Rejalarimizda Qashqadaryo viloyatida «Mebel klasteri» va «Mebel akademiyasi»ni tashkil etish bor
Ruknimizning navbatdagi mehmoni taniqli tadbirkor Salomat Komilova boʻldi.

**Rejalarimizda — Qashqadaryo viloyatida «Mebel klasteri» va «Mebel akademiyasi»ni tashkil etish bor**
Taniqli tadbirkor Salomat Komilova 1954 yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. U 1976 yilda Moskva davlat texnika institutini «yogʻochni qayta ishlash va mebel sanoatini avtomatlashtirish va kompleks mexanizatsiyalashtirish» mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1976 yilda «Qarshiindustriya» birlashmasida muhandis-texnolog sifatida boshlagan, soʻngra «Namanganmebel» fabrikasida ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi, keyinchalik esa «Qarshiindustriya» birlashmasi qoshidagi yogʻochni qayta ishlash zavodida bosh muhandis-texnolog boʻlib ishlagan.
U tomonidan tashkil etilgan «Qarshimebel» masʼuliyati cheklangan jamiyati Qashqadaryo viloyatida mebel sanoatiga asos solgan ilk ishlab chiqarish korxonasi boʻldi. Bu yerda yumshoq va korpusli mebellarning keng assortimenti, shuningdek, oshxona, mehmonxona va yotoqxona uchun sifatli hamda zamonaviy mebellar ishlab chiqariladi. «Qarshimebel» MCHJda Turkiya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan, temirni lazer yordamida kesish va payvandlashga moʻljallangan yangi avlod texnika va texnologiyalari qoʻllanilmoqda.
Salomat Komilova koʻplab respublika va viloyat koʻrik-tanlovlari gʻolibasidir. U 2011 va 2014 yillarda «Tashabbus» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida 1-oʻrinni egallagan, respublika bosqichida esa «Eng saxovatli tadbirkor» nominatsiyasini qoʻlga kiritgan. 2016 yilda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan taʼsis etilgan «Eng yaxshi biznes loyiha» respublika koʻrik-tanlovi gʻolibasi boʻlgan. 2019 yilda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tanlovning viloyat va respublika bosqichlarida «Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli» nominatsiyasida gʻolib chiqqan, 2024 yilda esa «Yilning eng yaxshi ish beruvchi tadbirkor ayoli» nominatsiyasi sohibasiga aylangan.
2015 yilda u «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan. Viloyat va shahar kengashlari deputati sifatida Salomat Komilova viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Marhum turmush oʻrtogʻi, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida mahalliy sanoat tizimida rahbarlik qilgan Hamidjon Komilov bilan birgalikda 4 nafar farzand va 12 nafar nabirani tarbiyalab voyaga yetkazishgan.
«Mebel ishlab chiqarish sohasini tanlaganim tasodif yoki shunchaki biznes bilan shugʻullanish istagi emas edi. Bu qaror zamirida mustahkam kasbiy poydevor va davr taqozosi yotibdi. Oʻsha davrda meni ikki buyuk kuch harakatga keltirgan: birinchisi — texnologik bilimlarim va kasbiy ishonchim boʻlsa, ikkinchisi — ayollarga xos boʻlgan uy shinamligini yaratishga intilish edi.
Moskvada aynan shu yoʻnalish boʻyicha muhandis-texnolog mutaxassisligiga oʻqidim. Men mebel sanoatining barcha qirralarini — xomashyo sifatidan tortib, dastgohlar ishi, ishlab chiqarish zanjirlari va texnologik jarayonlargacha oʻrgandim. 1976 yilda oʻqishni tamomlab, vatanimga qaytdim va mebel sanoati korxonalarida ishlab, tajriba orttirdim.
Mustaqillikning ilk yillari iqtisodiy jihatdan juda murakkab va ogʻir kechdi. Bu katta qiyinchiliklar va noaniqliklar davri edi. Ishsizlik darajasi yuqori, ijtimoiy tizimlar esa endigina yangidan shakllanayotgan edi. Eski davlat korxonalari toʻxtab qolayotgan bir paytda, xususiy sektorga, ayniqsa, mahalliy ishlab chiqarishga boʻlgan talab ortib borardi.
Oʻshanda, 90-yillarning boshlarida Eron, Xitoy, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarda boʻlib, ularning mebel bozorlarini oʻrgandim. Muhandis sifatida chet eldan qimmatbaho mebellarni olib kelish oʻrniga, oʻz uyimizda — mahalliy ishchi kuchi va xomashyodan foydalangan holda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkinligini aniq anglab yetdim.
Boshida koʻpchilik hayron boʻlardi: «Ayol kishi, ustiga-ustak shunday ogʻir inqiroz davrida, nega aynan erkaklar kasbi hisoblangan mebel ishlab chiqarishga qoʻl uryapti?». Oʻsha paytlarda sanoat yoki ishlab chiqarishda ayol rahbarning ishlashi koʻpchilikda shubha uygʻotardi. Seni jiddiy qabul qila boshlashlari uchun erkaklarga qaraganda ancha koʻproq mehnat qilish va oʻz ishingni mukammal bilish talab etilardi.
Albatta, ayol rahbar sifatida oʻsha ogʻir yillarda tsexlarni boshqarish, dastgohlar tilini tushunish va ustalar bilan til topishish oson boʻlmagan. Biroq, bu sohani juda yaxshi bilganim va barcha texnologik jarayonlarni ipidan-ignasigacha tushunganim menga katta ustunlik berdi. Meni shunchaki rahbar sifatida emas, balki oʻz ishining professional ustasi sifatida hurmat qila boshlashdi.
Mebel ishlab chiqarish men uchun shunchaki texnik jarayon emas. Bu nafis ayol didi, ijodkorlik va muhandislik aniqligining goʻzal uygʻunligidir. Oʻsha ogʻir yillarda kichik bir tsexdan boshlab, bugungi kunda yirik ishlab chiqarish darajasigacha oʻsdik. Bu yoʻl meni inqirozlardan qoʻrqmaslikka oʻrgatdi va bilim hamda qatʼiyat har qanday qiyinchilikni yengishga qodirligini isbotladi.
Bugun ortga nazar tashlab, oʻsha qiyinchiliklarga toʻla yillarda toʻgʻri yoʻlni tanlaganimga yana bir bor iqror boʻlaman. Bu soha menga qatʼiyat bagʻishladi, inqirozlardan qoʻrqmaslikni oʻrgatdi va eng muhimi, odamlar hayotini goʻzalroq qilish imkoniyatidan cheksiz quvonch keltirdi.
Mustaqillikning ilk yillarida Qashqadaryoda «mebel sanoati» tushunchasining oʻzi yoʻq edi. Faqat yogʻochni qayta ishlash korxonasi bor edi. Ularning faoliyati asosan qurilish sohasi bilan bogʻliq boʻlib, xususan, koʻp kvartirali uylar uchun eshik, deraza romlari, shift va pol qoplamalari ishlab chiqarishardi.
Viloyat aholisi mebellarni asosan Toshkentdan yoki chet eldan juda qimmat narxlarda olib kelishardi. Qashqadaryodek ulkan salohiyatga ega katta vohada birinchi mebel korxonasini tashkil etish masʼuliyati esa ayol kishining — mening yelkamga tushdi. Moskvada olgan oliy maʼlumotim, muhandis-texnolog sifatidagi bilimlarim va mebel sanoatidagi tajribam ishlab chiqarishni aynan qanday tashkil etish kerakligini aniq tushunishimga yordam berdi.
Ammo viloyatda bu ishni mutlaqo noldan boshlash kerak edi. Na tayyor xomashyo bazasi, na zamonaviy uskunalar bor edi, eng yomoni — bu sohani tushunadigan tayyor mutaxassislar yoʻq edi. Esimda, ish boshlagan ilk yillarimda nafaqat rahbarlik qildim, balki tsexdagi mahalliy yigitlarga yogʻochga ishlov berish, texnologiya sirlari va chizmalar bilan ishlashni oʻzim oʻrgatdim. Aynan shu tsexda mahalliy kadrlarni tayyorlash uchun birinchi «ustoz — shogird» maktabini yaratdik.
Hammasi 1995 yilning boshida boshlandi. Aynan oʻshanda men Qarshi shahrida mutlaqo noldan birinchi mebel ishlab chiqarish korxonasi — «Mebel» fabrikasini tashkil etishga qaror qildim. Dastlabki bosqichda ishni bor-yoʻgʻi 9 nafar ishchi bilan boshladik. Bu 9 kishi — mening birinchi jamoam, mebelsozlik mahorati maktabimizning poydevorini qoʻygan insonlardir. Oʻsha paytda koʻpchilik bizga ishonmay: «Qashqadaryoda ham mebel ishlab chiqarib boʻlarkanmi?» derdi. Lekin biz toʻxtamadik. Ilk mahsulotimizni chiqarganimizda, uni sotish juda qiyin boʻldi.
Oʻsha ogʻir yillarda viloyatimizdagi sovxozlardan biri biz uchun haqiqiy najot boʻldi. Sovxoz rahbariyati bizga katta buyurtma berdi — ofis mebellari, yotoqxonalar uchun mebellar va oshxona garniturlari. Shartnomani barter asosida tuzishga qaror qildik. Biz mebellarni yetkazib berdik, sovxoz esa oʻz navbatida bizga oʻzida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan haq toʻladi. Aynan shu qiyinchiliklarni yengib oʻtish orqali tajriba orttirdik, bozorni oʻrgandik va korxonamizni oyoqqa turgʻizdik.
2003 yilda korxona rivojida haqiqiy burilish davri yuz berdi. Shu yili Xitoydan zamonaviy texnologiyalarni olib keldik. Mavjud uskunalar toʻliq modernizatsiya qilindi, korxona esa qayta jihozlandi. Yogʻochni tilish va unga ishlov berish, mebel ishlab chiqarish va yigʻish, pardozlash (boʻyash va silliqlash) tsexlari, shuningdek, payvandlash va tikuvchilik tsexlari ishga tushirildi. Natijada korxona modernizatsiya qilinib, unda yangi ish oʻrinlari yaratildi, ishlab chiqarish surʼatlari oshdi, mahsulot sifati yaxshilandi va xodimlarning moddiy manfaatdorligi taʼminlandi. Dastlab bor-yoʻgʻi 9 nafar xodim bilan ish boshlagan fabrikada jamoa 95 kishiga yetdi.
Biz viloyatda nafaqat birinchi mebel korxonasini ochdik, balki Qashqadaryoda butunlay yangi sanoat tarmogʻi paydo boʻlishiga asos soldik. Bugun vohada mebel ishlab chiqaruvchilar soni ortganini koʻrib, faxrlanaman, zero ularning barchasi biz ochgan yoʻldan bormoqdalar.
— Bugungi biznesingiz haqida gapirib bersangiz. Qanday mahsulotlar ishlab chiqaryapsiz? Ularni qayerda sotyapsiz? Qanday loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq boʻldingiz?
—
Bugungi kunda korxonamiz zamonaviy va yuqori texnologiyali yirik ishlab chiqarish majmuasiga aylandi. Zamonaviy trendlar va yangi texnologiyalarga tayangan holda, mahsulotlarimiz assortimentini sezilarli darajada kengaytirdik va sifatini oshirdik.
Hozirda biz xaridorlarga mebel mahsulotlarining juda keng tanlovini taklif etmoqdamiz. Ishlab chiqarishimiz bir nechta yoʻnalishni qamrab oladi:
— uy uchun premium va shinam mebellar: yuqori sifatli oshxona garniturlari, yumshoq mebellar, yotoqxona garniturlari va mehmonxona mebellari;
— biznes va ofislar uchun mebellar: zamonaviy ofis stollari, kreslolar, qabulxona mebellari va konferentsiya zallari uchun maxsus toʻplamlar;
— ijtimoiy soha uchun mebellar: maktablar, bogʻchalar va tibbiyot muassasalari uchun ekologik toza, xavfsiz va ergonomik mebellar.
Umumiy hisobda biz 350 turdagi mebel mahsulotlarini ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz nafaqat Qashqadaryo vohasida, balki respublikaning boshqa hududlarida ham sotilmoqda. Bundan tashqari, yirik korporativ buyurtmachilar bilan shartnomalar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaymiz. Shuningdek, mahsulotlarni Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilishni yoʻlga qoʻyish ustida faol ish olib borilmoqda.
Oʻtgan yillar davomida viloyatimiz uchun muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan koʻplab yirik loyihalarni hayotga tatbiq etdik. Yangi barpo etilgan zamonaviy maktablar, davlat tashkilotlari, bank filiallari, tibbiyot muassasalari va viloyatdagi yirik mehmonxonalarni mahalliy mebellar bilan toʻliq jihozlash loyihalarini muvaffaqiyatli yakunladik.
Ushbu loyihalar hududimiz va isteʼmolchilarga katta foyda keltirdi. Xususan, ilgari chet eldan qimmat narxlarda import qilingan sifatli mebellar endilikda viloyatning oʻzida va ancha hamyonbop narxlarda ishlab chiqarilmoqda, buning evaziga mahalliy byudjet va aholi mablagʻlarini tejashga muvaffaq boʻldik.
Korxonamizni kengaytirish hisobiga yuzlab mahalliy yoshlar va xotin-qizlarni doimiy, yuqori maoshli ish bilan taʼminladik. Ularga zamonaviy raqamli dastgohlarda ishlash texnologiyalarini oʻrgatdik.
Mahsulotlarimiz bevosita viloyatning oʻzida ishlab chiqarilgani bois, xaridorlarga koʻp yillik kafolat va tezkor servis xizmatini taqdim eta olamiz. Asosiy maqsadimiz — viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar brendini yanada yuqori respublika va xalqaro darajaga olib chiqishdir.
— Yurtimizda mebel ishlab chiqaruvchi korxonalar juda koʻp. Raqobatda gʻolib chiqish uchun mahsulot sifatli va hamyonbop boʻlishi kerak. Bunga qanday erishyapsiz?
—
Bugungi kunda bozorda raqobat haqiqatan ham juda kuchli. Bunday muhitda har qanday ishlab chiqaruvchining asosiy maqsadi — shunchaki yashab qolish emas, balki mahsulotning yuqori sifati va hamyonbop narxini taʼminlagan holda yetakchiga aylanishdir. Biz bu muvozanatga ustama narxni kamaytirish hisobiga emas, balki ilmiy yondashuv va ishlab chiqarishni toʻgʻri tashkil etish orqali erishyapmiz. Sirlarimiz quyidagilardan iborat:
Ishlab chiqarishni toʻliq avtomatlashtirish. Inson omili va qoʻl mehnati qanchalik koʻp boʻlsa, xatoliklar ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi va jarayonlar sekinlashadi. Biz tsexlarimizni Germaniya, Xitoy va Italiyadan keltirilgan eng zamonaviy kompyuterlashtirilgan dastgohlar bilan jihozladik. Raqamli dasturlar asosida ishlaydigan ushbu uskunalar xomashyoni millimetr aniqligida kesadi va unga ishlov beradi. Bu bizga mahsulot sifatini eng yuqori darajaga koʻtarish, vaqtni tejash va tannarxni pasaytirish imkonini beradi.
Chiqindisiz texnologiyalar. Mebel tannarxini oshiruvchi asosiy omillardan biri — xomashyo isrofgarchiligidir. Korxonamizda maxsus kompyuter dasturlari yordamida laminat yoki yogʻoch plitalarni eng maqbul tarzda pichish yoʻlga qoʻyilgan. Buning evaziga chiqindi miqdori minimal darajaga tushirilgan. Hatto qolgan mayda yogʻoch qipiqlari va qoldiqlarini ham qayta ishlab, isitish yoki boshqa ehtiyojlar uchun ishlatamiz. Chiqindi qanchalik kam boʻlsa, tayyor mahsulot tannarxi shunchalik past boʻladi.
Xomashyoni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish. Biz bozordagi vositachilardan voz kechdik. Mebel uchun furnitura, mato va asosiy xomashyoni toʻgʻridan-toʻgʻri va ulgurji narxlarda yirik ishlab chiqaruvchi zavodlardan sotib olamiz. Bu materiallar tannarxini sezilarli darajada kamaytiradi va natijada tayyor mebellarimiz xaridor uchun hamyonbop boʻladi.
Professional mahorat va nazorat. Ishlab chiqarishning har bir bosqichida qatʼiy texnik nazorat oʻrnatilgan. Korxonada «sifat nazorati boʻlimi» faoliyat koʻrsatadi, u yerda har bir detal xaridorga yetib borishidan oldin tekshiriladi. Sifatli xomashyo va yuqori texnologiyalar bir-biri bilan toʻgʻri uygʻunlashganda, mahsulot yillar davomida oʻz asl qiyofasini yoʻqotmaydi. 2011 yilda korxonamiz jamoasi ISO-9001 xalqaro sifat sertifikatini qoʻlga kiritdi. Qisqasi, biz sifatni qurbon qilmaymiz, balki xarajatlarni zamonaviy texnologiyalar va oqilona menejment hisobiga qisqartiramiz. Aynan shuning uchun mahsulotlarimiz hamyonbop va raqobatbardosh boʻlib qolmoqda.
— Yurtimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilgan qanday imtiyozlar, qoʻllab-quvvatlash choralari va sharoitlar biznesingizga yordam berdi?
—
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikka, ayniqsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ayollar biznesiga qaratilayotgan eʼtibor biz kabi korxonalar rivojida ulkan burilish nuqtasi boʻldi. Mustaqillikning ilk yillaridagi sharoitlarni bugungi imkoniyatlar bilan solishtirsak, ularning oʻrtasidagi farq yer bilan osmonchadir. Korxonamizning yangi darajaga chiqishiga asosiy turtki boʻlgan davlat tomonidan yaratilgan tizimli imtiyoz va sharoitlar quyidagilardan iborat:
Lokalizatsiya dasturlari. Mebel sanoatining lokalizatsiya dasturiga kiritilishi biz uchun ulkan imkoniyatlar ochdi. Davlat xaridlari tizimidagi shaffoflik mahalliy ishlab chiqaruvchilarga alohida ustunliklar taqdim etmoqda. Xususan, biz mahalliy korxona sifatida viloyatimizdagi maktablar, bogʻchalar, shifoxonalar va davlat muassasalarini jihozlash boʻyicha tenderlarda qatnashib, gʻolib chiqyapmiz. Bu bizni doimiy va yirik hajmdagi buyurtmalar bilan taʼminlamoqda.
Bojxona va soliq imtiyozlari. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun chet eldan import qilayotgan yuqori texnologiyali dastgoh va uskunalarimiz bojxona bojlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, mebel sanoati uchun zarur boʻlgan va mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan ayrim xomashyo va furnituralarni olib kirishdagi tarif imtiyozlari mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda hamyonbop narxlarni saqlab qolishga bevosita yordam bermoqda.
Imtiyozli kreditlar va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash. Banklar va tadbirkorlikni rivojlantirish jamgʻarmalari tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirish va aylanma mablagʻlarni koʻpaytirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar juda asqotdi. Ushbu mablagʻlar hisobiga yangi tsexlar qurdik, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirdik va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratdik.
Xotin-qizlar tadbirkorligiga alohida eʼtibor. Bugungi kunda ayollar biznesini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ayol rahbar sifatida men turli grantlar, subsidiyalar va biznesni rivojlantirish dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldim. Bu nafaqat moliyaviy, balki maʼnaviy jihatdan ham katta dastak boʻldi, shuningdek, korxonamizda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash koʻlamini kengaytirishga yoʻl ochdi.
Tekshirishlarni qisqartirish va byurokratiyaga barham berish. Ilgari tadbirkor vaqtining katta qismi turli nazorat qiluvchi organlar bilan muloqotga ketardi. Tekshirishlarga eʼlon qilingan moratoriylar va barcha jarayonlarning raqamlashtirilishi (elektron soliq, elektron bojxona) tufayli biz bor eʼtiborimizni faqat ishlab chiqarishga, sifatni oshirishga va yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratmoqdamiz.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tizimi. Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yoʻlga qoʻyilgani biz kabi ishbilarmonlarga ulkan dastak boʻlmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida har yili oʻtkaziladigan uchrashuv va videoselektor yigʻilishlarida tadbirkorlarning muammolari bevosita tinglanib, har bir taklifga javob berilmoqda, ushbu muloqotlar yakuni boʻyicha yangi qarorlar va yangi imtiyozlar eʼlon qilinmoqda.
Men ham oʻz navbatimda har yili ushbu uchrashuvlarda ishtirok etishga harakat qilaman. Bunday uchrashuvlar natijasida biz soliq va bojxona imtiyozlari, imtiyozli kreditlar va yangi dasturlar haqida birinchi manbadan bilib olamiz. Bu shunchaki maʼlumot emas, balki tadbirkor mehnatiga boʻlgan ishonch ramzi, davlat va tadbirkor oʻrtasidagi teng huquqli hamkorlik belgisidir. Har safar shunday uchrashuvlardan soʻng yangi rejalar, yangi ilhom va yangi imkoniyatlar bilan qaytamiz. Bu davlat siyosatining tadbirkorlikka boʻlgan samimiy eʼtiborining yaqqol ifodasidir, deb ishonch bilan ayta olaman.
Qisqasi, davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar bizga kelajakka ishonch bilan qarash, tavakkal qilish va mahalliy brendlarni yuqori darajaga olib chiqish uchun qanot bagʻishlamoqda.
— Qancha ish oʻrni yaratdingiz? Xususan, jamoangizda necha kishi mehnat qiladi va ularning daromad darajasi qanday? Ularga boshqa biror-bir yordam koʻrsatasizmi?
—
Tabiiyki, korxonamiz rivojlangani sari yangi ish oʻrinlari yaratish va vohamiz aholisini doimiy ish bilan taʼminlash mening asosiy vazifamga aylandi. Mustaqillikning ilk yillarida bor-yoʻgʻi bir nechta ishchi bilan faoliyat boshlagan kichik ustaxonamiz bugungi kunda yirik jamoaga aylandi.
Bugungi kunda korxonamizda 95 nafardan ortiq mahalliy aholi doimiy ish oʻrniga ega. Ular orasida tajribali mebelsozlar, muhandis-dizaynerlar, zamonaviy raqamli dastgohlar (CHPU) operatorlari, huquqshunos va iqtisodchilar bor.
Ayol rahbar sifatida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qarataman: ular jamoamizning qariyb 30 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillarini ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratamiz. Ular asosan mebel dizayni, matolar bilan ishlash, tikuvchilik, shuningdek, hisob-kitob va menejment kabi sohalarga jalb etilgan.
Bizda mehnatga haq toʻlash tizimi bozor talablariga toʻliq javob beradi va xodimning malakasi hamda bajargan ish hajmiga asoslanadi. Ishchilarimizning oʻrtacha oylik ish haqi 4 milliondan 7 million soʻmgachani tashkil etadi. Yuqori malakali muhandislarimiz va murakkab dastgohlar operatorlari bundan ham koʻproq maosh olishadi. Eng muhimi, ish haqi oʻz vaqtida toʻlanadi va bizda xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tizimi, yaʼni rejani bajarganlik uchun mukofotlar (bonuslar) tizimi juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Biz faqat ish haqi toʻlash bilan cheklanib qolmaymiz. Men uchun har bir xodim — oilamiz aʼzosidek gap. Ularni ijtimoiy himoya qilish uchun tizimli yordam choralarini tashkil etganmiz. Xususan, xodimlarimiz uchun bevosita tsexning oʻzida shinam oshxona tashkil etilgan boʻlib, u yerda ular har kuni bepul issiq ovqat bilan taʼminlanadi. Shuningdek, bizda «Ustoz-shogird» maktabi faoliyat yuritadi va bepul oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Bu sohaga qiziqadigan, lekin hunari boʻlmagan yoshlarni ishga qabul qilib, ularga mebelsozlik sirlarini mutlaqo bepul oʻrgatamiz.
Oilasida toʻy yoki taʼziya marosimlari boʻlayotgan, farzandlari talaba boʻlgan yoki sogʻligʻida muammolar yuzaga kelgan xodimlarga korxona hisobidan moddiy yordam ajratiladi.
Men doim bir gapni takrorlayman: xodim ishga kelganda uydagi muammolar haqida emas, faqat halol mehnat qilish va sifatli mahsulot yaratish haqida oʻylashi kerak. Uning ijtimoiy muammolarini hal qilish esa rahbar sifatida mening burchimdir. Jamoamizning farovonligi — korxonamiz rivojining bosh siridir.
— Biznesingizning ijtimoiy ahamiyati nimada? Hududingizda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlaysizmi?
— Biznesning ijtimoiy ahamiyati — bu shunchaki rahbar sifatidagi vazifam emas, balki insoniy va onalik burchimdir. Tadbirkorlik — bu nafaqat foyda olish, balki atrofdagilarning ogʻirini yengil qilish, jamiyatga naf keltirishga intilish hamdir. Hayotiy shiorim — har kuni loaqal bir nafar taqdir sinovlariga duch kelgan insonning koʻngliga malham boʻlishdir. Mustaqillikning ilk yillaridagi qiyinchiliklarga guvoh boʻlgan ayol sifatida, bugun ehtiyojmandlarga yordam qoʻlini choʻzish qanchalik muhimligini juda yaxshi bilaman.
Mahallamiz va hududimizdagi ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagi tizimli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqdamiz:
«Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar bandligini taʼminlash. Mahalliy hokimliklar va mahalla raislari bilan doimiy aloqada boʻlib turamiz. Hududimizda yashovchi boquvchisini yoʻqotgan, ehtiyojmand yoki ishsiz qolgan xotin-qizlarni, shuningdek, band boʻlmagan yoshlarni korxonamizga jalb qilamiz. Biz ularga nafaqat ish oʻrinlari beramiz, balki «ustoz-shogird» tamoyili asosida hunarni mutlaqo bepul oʻrgatamiz. Bu ularga nafaqat vaqtinchalik yordam, balki butun umrga doimiy daromad manbai boʻladi.
Ehtiyojmand oilalar uylarini bepul jihozlash. Har yili korxonamiz foydasining maʼlum bir qismini ajratib, hududimizdagi kam taʼminlangan, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar bor yoki chin yetimlarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy va amaliy yordam koʻrsatamiz. Masalan, moddiy sharoiti ogʻir oilalardagi yangi oila qurayotgan qizlar uchun toʻy mebellari toʻplamini sovgʻa sifatida tayyorlab beramiz. Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uyda taʼlim olishlari uchun ularga maxsus parta, stol, stul va kitob javonlarini bepul yetkazib berib, oʻrnatib beramiz.
Xayriya tadbirlari va mahalla infratuzilmasi. Barcha bayramlarda — Yangi yil, Navroʻz, Mustaqillik kuni, Ramazon va Qurbon hayitlarida mahallamizdagi kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olish va ularga oziq-ovqat jamlanmalarini tarqatish biz uchun anʼanaga aylangan. Bundan tashqari, agar mahalliy maktablar yoki bogʻchalardagi mebellar eskirib, taʼmirtalab boʻlib qolsa, ularni yangilash yoki taʼmirlashni oʻzimizning ijtimoiy masʼuliyatimiz deb bilamiz.
Mening asosiy maqsadim — Qashqadaryoda mebel sotib shunchaki pul topish emas, balki shu voha ahlining duosini olish, ularning hayotiga goʻzallik va iliqlik olib kirishdir. Biznesning haqiqiy barakasi aynan shunday ezgu ishlardan boshlanishiga ishonaman.
— Bu savol — tadbirkorlik faoliyatimning eng sharafli va qalbimga yaqin qismidir. Agar oʻz vaqtida muhandis-texnolog sifatida olgan bilimlarimni faqat oʻzim uchun ishlatganimda, bugungidek katta natijalarga erishmagan boʻlardik. Sanoat uchun kadrlar tayyorlash — bu shunchaki jarayon emas, bu butun boshli maktab yaratish demakdir.
Ha, toʻgʻri aytdingiz, oʻtgan yillar davomida yuzlab shogirdlar tayyorladim va buni biznesimning eng katta boyligi deb hisoblayman. Ishni yangi boshlagan paytimizda Qashqadaryoda mebel ishlab chiqarish boʻyicha umuman tayyor mutaxassislar yoʻq edi. Shu bois, zaruriyat tufayli va shu bilan birga oʻz kasbimga boʻlgan mehrim sababli korxonamiz qoshida «Ustoz-shogird» maktabini tashkil etdim. Bu maktabda yoshlar uchun oʻquv mashgʻulotlari tashkil etib, mebelsozlik sohasidagi yangiliklar, innovatsion texnologiyalar, zamonaviy butlovchi qismlar va yangi atamalardan foydalanish boʻyicha darslar oʻtaman.
Mening maktabimni oʻtagan yigitlar bugun nafaqat bizning korxonamizda, balki boshqa koʻplab joylarda ham muvaffaqiyatli ishlab kelmoqdalar. Bundan tashqari, zavodimizdagi eng masʼuliyatli lavozimlarni — tsex boshliqlari, bosh texnolog va dizaynerlik vazifalarini aynan oʻzimiz tarbiyalagan shogirdlarimiz egallab turishibdi.
— Mamlakatimizda qabul qilingan strategiyalar, xususan, 2030 yilgacha moʻljallangan rivojlanish dasturlari va mebel sohasini sanoat darajasiga olib chiqish boʻyicha belgilangan tizimli islohotlar rejalarimiz uchun asosiy yoʻl xaritasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Bugun davlatimiz tomonidan mebel klasterlarini tashkil etish, mahalliy xomashyo bazasini mustahkamlash va eksportni ragʻbatlantirish boʻyicha yaratilayotgan sharoitlar 2026-2030 yillarga moʻljallangan istiqbolli loyihalarimizga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Kelajakdagi asosiy maqsadlarimiz va yangi loyihalarimiz quyidagilardan iborat:
Qashqadaryoda birinchi «Mebel klasteri»ni tashkil etish. Sohani klasterlashtirish boʻyicha davlat siyosatidan ilhomlanib, Qashqadaryo viloyatida toʻliq taʼminot zanjiriga ega boʻlgan yirik mebel klasterini yaratishni rejalashtiryapmiz. Ushbu loyiha doirasida bir maydonda xomashyoni qayta ishlash, furnitura ishlab chiqarish, dizayn markazi va tayyor mahsulotlarni yigʻish tsexlari birlashtiriladi. Bu hududda mahsulot tannarxini yana 20-25 foizga pasaytirish va yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Raqamli texnologiyalar va «Aqlli mebel» (Smart Furniture) ishlab chiqarish. 2030 yilgacha boʻlgan davrda isteʼmolchilar talabi sezilarli darajada oʻzgaradi. Biz ishlab chiqarishga sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni (Industry 4.0) yanada chuqurroq joriy etishni maqsad qilganmiz. Rejalarimizdan biri — zamonaviy kichik hajmli kvartiralar uchun transformer-mebellar, shuningdek, simsiz quvvatlagichlar va aqlli tizimlar bilan jihozlangan «Smart» mebellar liniyasini ishga tushirishdir. Muhandis-texnolog sifatida ushbu loyihalarni shaxsan oʻzim loyihalashtiryapman.
Eksport bozoriga chiqish. Islohotlar doirasida mahalliy brendlarning xalqaro bozorga chiqishi uchun transport-logistika xarajatlarini subsidiyalash tizimi joriy etildi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, 2026–2030 yillar davomida mahsulotlarimizni qoʻshni davlatlar — Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston bozorlariga barqaror eksport qilishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqdamiz. Mahsulotlarimiz chet elda «Made in Uzbekistan» brendi ostida oʻz munosib oʻrnini egallaydi.
Yashil iqtisodiyot va ekologik toza mahsulotlar. Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil» texnologiyalarga oʻtish boʻyicha katta qadamlar tashlanmoqda. Biz ham oʻz navbatimizda ishlab chiqarishda faqat ekologik toza, inson sogʻligʻi uchun mutlaqo xavfsiz boʻlgan xomashyo va boʻyoq-lok materiallaridan (Ye1 standartlariga mos keladigan) foydalanishga toʻliq oʻtishni maqsad qilganmiz. Chiqindilarni qayta ishlash quvvatini 100 foizga yetkazamiz.
Koʻp yillik ustozlik tajribamga tayanib, korxonamiz qoshidagi «Ustoz-shogird» maktabini zamonaviy «Mebel akademiyasi»ga aylantirmoqchiman. Bu yerda biz yoshlarga nafaqat mebel yasashni, balki professional darajada 3D-modellashtirish, dizayn, shuningdek, zamonaviy dastgohlarni dasturlashni ham oʻrgatamiz.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar biz, tadbirkorlarga ulkan kuch va ishonch bagʻishlamoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, Qashqadaryo viloyatini respublikamizning eng yirik mebel sanoati markazlaridan biriga aylantirish uchun bor bilim va tajribamizni safarbar etamiz.
Yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, oʻz yoʻlini topishga intilayotgan xotin-qizlarimizga mening oltin qoidam shundan iboratki: hech qachon inqiroz va qiyinchiliklardan qoʻrqmang, zero eng mustahkam poydevor aynan sinovlarni yengib oʻtishda yaratiladi. Oʻz bilimingizga ishoning va oʻz ishingizning haqiqiy professionali boʻling, shunda muvaffaqiyatning oʻzi sizni topib keladi!

