“Real Sanjik” sudi: Advokatlar narkotik moddaga oid holatlarga aniqlik kiritishni so‘radi
Sanjar Karimov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudida advokatlarning himoya nutqi tinglandi. Karimov jabrlanuvchining nutqiga munosabat bildirgani uchun zaldan chiqarib yuborildi. Advokatlarga ko‘ra, narkotik moddalarga oid holatlarga aniqlik kiritish zarur. Karimovning BMTga murojaat qilganiga ham to‘xtalib o‘tildi.

“Real Sanjik” sudi: Advokatlar narkotik moddaga oid holatlarga aniqlik kiritishni so‘radi
“Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida ko‘rilayotgan apellyatsiya ishi muzokaralar bosqichiga o‘tdi. 25-sentabrdagi sud majlisida Karimovni himoya qilayotgan advokatlardan olti nafari hamda jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayeva advokatining himoya nutqi tinglandi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.
Navbatdagi sud majlisida sudlanuvchi Sanjar Karimov raislik qiluvchining qarori bilan sud zalidan chiqarib yuborildi. Bunga jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayevaga so‘z berilgan vaqtda Karimovning uning yig‘laganiga munosabat bildirib, “Spektakl qo‘ymang” mazmunida aytgan gapi sabab bo‘ldi. Raislik qiluvchi bu holatni sudga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholadi.
OAV vakillariga bergan intervyusida tushuntirishicha, sud majlisini o‘tkazish tartib-qoidalari Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan.
Uning aytishicha, Karimov avvalgi sud majlislarida ikki marta sud jarayoni tartibini buzgan. Ikkinchi holatda unga raislik qiluvchi tomonidan qat’iy ogohlantirish berilgan va yana tartib buzilsa, ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkinligi aytilgan.
“Ko‘rib turganingizdek, bugun ham sudlanuvchi tomonidan sud majlisida tartib buzildi. U sudga nisbatan hurmatsizlikni ochiq namoyon qilganidan so‘ng, avvalgi ogohlantirishni inobatga olgan holda, raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi sud zalidan chiqarib yuborildi”, — deydi matbuot kotibi.
Akbarov sud jarayonida taraflarning huquqlari bilan birga majburiyatlari ham borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taraflarga o‘z huquqlaridan foydalanish imkoniyati berilar ekan, sud majlisidagi majburiyatlarini ham unutmasligi kerak.
“Sanjar Karimov ayblov xulosasi emas, sud hukmi bo‘yicha o‘tiribdi. Shuning uchun biz sud hukmiga nisbatan o‘z fikrimizni bildiryapmiz”, — dedi advokat.
Abduraimov himoya tomoni sud hukmidagi qonunchilikka zid holatlarni ko‘rsatish huquqiga ega ekanini ta’kidlab, Karimovga nisbatan qo‘yilgan uchinchi epizodga to‘xtaldi.
Uning aytishicha, hukmda tergov harakatlari davomida Karimov istiqomat qilib kelgan ofisdagi stol tortmasidan “Parlament” tamaki mahsuloti qutisi ichida polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli, mumsimon modda, pullarga va oq qog‘ozga o‘ralgan yashil rangli, o‘tkir hidli o‘tsimon modda hamda chekish uchun mo‘ljallangan baklajka topilgani qayd etilgan.
Biroq advokatga ko‘ra, hukmda ushbu moddalarning aynan qanday narkotik vosita ekani va miqdori ko‘rsatilmagan.
“Savol tug‘iladi: polietilen paketga o‘ralgan qo‘ng‘ir rangli, o‘tkir hidli, mumsimon modda nima? Nashami, marixuanami, gashishmi, opiymi? Agar nomi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, miqdori qancha?” — deydi Mansur Abduraimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, narkotik vositaning miqdori uning turiga qarab baholanadi. Shu sababli moddaning nomi va aniq miqdori ko‘rsatilishi muhim.
“Hukmda bu narsa aniqlanmagan. Aniqlangan bo‘lsa ham, yozilmagan. Narkotik moddaning nomini ham, miqdorini ham ko‘rsatmagan. Lekin negadir Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi
(Ko‘p bo‘lmagan miqdorda giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan kvalifikatsiya qilyapti”, — deydi advokat.
Mansur Abduraimov birinchi instansiya sudidagi ekspertizaga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, ekspert sudda ekspertiza uchun narkotik modda taqdim etilgani, biroq uning tarkibida tamaki ham bo‘lgani sababli aralashmadan sof narkotik moddani ajrata olmaganini bildirgan.
“Ekspert narkotik modda unga ekspertiza uchun taqdim etilganini aytdi. Lekin uning ichida tamaki bor ekan. „Men uni ajrata olmadim“ dedi. Sud bu ko‘rsatmani hukmda keltirgan, lekin unga baho bermagan”, — deydi advokat.
Uning fikricha, sud hukmining “aniqladim” qismida ish bo‘yicha aniqlangan muhim holatlarning barchasi aks etishi kerak. Biroq mazkur epizodda narkotik moddaning nomi va miqdori ko‘rsatilmagan.
Abduraimovning aytishicha, apellyatsiya sudi 21-avgustda sud tergovini qayta tiklaganidan keyin himoya tomoni ushbu holatlarga oydinlik kiritishni so‘ragan. Jumladan, ekspertlar va tintuvda qatnashgan operativ xodimlarni sudga chaqirish, ularning ko‘rsatmalarini eshitish hamda dalillarning maqbulligiga baho berish bo‘yicha iltimosnomalar kiritilgan.
“O‘nta iltimosnomaning ichida ham shu masalaga aniqlik kiritish so‘ralgan. Ekspertlarni hamda tintuvda qatnashgan operativ xodimlarni chaqirish, dalillarning maqbulligiga baho berishni so‘radik. Lekin sud ularni rad etdi”, — deydi u.
Advokatning ta’kidlashicha, apellyatsiya jarayonida ikki oy davomida ushbu masalaga aniqlik kiritilmagan. Uning fikricha, narkotik moddaning turi va miqdorini aniqlash uchun ekspertlar hamda tintuvda qatnashgan shaxslarning ko‘rsatmalarini eshitish zarur bo‘lgan.
“Miqdorini aniqlash uchun ekspertlarni chaqirish yoki tintuvda qatnashgan shaxslarni so‘roq qilish kerak edi. Ular qaysi modda topilganini tushuntirib berishi, ekspert esa uning tarkibida qancha miqdorda qaysi modda borligini aniqlashi mumkin edi”, — deydi Abduraimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 21-avgustdagi sudda prokuror ham himoya tomonining e’tirozlarida asos borligini aytgan. Prokuror o‘z ma’ruzasida narkotik moddaning nomi va miqdori bo‘yicha hukmda qolib ketgan holatlarni sud qonunga muvofiqlashtirishi mumkinligini bildirgan.
“Aniqlamagan narsani qanday qilib muvofiqlashtiradi? Agar aniqlasa, qo‘shishi mumkin edi. Lekin aniqlanmagan narsani qanday qilib muvofiqlashtirish mumkinligiga hayronman”, — deydi advokat.
Abduraimovning ta’kidlashicha, agar mazkur masalaga oydinlik kiritish zarur bo‘lsa, sud tergovini yana tiklash va qo‘shimcha dalillarni tekshirish talab etiladi.
Shuningdek, advokat Sanjar Karimovning organizmida narkotik modda aniqlanmaganini aytdi.
“Uni ekspertiza qilishganida, organizmida narkotik modda chiqmagan”,
— dedi Mansur Abduraimov.
Sanjar Karimov BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari va Noqonuniy hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhiga murojaat qilib, o‘ziga nisbatan sud jarayonida qonunbuzarliklar va huquqlari buzilganini bildirgan.
Advokat Mansur Abduraimovning ta’kidlashicha, ushbu murojaatlar sudga tashqi bosim o‘tkazish maqsadida qilinmagan.
Uning aytishicha, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan tashkilot rahbari Akmal Saidov imzosi bilan berilgan xulosada ham tintuv jarayonida qonun va konstitutsiyaviy huquqlar buzilgani qayd etilgan.
“Shu hujjat borligi uchun uning qarindoshlari ham, o‘zi ham BMTga murojaat qilyapti. Bu sudga bosim o‘tkazish degani emas. Milliy markazda shunday xulosa berilgani uchun „Bu masalani sizlar ham ko‘rib chiqasizlarmi?“ degan murojaat qilinmoqda”, — deydi advokat.
Toshkent shahri sudi matbuot kotibi Tursunali Akbarovning ta’kidlashicha, sudlanuvchining xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishi uning huquqi va bunga hurmat bilan qaraladi. Biroq O‘zbekistonda sodir etilgan holatlar, jumladan, jinoyat ishlari mamlakat qonunchiligi asosida ko‘rib chiqiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda holatni sun’iy ravishda siyosiylashtirishga urinishlar ham uchramoqda. Akbarovning aytishicha, agar xalqaro tashkilotlardan biror hujjat yoki javob kelsa, u tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi.
Matbuot kotibi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning xulosasiga ham to‘xtalib, u protsessual hujjat emasligi va tavsiyaviy xarakterga ega ekanini ta’kidladi.
“Markaz rahbariyati murojaat qiluvchining ariza va shikoyatidan kelib chiqib, o‘z xulosasini bergan. Bu xulosa ham tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, yakunda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va unga tegishli huquqiy baho beriladi”, — dedi Akbarov.
Sud 28-sentabrgacha tanaffus e’lon qilgan.
Sud uni firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topgan.

