“Real Sanjik” sudi: muzokara bosqichi yakunlandi, Sanjar Karimov o‘z himoya pozitsiyasini bildirdi
Sanjar Karimovning apellyatsiya ishi bo‘yicha sud muzokaralari yakunlandi. U Toshkentdagi uyida tintuv o‘tkazilgani va giyohvand moddalar topilgani yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi. Shuningdek, uning qonida giyohvand moddalar aniqlanmaganini aytdi. 'O‘zbekistonda adolat borligiga ishonaman', — deydi Karimov.

“Real Sanjik” ishi: muzokara bosqichi tugadi, Sanjar Karimov o‘z himoya pozitsiyasini bayon qildi
“Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rilayotgan apellyatsiya ishining muzokara bosqichi yakunlandi. 28-sentabr kungi sud majlisida Karimov unga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan o‘z himoya pozitsiyasini bildirdi.
U Alimboyevlar oilasining uyi bilan bog‘liq epizod, tintuvlarning qonunga zidligi hamda otasiga tegishli paltodagi DNK ekspertizasi bo‘yicha e’tirozlarini aytib o‘tdi.
Sanjar Karimov himoya nutqining boshida Alimboyevlar oilasining uyi bilan bog‘liq holatga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uyni egallab olish yoki unga nisbatan jinoiy niyat bilan harakat qilish maqsadi bo‘lmagan.
Uning bayonotiga ko‘ra, voqealar 2024-yil avgustida boshlangan. 6−7-avgust kunlari Shahzod Rismatov unga ko‘chmas mulk xarid qilish va buning uchun mablag‘ ajratish taklifi bilan murojaat qilgan. Karimov Rismatovni oldindan tanishini, Alimboyevlar oilasini esa ilgari bilmaganini aytdi.
“Uyni rasmiylashtirish tashabbusi Rismatov tomonidan bo‘lgan. Men Alimboyevlar oilasini tanimaganman”, — dedi u.
Karimovning aytishicha, u notariusga 240 ming dollar bilan borgan va pul Rismatovga topshirilgan. Uy hamda ikkita avtomobil shu mablag‘ning kafolati sifatida rasmiylashtirilgan.
“Uy men uchun pullarimning garov-kafolati edi”, — dedi Karimov. Uning ta’kidlashicha, kelishuvga ko‘ra, Rismatov 12 kundan keyin pulni qaytarishi, shundan so‘ng uy avvalgi egalari nomiga qayta rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgan. “Bu kelishuv notariusda ham muhokama qilingan”, — deydi sudlanuvchi.
Karimov Alimboyevlar oilasi hujjatlar oldi-sotdi shartnomasi ko‘rinishida rasmiylashtirilayotganini bilgani, biroq Rismatovning uyni 12 kundan keyin qaytarish haqidagi va’dasiga ishonganini bildirdi. U bu fikrini jabrlanuvchi Alimboyeva va uning qizining ko‘rsatmalari bilan ham bog‘ladi.
Uning aytishicha, Yashnobod tumanidagi birinchi notarial idorada bitim rasmiylashtirilayotganda Alimboyevlar oilasining barcha a’zolari oldi-sotdi shartnomasini imzolayotganini anglagan va shu kechaning o‘zida Rismatov pulni olganiga ishonch hosil qilgan.
Rismatov keyinchalik xorijga ketib, pulni qaytarmagan. Karimovning aytishicha, 240 ming dollar Rismatovning boshqa shaxs — Muallanov oldidagi qarzini yopishga sarflangan.
Karimov Rismatov bilan Dubayda birgalikda biznes qilishni rejalashtirgani haqidagi ayblovni ham inkor etdi.
“Qanday qilib men 240 ming dollarimni berib, Rismatov bir so‘m ham sarflamasdan, foydaning yarmini oladigan biznesga rozi bo‘lishim mumkin?” — dedi u.
Karimov Rismatov yo‘qolgach, ayrim shaxslar undan avtomobillarni qaytarishni so‘raganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mashinalarning haqiqiy egalari murojaat qilganidan so‘ng ular qaytarilgan.
Karimov uyni Alimboyevlar oilasiga qaytarishga bir necha bor uringanini bildirdi.
“Ushbu oilaning fojiasi chuqurligini tushunib yetganimdan so‘ng o‘z pullarimni qurbon qilib, o‘zimga hisob berib, uyni ixtiyoriy ravishda qaytarib berdim. Bu mening harakatlarimda tasdiqlanadi”, — deydi u.
Karimovning aytishicha, birinchi suddan keyin ham oila bilan kelishishga harakat qilgan. Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasida ularga uyni qaytarishga tayyorligini aytgan, ammo oila buni ehson yoki zakot sifatida qabul qila olmasligini bildirgan.
“Qamoqqa olinishimdan bir necha kun oldin ham ularning xonadoniga bordim. Sudlashuvni davom ettirmaslik va uyni qaytarish bo‘yicha kelishishni taklif qildim”, — deydi Karimov.
Jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayeva bilan bog‘liq epizodga to‘xtalar ekan, Karimov unga nisbatan bosim o‘tkazmaganini aytdi.
“Men Rahmatullayevaga hech qachon biror-bir tazyiq yoki yomon harakat qilmaganman, qilish niyatim ham bo‘lmagan. Uning manziliga ham biror-bir tazyiq o‘tkazish bo‘lmagan”, — dedi Karimov.
Sud majlisida Karimov giyohvand moddalar bilan bog‘liq epizodga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, tintuv vaqtida sud sanksiyasi berilgan xonadondan tashqari, alohida kadastr raqamlariga ega bo‘lgan yana uchta xonadonga ham kirilgan.
“Qonun talablariga zid ravishda xodimlar orderda ko‘rsatilmagan mutlaqo boshqa eshik orqali kirishgan va uchta kvartirada noqonuniy tintuv o‘tkazishgan. Ularga sud ruxsati taalluqli bo‘lmagan”, — deydi Karimov.
U tintuv paytida ayrim eshiklar buzilgani, ba’zilari kodli va parolli qulflar bilan himoyalanganini aytdi.
“Ixtiyoriy ravishda kirishni ta’minlashni taklif qilmasdan, xodimlar qulflash moslamalarini buzib, sindirib, vakolatlarini oshirib yuborgan holda harakat qilishgan. Men o‘z konstitutsiyaviy huquqlarimga egaman. Qonun bo‘yicha taxminlarga asoslanib hukm chiqarish mumkin emas. Lekin menga nisbatan hukm taxminlarga asoslanib chiqarildi”, — deydi sudlanuvchi.
Karimov giyohvand moddalarni sotishga tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatuvchi ashyolar ham topilmaganini ta’kidladi.
“Jinoyat ishi materiallarida sotishga tayyorgarlik bo‘yicha harakatlar yo‘q. Men kanallar izlaganim, sotishga uringanim yoki topilgan moddalarni kimgadir sotish yoki topshirish niyatim bo‘lganiga birorta dalil yo‘q”, — deydi u.
Uning aytishicha, telefonlar, kompyuterlar, bank hisoblari va elektron hamyonlar tekshirilgan bo‘lsa-da, jinoiy yozishmalar, moliyaviy operatsiyalar, pul o‘tkazmalari yoki taqiqlangan moddalar muomalasi bilan bog‘liq faktlar aniqlanmagan.
Sanjar Karimov tintuv davomida topilgan moddalar uning marhum otasining davolanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“Otam AQSh fuqarosi bo‘lgan. U og‘ir kechadigan Parkinson kasalligidan aziyat chekkan. Shifokor rasmiy ravishda aynan o‘zi retsept yozib bergani va tetragidrokannabinol hamda kannabis asosidagi tibbiy preparatlarni tayinlaganini tasdiqlaydi. Bu faqat og‘ir titroq va Parkinson kasalligi simptomlarini bartaraf etish uchun bo‘lgan”, — dedi Karimov.
Uning aytishicha, otasi vafot etganidan keyin tintuv o‘tkazilgunga qadar atigi bir oy o‘tgan va marhumning buyumlarini yig‘ish yoki inventarizatsiya qilishga ulgurilmagan.
“Men u yerda hamma narsani ko‘rib chiqishga ulgurmadim. Har bir insonning uyida har bir tortmada nima borligini bilishi shart emas. Mening aybim — uyni yig‘ishtirishga ulgurmaganim”, — dedi u.
Karimov paltodan topilgan DNK izlari bo‘yicha ekspertiza xulosasiga ham e’tiroz bildirdi. Uning aytishicha, dastlabki ekspertizada asosan Y-xromosoma bo‘yicha tahlil o‘tkazilgan va uning DNKsiga mos kelishi haqida xulosa qilingan.
Himoya tomoni esa AQSh, Rossiya va O‘zbekiston mutaxassislarining xulosalarini sudga taqdim etgan. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, ular dastlabki ekspertizada yetarli genetik markerlar mavjud emasligi, DNK yuqori darajada degradatsiyalangani va aralash DNK profillarini talqin qilishda metodik muammolar borligini bildirgan.
“Palto marhum otamga tegishli edi. Palto ustida maishiy aloqa izlari, DNK izlari borligi tabiiy hayotiy omil bilan izohlanadi. Balki oila a’zolarimizdan kimdir va men qachondir uni kiyganmiz”, — deydi Karimov.
Uning fikricha, oila a’zosining paltoga tegishi yoki uni kiyishi cho‘ntakdagi buyumlarga egalik qilish yoki ulardan xabardor bo‘lganini anglatmaydi. Karimov, shuningdek, qon va siydik tahlillarida giyohvand moddalar aniqlanmaganini bildirdi.
“Meni besh marta tekshirishdi. Hatto IIV laboratoriyasigacha olib borib tekshirishdi. Hech narsa chiqmadi. Agar men bu narsani iste’mol qiladigan bo‘lsam, bu narsa chiqib kelardi”, — dedi sudlanuvchi.
U sudda o‘zining tadbirkorlik faoliyati haqida ham gapirdi. Sanjar Karimov bir nechta korxonaning ta’sischisi va rahbari ekani, xalqaro eksport-import operatsiyalari bilan shug‘ullanganini aytdi. Shuningdek, 1150 nafar rasmiy xodimi bo‘lgani, hozir esa ularning 830 nafari qolganini bildirdi.
“Mening ommaviy maqomim va media obro‘yimni ham e’tiborga oling. Ijtimoiy tarmoqlarda men „Real Sanjik“ taxallusi bilan tanilganman”, — deydi u sudlov hay’atiga.
Karimov apellyatsiya sudidan, avvalo, sanksiyasiz tintuvlar natijasida olingan ashyolarga huquqiy baho berishni so‘radi. Uning aytishicha, himoya tomoni Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Oliy suddan olingan hujjatlarni sudga taqdim qilgan.
Sanjar Karimov mazkur hujjatlarda kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda o‘tkazilgan tintuvning qonuniyligi keyinchalik sud tomonidan tekshirilishi lozimligi ko‘rsatilganini bildirdi.
“Alohida kadastrga ega xonadonga berilgan ajrimni boshqa xonadonlarga avtomatik ravishda tatbiq etib bo‘lmaydi”, — dedi u.
Sudlanuvchi o‘zini aybsiz deb hisoblashini yana bir bor ta’kidladi.
“Menga adolat chiqarib bering. [Giyohvand moddalarni] birorta odamga sotish va tarqatish umuman xayolimda bo‘lmagan. Adolatli hukm chiqarilishini so‘rayman”, — deb ta’kidladi Karimov.
Sud majlisidan so‘ng Sanjar Karimov OAV vakillarining savollariga javob berdi. Undan hukm chiqqandan keyin ozodlikka chiqsa, O‘zbekistonda qolish-qolmasligi so‘raldi.
“Albatta, qolaman. Kelajakda hali rejalarim katta. O‘zbekistonda boshlab qo‘ygan ancha ishlarim bor. Men O‘zbekistondan ketishni reja ham qilmaganman”, — dedi u.
“Shu sababli O‘zbekistonda adolat borligiga, prezidentimiz olib borayotgan siyosat juda adolatli ekaniga ishonaman. Bundan tashqari, Oliy sud raisi Robaxon opa [Mahmudova] va ishimda ishtirok etayotgan, uni nazoratga olgan barcha mas’ullardan menga adolatli hukm chiqarilishini so‘rab qolaman”, — deydi u.
U apellyatsiya sudiga ham adolat qaror topishiga ishongani uchun kelganini aytdi.
“Men adolatli hukm chiqarilishiga ishonganim uchun aynan apellyatsiya sudiga keldim. Bir inson agar adolatga ishonmasa, kelarmidi? Nimagadir oydinlik kiritishni so‘rarmidi? Mana, sizlar ham eshitdingiz, qancha vajlar aytildi. O‘n oydan beri qancha-qancha hujjat, dalillar yig‘dim. Bundan tashqari, yana nima kerak ekan? Mana, oxirida hatto grafik ham qildim”, — dedi Sanjar Karimov.
Karimov sud jarayoni nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham kuzatilayotganini ta’kidladi.
“Bir narsani aytmoqchiman: mana shu sud jarayonini butun MDH, butun Amerika hozir kuzatib o‘tiribdi. Amerikadagi o‘zbekistonlik diaspora, Rossiyadagilar… Kimki meni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, kimki menga adolat tilayotgan bo‘lsa, shu fursatdan foydalanib, ularga rahmat aytib qolaman. Adolatga ishonaylik”, — dedi u.
Sud hay’ati jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qism — sudlanuvchining oxirgi so‘zini 7-oktabr soat 11:00 ga qoldirdi. Sud hay’ati shu vaqtga qadar ishdagi yozma hujjatlar va dalillarni yana bir bor o‘rganib chiqishini bildirdi.

