Rasman: Diyor Imomxo‘jayev yana 4 yil muddatga PFL rahbari etib saylandi

Rasmiy xabar: Diyor Imomxo‘jayev PFL rahbari lavozimiga yana 4 yilga saylandi
Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi (PFL) bosh direktori lavozimiga keyingi to‘rt yillik muddatga qayta saylandi.
Avvalroq, 17-avgust kuni O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov tomonidan imzolangan taqdimnoma Liga Ijroiya qo‘mitasiga yuborilgani va unda Diyor Imomxo‘jayev bosh direktor lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilgani ma’lum qilingan edi.
19-avgust kuni Liga Ijroiya qo‘mitasining sakkiz nafar a’zosi ushbu masalani muhokama qildi. Yig‘ilishda barcha a’zolar to‘liq ishtirok etdi. Xususan, Odil Ahmedov, shuningdek, Kuala-Lumpurdan Alisher Yusupov va Andijondan Elbek Samatov masofadan turib ovoz berishdi.
Yig‘ilish yakunida Ijroiya qo‘mitaning barcha a’zolari bir ovozdan Diyor Imomxo‘jayev nomzodini navbatdagi vakolat muddati uchun bosh direktor sifatida tasdiqladi. Shu tariqa, amaldagi rahbar 2026-yilning 19-avgustidan boshlab keyingi to‘rt yil davomida o‘z vazifasini bajarishda davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida, Diyor Imomxo‘jayev 2020-yildan buyon PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan, 2022-yilda esa Assotsiatsiya prezidentining tavsiyasiga ko‘ra rasman bosh direktor etib tasdiqlangan edi.

