“Real” va “Barselona” 2027-yilda Holandni Ispaniyaga olib kelishni rejalashtirmoqda — TEAMtalk

“Real” va “Barselona” 2027-yilda Holandni Ispaniyaga olib kelishni rejalashtirmoqda — TEAMtalk
Ispaniyaning ikki yirik klubi — “Barselona” va “Real Madrid” 2027-yilda “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holandni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Norvegiyalik forvard 2025-yil boshida “shaharliklar” bilan 9 yillik shartnoma imzolagan edi. O‘sha paytda klub avvalgi kelishuvdagi barcha tovon pullari, ya’ni sotib olish bandlari bekor qilinganini ma’lum qilgan. Shunga qaramay, ispan nashrlariga ko‘ra, Holand shartnomasida Ispaniyaga ko‘chib o‘tish uchun ayrim imkoniyatlar hanuz saqlanib qolgan. Bundan tashqari, “Siti” rahbariyati agar 25 yoshli futbolchi o‘z xohishi bilan yangi jamoaga o‘tishni istasa, klub uning ketishiga keskin qarshilik qilmasdan, vaziyatni to‘g‘ri baholashga va’da bergan.
Xulian Alvares transferini amalga oshirolmagan “Barselona” uzoq yillardan beri Holandni o‘z safiga qo‘shishni maqsad qilib keladi. Kataloniyaliklar 2027-yilgacha 100 mingdan ortiq muxlisga mo‘ljallangan yangi “Kamp Nou” stadionini to‘liq ishga tushirib, undan tushadigan katta daromadlar hisobiga ushbu transferni amalga oshirmoqchi. “Real” ham vaziyatni sinchiklab kuzatmoqda, biroq ularning hujum chizig‘ida Kilian Mbappe borligi sababli, Holandning jamoa taktik sxemasiga va moliyaviy holatiga qanchalik mos kelishi hozircha savol ostida qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Erling Holand 2022-yildan beri “shaharliklar” sharafini himoya qilib keladi. U klub safida jami 204 ta uchrashuvda maydonga tushib, 168 ta gol va 30 ta assist qayd etgan. Transfermarkt portali hujumchining bozor qiymatini 220 million yevroga baholagan.

