“Real Sanjik” sudi: AQShdan yangi dalil keltirildi, sud tergovi qayta tiklandi
Sanjar Karimov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudida yangi audioyozuv taqdim etilgani sababli sud tergovi qayta tiklandi. AQShdan olib kelingan dalil o‘rganilishi uchun sud majlisi noma’lum muddatga qoldirildi. U suddan o‘zini giyohvandlik vositalarini sotish yoki o‘tkazishda aybdor deb topmaslikni so‘radi. Reportaj.

"Real Sanjik" ishi: AQShdan yangi dalillar taqdim etildi, sud tergovi qayta boshlandi
"Real Sanjik" nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga nisbatan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida o‘tkazilayotgan apellyatsiya sud majlisining yakuniy bosqichida sud tergovi qayta tiklandi va jarayon noma’lum muddatga qoldirildi.
21-avgust kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida muzokaralardan so‘ng Sanjar Karimovga so‘nggi so‘z berildi. Sud majlisidan avval Karimov va uning advokati bilan jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayeva hamda uning turmush o‘rtog‘i ishtirokidagi suhbatning audioyozuvi sudlov hay’atiga dalil sifatida taqdim etildi. Mazkur audioyozuv va ayblanuvchining advokatlari tomonidan sudga taqdim etilgan dalillarni o‘rganish, ularga huquqiy baho berish zarurati tug‘ilgani sababli sudlov hay’ati aynan shu qism bo‘yicha sud tergovini tiklash haqida ajrim chiqardi va sud majlisini noma’lum muddatga qoldirdi.
Sanjar Karimovga oxirgi so‘z berildi. U suddan o‘zini giyohvandlik vositalarini sotish yoki o‘tkazishda aybdor deb topmaslikni, tintuv vaqtida olingan ashyoviy dalillarni nomaqbul deb baholashni so‘radi.
"Menga adolat bering. Menga adolatli hukm chiqarib bering. Men kimga uni o‘tkazmoqchi bo‘lganman? Biron-bir ko‘rsatma, biron-bir odam, biron-bir audioyozuv, biron-bir suiqasd yoki xatti-harakat bormi? Men yana bir marta tantanali ravishda bayon qilaman: hayotimda hech qachon giyohvandlik vositasini o‘tkazish yoki sotish bilan shug‘ullanmaganman, shug‘ullanmayapman va hech qachon bunday niyatim bo‘lmagan", — dedi Sanjar Karimov.
"Uyimda tintuv o‘tkazish jarayonida mening konstitutsiyaviy huquqlarim qo‘pol ravishda buzildi. Tezkor xodimlar qulfni buzib kirishdi va sudning hech qanday yozma ruxsatisiz uchta xonadonda tintuv o‘tkazildi. Mening iltimosim bitta: menga adolatli, odilona hukm chiqaring", — dedi u.
Sudlanuvchi jazo tayinlashda uning muqaddam sudlanmagani va jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini ham hisobga olishni so‘radi.
"Men to‘qqiz oy mobaynida adolatli hukm, ofiyat va yengillikni Allohdan so‘rab keldim. Agar menga uy qamog‘i bersangiz, ikki dunyoda kam bo‘lmasin deb duo qilaman. Mening eng katta orzuim — bolamning oldiga borish, uni ko‘rish. Agar buning ham imkoni bo‘lmasa, menga 72-modda (Shartli hukm qilish) hamda 57-modda (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llang. Chunki menda jazoni og‘irlashtiruvchi birorta holat bo‘lmagan", — dedi "Real Sanjik".
U suddan muqaddam sudlanmagani hamda oilaviy holatini ham inobatga olishni so‘radi.
"Onam 67 yoshda, kasal, operatsiyadan chiqdi. Bolam bir yarim yoshda, hali kichik. Men har kuni bolamning oldiga borishni, uni ko‘rishni orzu qilaman. Men tadbirkorman. 1150 nafar ishchim bor edi, hozir 830 nafari qoldi. Raislik etuvchi, siz hozir faqat mening taqdirimni emas, balki boshqa odamlarning ham "qora qozoni"ni hal qilyapsiz. Shuni ham inobatga oling", — dedi Sanjar Karimov.
Tursunali Akbarovning tushuntirishicha, sud tergovi jarayonida keltirilgan dalillarning ishga aloqadorligiga aniqlik kiritiladi.
"Sud tergovi yakunlanib, muzokaralar ham tugagan, oxirida sudlanuvchining so‘nggi so‘zi qolgan edi. Mana shu jarayonda sudlanuvchi va uning advokatlari, ularning nuqtayi nazaridan, ish bo‘yicha ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan vajlarni keltirib, ma’lum bir dalillarni taqdim etdi. Advokatlar va sudlanuvchi tomonidan taqdim qilingan dalilning ishga qanchalik aloqadorligi, muhimligi va uning huquqiy quvvati nechog‘li ekani sud tergovi jarayonida ko‘rib chiqiladi va yakunda huquqiy baho beriladi", — dedi Akbarov.
Feruza Rahmatullayeva tergov jarayonlari qaytadan o‘tkazilishi zarurligini aytarkan, unda ham dalillar va audioyozuvlar mavjudligini bildirdi.
"Sanjar Karimovning sudida Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bo‘yicha jabrlanuvchi bo‘lib qatnashyapman. Hozir bular sudga audioyozuv olib kelib berdi. Nega buni oxirida berishdi? O‘g‘limga hukm o‘qilgandan keyin Sanjar Karimov menga telefon qilib, "Siz nimaga apellyatsiyaga bermayapsiz? Harakat qiling, o‘zim advokat beraman", degan. Unga "O‘ylab ko‘rishim kerak", desam, "Uchrashmasak bo‘lmaydi", deb advokati ikkisi ofisiga chaqirgan. Ofisga borganimda Sanjar Karimovning u yerda ekanini bilmaganman. U bekinib olgan ekan, bitta xonadan chiqib kelib, sumkalarimni olib qo‘yishgan. Lekin menda undan avval va keyin yozib olingan barcha audioyozuvlar, dalil-isbotlarim bor. Barchasini sudga taqdim etaman", — dedi jabrlanuvchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hamma narsa qaytadan tergov qilinishi, jarayon odilona bo‘lishi kerak.
"O‘g‘lim bekorga to‘qqiz yilga qamalib ketdi. Uning ishi bo‘yicha apellyatsiya va taftish tartibida ham shikoyat berganmiz. Hozir Oliy sud qarorini kutyapmiz", — dedi Feruza Rahmatullayeva.
Oybek Ashurov audioyozuv sudga nega avvalroq taqdim etilmaganiga izoh berdi. Uning aytishicha, yozuv Sanjar Karimovning AQShda bo‘lgan mobil telefonida saqlangani sababli uni O‘zbekistonga olib kelishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
"To‘g‘ri, "Nega bu dalil o‘sha vaqtda taqdim etilmadi?", degan savol tug‘ilishi mumkin. Buning sababi Sanjar Karimovning uyali aloqa vositasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lgani va uni bu yerga olib kelish jarayonida biroz qiyinchiliklar yuzaga kelganidir. Shu bois audioyozuvlarni sudga kech taqdim qildik. Sud majlisiga taqdim etilgan har qanday dalil sud tergovida muhokama qilinishi kerak. U muhokama qilinmasdan turib, jinoyat ishiga qo‘shilishi mumkin emas", — dedi advokat.
Advokatning ta’kidlashicha, audioyozuv Feruza Rahmatullayeva Sanjar Karimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan arizani berishidan bir kun avval yozib olingan.
"Bu jarayonda Feruza Rahmatullayeva hech qanday tazyiq, qo‘rquv yoki boshqa hislarsiz Sanjar Karimov bilan o‘zaro suhbatlashgan. Ular o‘g‘liga nisbatan chiqarilgan hukmni muhokama qilgan. Feruza Rahmatullayeva Sanjar Karimovdan ish bo‘yicha o‘g‘liga yordam berish uchun qo‘shimcha advokatlarni jalb qilishda ko‘mak so‘ragan", — dedi u.
Ashurovning so‘zlariga ko‘ra, Feruza Rahmatullayeva suhbatdan so‘ng ichki ishlar organlariga chaqirilayotganini aytgan. Ayol Sanjar Karimov uni o‘ldirish va unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish bilan qo‘rqitgani haqida ariza bergan. Advokat bu ma’lumotlarni asossiz va yolg‘on deb hisoblashini bildirdi.
"Shundan so‘ng ichki ishlar organlari Sanjar Karimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan", — dedi advokat.
Uning ma’lum qilishicha, shu kuni Sanjar Karimov Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan. Keyinchalik yashash joyida asossiz ravishda tintuv o‘tkazilgan.
"Bitta narsani yana e’tiborga olish kerak: Jinoyat kodeksining 112-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha shaxsning yashash uyida tintuv o‘tkazish uchun biror-bir asos mavjud emas, deb hisoblaymiz. Chunki ishga to‘plangan dalil asosan bitta audioyozuvdan iborat, boshqa hech narsa yo‘q. Agar Sanjar Karimov ushbu jinoyatni biror-bir qurol, vosita yoki boshqa narsa orqali sodir etgan bo‘lganida, uyida tintuv o‘tkazishga ehtiyoj bo‘lardi. Ammo bu holatda bunday asos yo‘q", — dedi Ashurov.
"Bu jarayonlardan ko‘rishimiz mumkinki, Sanjar Karimovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi holatlari ham, unga nisbatan olib borilgan tergov harakatlarining barchasi ham uyushtirilgan holda bo‘lgan, degan taxminiy advokatlik xulosamiz mavjud", — deya qo‘shimcha qildi Oybek Ashurov.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 8-may kuni Sarvar Karimovga oid jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan sud muhokamalari yakuniga yetgandi. O‘sha kuni Karimov 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Sud uni firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topgan.

