Reimbursatsiya dasturi: aholiga 12 turdagi kasalliklar boʻyicha 28 xil dori vositalari tekin berilmoqda
SSV matbuot xizmati bu imtiyozdan foydalanish boʻyicha tushuntirish berdi.

**Reimbursatsiya dasturi: aholiga 12 turdagi kasalliklar bo‘yicha 28 xil dori vositasi bepul berilmoqda**
O‘zbekistonda Reimbursatsiya dasturi orqali aholi uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-oktabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabet 2-turi, qandsiz diabet, bronxial astma hamda me’da-ichak tizimi xastaliklari kabi 12 turdagi kasallik bo‘yicha 28 xil dori vositasi bepul berilmoqda.
Biroq Reimbursatsiya dasturidan foydalanish tartibini barcha fuqarolar birdek yaxshi biladi, deb bo‘lmaydi.
1) Avvalo, biriktirilgan oilaviy shifokoringizga murojaat qilasiz;
2) U klinik protokollar asosida sizni tekshiruvlardan o‘tkazadi;
3) Kasallik tasdiqlansa, oilaviy shifokor siz uchun elektron retsept rasmiylashtiradi;
4) Elektron retsept Doimiy faoliyatdagi hay’at raisi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi;
5) Elektron retseptda ko‘rsatilgan dori vositalarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonadan olasiz. Mablag‘lar ushbu jamg‘arma tomonidan dorixonaga o‘tkazib beriladi;
Unutmang: 7 kun davomida dorixonaga bormasangiz, elektron retseptni qayta olishingizga to‘g‘ri keladi.
6) Elektron retsept asosida olgan dori vositalarini bir oy — 30 kun davomida qabul qilasiz;
7) Muayyan muddatdan keyin tuzalganingiz tasdiqlansa, oilaviy shifokor sizni dispanser ro‘yxatidan chiqaradi.
«Agar yotib qolgan bo‘lsangiz, xonadoningizga tibbiy brigada boradi va oilaviy shifokor siz uchun elektron retsept tuzadi. Dori vositalarini oila a’zolaringizdan biri yoki patronaj hamshirasi yetkazib beradi.
Reimbursatsiya dasturi doirasidagi dori vositalarini har oy bepul olishingiz mumkinligini unutmang!» – deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

