Mahalliy

“Real Sanjik” ishi bo‘yicha sud tergovi boshlandi: yangi tafsilotlar ochiqlandi

“Real Sanjik” ishi bo‘yicha sud tergovi boshlandi: yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi

Bloger “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga nisbatan 14-sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sud tergovi boshlandi.

Oldingi sud majlisida ayblanuvchi Sanjar Karimov taqdim etgan audioyozuv hamda uning advokatlari sudga olib kelgan dalillarni o‘rganish va ularga huquqiy baho berish zarurati tug‘ilgani sabab sudlov hay’ati aynan shu qism bo‘yicha sud tergovini qayta tiklash haqida ajrim chiqargan edi.

14-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisda Sanjar Karimov taqdim etgan audioyozuv sud zalida qo‘yib eshittirildi. Unda Feruza Rahmatullayeva, uning turmush o‘rtog‘i, shuningdek, ikki nafar advokat va Sanjar Karimov o‘rtasidagi suhbat aks etgan.

Audioyozuvda Sanjar ismli ikki nafar shaxs tilga olingan. Xo‘sh, bu ikki Sanjar kim? Mazkur holat yuzasidan Sanjar Karimovning advokati Oybek Ashurov izoh berdi.

Uning aytishicha, Feruza Rahmatullayeva bu yerda Sanjar Karimov emas, Sanjar Alimov degan shaxs nazarda tutilganini o‘z og‘zi bilan aytgan. Shuningdek, Sanjar Alimov Toshkent shahar Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limida ishlagani va hozirda nafaqada ekani ham to‘liq bayon qilingan.

Sanjar Alimov Shahzod Karimov bilan bolaligidan birga ulg‘aygan, unga aka-uka tutingan tanishi ekani aytildi. Ular uy-joy, mashina oldi-sotdisi va boshqa ishlarda birga faoliyat yuritgan. Barcha ish Sanjar Alimov tomonidan bajarilgan. Biroq internet va ijtimoiy tarmoqlarda Sanjar ismi ko‘p takrorlangani sababli hammaning e’tibori Sanjar Karimovga qaratilgan va tergov ham xato tarzda Sanjar Karimovni bevosita Shahzod Rismatovga sherik sifatida jinoyat ishida ayblab chiqqan. Sanjar Alimov esa bilmadim, qanday sabablarga ko‘ra parda ortida qolib ketgan? Bunga uning ichki ishlar tizimida ishlagani yoki boshqa sabab bo‘lishi mumkin, dedi advokat.

Ayblanuvchi Sanjar Karimov audioyozuv yuzasidan bergan tushuntirishida Sanjar Alimov degan shaxsni umuman tanimasligini bildirdi.

Men, birinchidan, u Sanjarni tanimayman. Bular internetga o‘sha Sanjarni men deb chiqarishgan. Ular o‘ylaganki, u Sanjar — menman. Mana, Sanjarlarning farqiga oydinlik kiritildi, hamma eshitdi, dedi ayblanuvchi.

Sudda ayblanuvchi Feruza Rahmatullayevaga ham so‘z berildi. U audioyozuvdagi ovoz haqiqatan ham o‘ziga tegishli ekanini tasdiqladi. Shuningdek, audioyozuvning ayrim joylari qirqilib, sudga to‘liq taqdim etilmaganini, o‘sha kuni Sanjar Karimovga bosim ostida yaxshi gapirganini qo‘shimcha qildi.

Feruza Rahmatullayeva sudga Sanjar Karimov bilan telefon orqali bo‘lgan suhbat audioyozuvini ham taqdim etdi. Sud tomonidan keyingi majlislarda bunga huquqiy baho berilishi aytildi.

Sud tergovi davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 8-may kuni Sanjar Karimovni firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 410 BHM miqdorida jarima jazosi tayinlagan. Sanjar Karimov hukmdan norozi ekanini bildirib, yuqori instansiyaga shikoyat qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.