Mahalliy

“Rejada bor”. Toshkent metropoliteni rahbari o‘rinbosari — ayollar uchun alohida vagonlar ajratish haqida

Toshkent metropolitenida hozircha ayollar uchun alohida vagonlar ajratish imkoni yo‘q. 'Biroq yangi yo‘nalishlar qurish va vagonlar xarid qilishda bu masalani inobatga olish rejamizda bor', — dedi metro rahbari o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupov. Uning ta’kidlashicha, bunday tartib zo‘ravonlik va tegajog‘likni kamaytiradi.

“Rejada bor”. Toshkent metropoliteni rahbari o‘rinbosari — ayollar uchun alohida vagonlar ajratish haqida

Toshkent metropolitenida ayollar uchun alohida vagonlar ajratish masalasi yangi metro yo‘nalishlarini qurish hamda vagonlar xarid qilish jarayonida hisobga olinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupov 3-noyabr kuni Kontent tayyorlash markazidagi matbuot anjumanidan keyin Gazeta muxbirining savoliga javoban ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham, bevosita murojaatlar orqali ham ayollar uchun alohida vagonlar ajratish taklifi bildirilmoqda. Ammo hozirgi yo‘lovchilar oqimi va metroning texnik imkoniyatlari bunday tartibni joriy etishga yetarli emas.

“Bugungi kunda imkoniyatimiz mavjud emas. Kelgusida yangi metro yo‘nalishlarini qurish va yangi vagonlarga buyurtma berishda ushbu masalani inobatga olgan holda ish tashkil etish rejamizda bor”, — deydi u.

Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, metroning o‘rtacha kunlik yo‘lovchilari orasida ayollar ulushi 40 foizni tashkil etadi.

U alohida vagonlar ajratilishi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tegajog‘lik holatlarini kamaytirishga yordam berishini aytdi. Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasini ham misol keltirdi.

“Ayollar uchun alohida vagonlar ajratilgandan keyin zo‘ravonlik va tegajog‘lik holatlari, albatta, kamayadi. Kelgusida ushbu rejalarimizni amalga oshirganimizda natijasini ko‘rishimiz mumkin”, — deydi Yusupov.

Ko‘pchilik bu xavfsizlik va qulaylikni ta’minlashi mumkin, deb hisoblagan. Ba’zilar esa tiqilinchni bartaraf etish uchun boshqa choralarni taklif qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.