“Real” futbolchisi mast holda mashina boshqargani uchun jarimaga tortildi

"Real" futbolchisi mast holda avtomobil boshqargani uchun jazolandi
Ispaniyaning "Real" klubi himoyachisi Raul Asensio mast holatda mashina boshqargani sababli jarimaga tortildi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum etildi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri ma'lum qildi.
Voqea o'tgan 2025-yilning avgust oyida Gran-Kanariya orolida yuz bergan. Futbolchi to'xtatilib, tekshirilganda uning qonida spirtli ichimlik miqdori ruxsat etilgan me'yordan oshiq ekanligi aniqlangan. Sud qaroriga ko'ra, Asensio 14,4 ming yevro miqdorida jarima to'laydi va 8 oy muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etildi.
Bundan tashqari, yaqin kunlarda Asensio va "Real" akademiyasining yana uch nafar sobiq futbolchisiga nisbatan navbatdagi sud majlisi bo'lib o'tadi. Ular ikki ayolning roziligisiz intim mazmundagi videolarni tarqatganlikda ayblanmoqda.
Ma'lumot uchun, 23 yoshli Asensio "Real" akademiyasining tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2024-yildan beri asosiy jamoa sharafini himoya qilib keladi va madridliklar tarkibida 2024-yilda Qit'alararo kubokni qo'lga kiritgan.

