agar Meta, Google va TikTok kabi texnologik kompaniyalar foydalanuvchilarga algoritmlarni faoliyatdan toʻxtatish imkoniyatini taklif qilmasa, «jiddiy» jarimalarga tortilishi kerak.
Muxolifatning ayrim vakillari ushbu rejani tanqid qilishdi, Liberal partiya yetakchisi Angus Teylor bunga «juda shubha bilan qarashini» va bu tsenzuraga aylanishi mumkinligini daʼvo qildi.
Uellsning taʼkidlashicha, hukumat foydalanuvchilar tarmoqda ularga kontent taqdim etuvchi algoritmlarni oʻz xohishi bilan yoqishi (opt-in) yoki oʻchirishi (opt-out) kerakligi borasida «ekspertlar maslahatiga» tayanadi.
Bu shuni anglatadiki, ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashda boʻlgani kabi, hukumat qonunchilik qanday ishlashini toʻliq yakunlashdan oldin uni joriy etishga intilmoqda.
«Biz avstraliyaliklarga oʻz ijtimoiy tarmoqlari tasmasida nimalarni koʻrishi borasida koʻproq tanlov imkoniyatini bermoqchimiz», dedi Uells dushanba kuni ABC telekanaliga.
«Biz bilamizki, koʻplab avstraliyaliklar algoritmni undan oladigan zavqlari yoki foydalari, masalan, oʻz mavzelaridagi mahalliy korxonalarni koʻrishlari uchun qadrlashadi.
Koʻpgina avstraliyaliklar algoritmni tanlashni xohlashadi. Ammo bizning fikrimizcha, yirik texnologik kompaniyalar avvalo ularga tanlov imkoniyatini taklif qilishlari va bu tanlovni hurmat qilishlari kerak.
Gigant texnologik kompaniyalar muhofaza qilinadigan tur emas va ular oʻz mijozlariga asosiy xavfsizlik standartlarini taklif qilishlari lozim».
Shuningdek, u oʻtgan yilning dekabr oyida taqiq joriy etilishidan oldin platformalarda boʻlgan 16 yoshga toʻlmaganlarning aksariyati hanuzgacha ulardan foydalanayotganini tadqiqotlar qayta-qayta koʻrsatayotganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlardagi taqiqni taʼminlamagani uchun hali hech bir texnologik kompaniya jarimaga tortilmaganini tan oldi.
Muxolifatning ayrim aʼzolari bu gʻoyani printsipial jihatdan qoʻllab-quvvatlashlarini aytsa, boshqalari bu soʻz erkinligini cheklashga qaratilgan harakat ekanini daʼvo qilmoqda.
Teylor News24 telekanaliga bergan intervyusida bu «hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni tsenzura qilishga urinishi» boʻlishidan xavotirda ekanini aytdi va Leyboristlar partiyasi avvalo ijtimoiy tarmoqlardagi taqiqning boʻshliqlarini yopishga harakat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Channel Nine telekanalining Today koʻrsatuvida gapirgan Uells shunday dedi: «Bu tsenzura haqida emas. Bu xavf-xatarlarni aniqlash yoki yirik texnologik kompaniyalarni oʻz platformalaridagi xavflarni aniqlashga va ushbu xavflarni kamaytirishga majbur qilish haqidadir».
Oʻtgan haftada rozilik huquqining taniqli himoyachisi Shanel Kontos Avstraliya Milliy matbuot klubida hukumat algoritmik ijtimoiy tarmoqlar tasmalari uchun majburiy rozilik (opt-in) tizimini talab qilishi kerakligini, bu esa texnologik firmalarning har qanday islohotlarni chetlab oʻtishini qiyinlashtirishini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, algoritmlar Avstraliyada jinsiy zoʻravonlikning keng tarqalishiga sabab boʻlmoqda va yoshlarni mizoginik (ayollarga nafrat ruhidagi) «manosfera» materiallari taʼsiriga duchor qilmoqda.
Qonun loyihasi yaqin kunlarda taqdim etilishi kutilmoqda. Algoritm qoidalari bilan bir qatorda, u platformalarga zararli kontent, jumladan, noqonuniy pornografiya va ovqatlanishning buzilishini targʻib qiluvchi videolar tarqatilishining oldini olish masʼuliyatini yuklashi ham koʻzda tutilgan.
Avstraliya 16 yoshga toʻlmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan.

