Mahalliy

Rashidov faoliyatiga siyosiy chizgilar – Andropov Oʻzbekiston rahbarini nega yoqtirmagan?

1983-yil, oktabr. Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimi avjiga chiqqan. Moskvaning rejani bajarish haqidagi tayziqlaridan charchagan Sharof Rashidov Qorqalpogʻistonga otlanadi. Maqsad paxtakorlarga dalda berish va terim suratini oshirish edi. 31-oktabr kuni Oʻzbekiston rahbari Ellikqalʼa tumanida yurganida yurak xuruji sodir boʻladi va Rashidov vafot etadi.

**Rashidov faoliyatiga siyosiy chizgilar – Andropov Oʻzbekiston rahbarini nega yoqtirmagan?**

Sovet davrida Oʻzbekistonni bir nechta shaxs boshqargan. Ular orasida Sharof Rashidov Oʻzbekiston tarixida alohida oʻrin tutadi.

U respublikani uzoq vaqt — 24 yil boshqaradi va aynan Rashidov rahbarlik qilgan yillarda Oʻzbekiston sanoati hamda qishloq xoʻjaligi sezilarli darajada rivojlanadi. Aholining turmush tarzi yaxshilanadi. Shahar va qishloqlar obod boʻladi.

Ammo 1980-yillar boshiga kelib «Qizil imperiya» Rashidovning xizmatlarini munosib baholash oʻrniga uni yoʻq qilishga kirishadi. Natijada u 66 yoshida vafot etadi.

1917-yilda tugʻilgan Sharof Rashidov oʻrta maktabni tugatgach, avval Jizzax pedagogika texnikumida, keyin SamDUning Filologiya fakultetida oʻqiydi.

Oʻqishni bitirgach, viloyat gazetasida masʼul kotib va bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib ishlaydi. 1941-yilda urushga ketadi va yaralanib, 1942-yil noyabrda qaytib keladi. 1943-yilda viloyat gazetasida bosh muharrir boʻlib ishlay boshlaydi.

1944-yilda Rashidov Samarqand viloyati rahbari etib tayinlanadi. 1947-yilda uni Toshkentga chaqirib olishadi va «Qizil Oʻzbekiston» gazetasi bosh muharrirligini topshirishadi. 1949-1950 yillarda Rashidov Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari boʻlib ishlaydi.

1950-yilda u Oʻzbekiston oliy soveti prezidiumi raisi etib tayinlanadi. Rashidov bu lavozimda 1959-yilgacha faoliyat yuritadi va oʻsha yili Oʻzbekiston rahbari boʻladi. U Oʻzbekistonni 1983-yil 31-oktabr, vafotigacha boshqaradi.

Sharof Rashidovning «Mening nafratim» nomli ilk sheʼriy toʻplami 1945-yilda chop etiladi. 1951-yilda «Gʻoliblar» qissasi nashr etiladi. 1959-yilda «Boʻrondan kuchli», 1964-yilda esa «Buyuk toʻlqin» romanlari kitob holida chiqadi.

Yuqorida nomlari keltirilgan asarlar kommunistik mafkura asosida yozilgan boʻlib, ularda sovetlar olib borgan siyosat biryoqlama, faqat maqtov bilan tasvirlangan edi. Zero, oʻsha davrda sovet siyosatini maqtamasdan yozishning iloji ham yoʻq edi va buni boshqa taniqli adiblar ijodida ham koʻrish mumkin.

Adibning 1956-yilda nashr etilgan «Kashmir qoʻshigʻi» sheʼriy qissasida hind xalqining ozodlik uchun kurashi tasvirlanadi. Shuningdek, uning publitsistik maqolalardan iborat kitoblari ham chop etilgan.

Rashidov Oʻzbekiston rahbari boʻlgach, ijod qilishga vaqti boʻlmaydi. Biroq kitoblari qayta-qayta nashr etiladi. U oʻz davrida koʻplab adiblarga yordam beradi. Ammo asarlarini yoki oʻzini tanqid qilgan adiblarni mutlaqo kechirmaydi. Bunday adiblarning asarlari chop etilmaydi, oʻzlari davlat mukofotlaridan quruq qoladi.

Masalan, atoqli adiblar Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Saida Zunnunova va Said Ahmad kabi ijodkorlar badiiy kengash yigʻilishlarida Rashidovning asarlarini tanqid qilganlari uchun uning qahriga uchrashgan.

Gʻaybulloh as-Salom «Ey umri aziz» kitobida shunday yozadi:

«Taniqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy bilan Sharof Rashidovning murosasi kelishmaydi deb eshitib yurar edim. Kimdan oʻtgan, nimadan boshlangan buyogʻidan xabarim yoʻq. Sharof aka vafot etgan kuni Ismoiliyga «eski qadrdonlar»dan biri qoʻngʻiroq qilib oʻzicha «suyunchi» olmoqchi boʻlibdi:

- Tabriklayman, Mirza aka, mana raqibingiz Rashidov oʻlibdi. Endi xursandmisiz?

Mirzakalon uni gaplarini eshitib titrab-qaqshab, tutaqib ketadi.

- Ey badbaxt, esi past odam. Birovning vafoti bilan ham tabriklaydimi? Essiz. Kim aytuvdi uni meni dushmanim deb! Ajali yetganda hamma oʻladi. Bandalik bu. Bunday paytda xursand boʻlmaydilar, taʼziya bildiradilar. He seni qarayu!»

Said Ahmad «Yoʻqotganlarim va topganlarim» asarida Sharof Rashidovning qahriga qolgan kunlarini shunday eslaydi:

«Sharof Rashidovni «Qudratli toʻlqin» romanini muhokamada ozgina tanqid qilganimdan keyin Saida uchun ham, men uchun ham hamma yoʻllar yopildi. Na matbuot, na bosmaxona, na radio, na televideniye, hammasi biz uchun bekildi».

Shundan soʻng er-xotin Komil Yashinning yordami bilan Rashidov huzuriga kiradi. Oʻzbekiston rahbari ularga biroz achchiq-piching gaplarni aytadi va uchrashuv oxirida yaxshi muomala qilib kuzatadi. Biroq baribir Said Ahmad va Saida Zunnunovaga qoʻyilgan «zapret» bekor qilinmaydi.

«11 soat kutib uchrashganimiz, xoloskorimiz deb oʻylaganimiz rahbar oldidan qup-quruq boʻlib chiqib ketdik. Kitobim ham chiqmadi. Matbuot eshiklari Saida ikkalamiz uchun ham ochilmadi. Ukrainada qissam chop etilib roʻzgʻorni bir navi oʻtkazib turdik. Bizga nega bunaqa munosabat boʻlayotganini Saida ikkalamiz ham yaxshi bilar edik. Hammasi, oʻsha «Qudratli toʻlqin»ni tanqid qilganimdan keyin boshlangan edi»,

deb eslaydi oʻsha kunlarni Said Ahmad «Yoʻqotganlarim va topganlarim» asarida.

Sharof Rashidov Oʻzbekiston rahbari boʻlgach, koʻp oʻtmay KPSS markaziy qoʻmitasi aʼzoligiga saylanadi. Shundan soʻng oʻsha paytda SSSRni boshqarib turgan Nikita Xrushchyov uni xalqaro muloqotlarga torta boshlaydi.

Jumladan, Rashidov 1962-yilda Kuba inqirozi davom etayotgan pallada sovet delegatsiyasi rahbari sifatida «Ozodlik oroli»ga boradi va Fidel Kastro bilan muhim muzokaralar oʻtkazadi.

Keyinroq SSSR rahbarligiga Leonid Brejnev kelgach, Rashidov KPSS markaziy qoʻmitasi siyosiy byurosi aʼzosi, 1970-yilda esa SSSR oliy soveti prezidiumi aʼzosi boʻladi.

Oʻz davrida Rashidov butun ittifoqqa taniqli arbob boʻlgan. Buni Gʻaybulloh as-Salomning «Ey umri aziz» kitobida keltirilgan quyidagi jumlalar ham tasdiqlaydi:

«1982-yilda Olmaota shahrida Qozogʻiston Fanlar Akademiyasining vitse prezidenti akademik Zakiy Ahmad bilan uchrashib suhbatlashgandim.

U shunday fikrni bildirgan edi:

- Biz qardosh Oʻzbekistonga doim havasimiz keladi va toʻgʻrisi biroz rashk qilamiz,- degan edi u. - Chet ellardan, ayniqsa Gʻarb davlatlaridan bizga tashrif buyurgan odamlar bu mintaqada Oʻzbekistondan boshqa joyni tanimaydilar. Ular bilan suhbatimiz doim qiziq kechadi:

- Bu yurt Oʻzbekiston emas, Qozogʻiston, ularga hijjalab uqtiramiz.

- Ha, tushundim: Oʻzbek, Oʻzbek! Toshkent.

Yoʻq, Qozogʻiston. Poytaxtimiz ham Toshkent emas, Olmaota. Qozogʻiston-Olmata.

- Endi tushundim. Oʻzbek-Toshkent-Rashidov.

Ahmad Zakiy zavq bilan kuladi: «E mayli, shunday boʻlaqolsin: Oʻzbek-Toshkent-Rashidov».»

### Rashidov davridagi Oʻzbekiston

Sharof Rashidov davrida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi va sanoat keskin rivojlanadi. Birgina misol, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi oʻz davrida dunyodagi beshta eng yirik aviazavoddan biriga aylanadi.

Shuningdek, respublikada Toshkent traktor zavodi, Tashselmash kabi yuzlab yirik korxonalar tashkil etiladi. Shahar va qishloqlar obod boʻladi.

Oʻnlab IES hamda GESlar quriladi va qishloqlar toʻliq elektrlashtiriladi. Infratuzilma yaxshilanadi. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va kengaytirish uchun suv omborlari barpo etiladi.

Minglab kilometr temiryoʻllar va oʻn minglab kilometr avtomobil yoʻllari quriladi. 1966-yilgi zilziladan soʻng Toshkent butunlay qayta tiklanadi. Poytaxtda metropoliten barpo etiladi.

Gʻaybulloh as-Salom «Ey umri aziz» kitobida oʻsha kunlarni shunday eslaydi:

«Kunlardan birida samarqandlik taniqli tilshunos olim, professor Xudoyberdi Doniyoriy bilan gurunglashib qoldik. Domla bilan uchrashdik deguncha, oramizda bahs qoʻzgʻalardi.

Oʻsha galgi tortishuv Toshkentda yangi qurilgan Lenin muzeyi haqida boʻldi.

– Oʻzbekiston poytaxtida saroyday Lenin muzeyining boʻlimini ochishga balo bormi! – deb hayron boʻlib savol berar edim men. – Bu yoqda xalqimiz qishloq joylarida tutday toʻkilayotgan xarobalarda oʻtirsa-yu, shahar markazida Leninga deb marmardan muhtasham bino qursak. Bu qanday mantiq?

Xudoyberdi domla, parvoi falak, Lenin muzeyi qurilgani uchun Sharof Rashidovga rosa maqtovlar oʻqidi. Goʻyo Leninga muzey qurilishi toʻgʻri ish boʻlgan emish. Uning aytishicha goʻyo: bu foniy dunyoda hech narsa abadiy emas, Leninlar ham. Yovuz qizil saltanat bir kun kelib albatta yemiriladi. Xalqimiz kishanlardan ozod boʻladi. Respublikamiz yorugʻ, mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqib oladi.

Oradan yillar oʻtib Xudoyberdi domla va Sharof aka orzu qilgan kun keldi. Mustaqillikka erishdik. Ammo, ming afsuski ular Leninni kelganini koʻrishdi-yu ketganini koʻrish ularga nasib etmadi».

Rashidov davrida viloyat va tuman markazlarida aholi uchun uy-joylar qurilib, hududlar obodonlashtiriladi. Uning qarorlari bilan yangi muzeylar, teatrlar, istirohat bogʻlari quriladi. Shuningdek, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarning yubileylari oʻtkaziladi.

Sovet mafkurasi Amir Temurni qonxoʻr deb uqtirib turgan oʻsha zamonda 1969-yilda Samarqandda Temuriylar davri sanʼatiga bagʻishlangan xalqaro simpozium oʻtkaziladi. Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi olimlarning hayoti tadqiq etiladi.

### Olti million tonna paxta

Sharof Rashidov oʻsha zamon tili bilan aytganda «Kompartiyaning sadoqatli soldati» edi va Oʻzbekiston rahbari sifatida Moskvadan nima buyruq berilsa, oʻshani bajarishga majbur edi.

Biroq bu Moskvada oʻtirgan korchalonlarni qoniqtirmaydi. Shu sababli Rashidov oldiga hosilni 5 mln tonnaga yetkazish talabi qoʻyiladi.

Amallab bu reja bajariladi. Ammo Moskvadagilar endi Rashidovdan paxta hosilini 6 mln tonnaga yetkazishni talab qila boshlaydi. Amalda oʻsha paytda Oʻzbekistonda 6 mln tonna paxta yetishtirish mutlaqo imkonsiz edi. Biroq Rashidov Moskvaning talabini rad eta olmasdi. Buning ustiga bu talab SSSR rahbari Leonid Brejnevning ogʻzidan chiqqan edi.

Paxtani 6 mln tonnaga yetkazish uchun bu safar katta kampaniya boshlanadi va respublika boʻylab poliz hamda boshqa ekinlar maydonlari keskin qisqartiriladi, bogʻlar kesiladi. Hammayoqqa paxta ekiladi. Oʻshanda ham rejani bajarishning iloji boʻlmaydi.

Oxiri Moskvadagi mulozimlarning oʻzi yordamga keladi. Ular: «Siz bizga pulni yuboring, reja bajariladi», deydi. Oxir-oqibat shunday yoʻl tutiladi va reja bajariladi. Biroq bu ishning asorati Oʻzbekiston uchun ogʻir kechadi.

Kimyoviy dorilar koʻp ishlatilgani sababli yerlar chalajon holatga tushadi. Odamlar orasida «sariq kasali» nomi bilan mashhur gepatit A va gepatit B urchiydi. Bolalar va oʻqituvchilar paxta dalasiga haydalganidan maktablarda darslar qolib ketadi. Xalqning turmush tarzi pasayadi. Qisqasi, paxta yetishtirish xalq uchun ofat va kulfatga aylanadi.

1970-yillarning ikkinchi yarmida SSSR rahbari Leonid Brejnev boʻlsa ham, amalda mamlakatni KGB rahbari Yuriy Andropov boshqarardi. Oʻsha paytda barcha rahbarlar u bilan hisoblashib muomala qilishga majbur edi. Hatto Brejnevning oʻzi ham undan qoʻrqib yashagan, deyishadi.

Andropov Rashidovni yoqtirmasdi. Buning sababi haqida taxminlar koʻp. Ulardan eng mashhuri — Brejnevning Sharof Rashidov bilan ancha iliq munosabatda boʻlgani Andropovga yoqmaganidir.

Shuningdek, yana bir taxminga koʻra, Rashidov Afgʻonistonga qoʻshin kiritishga qarshi boʻladi. Siyosiy byuroda shu masala muhokama qilinganda Brejnev Afgʻon urushiga qarshi boʻlayotganlar roʻyxatida Rashidovni ham tilga oladi.

Afgʻonistonga qoʻshin kiritish uchun jon-jahdi bilan harakat qilgan Andropovga Oʻzbekiston rahbarining bu ishi yoqmaydi. Biroq oʻsha paytda u Brejnevning panohida boʻlgan Rashidovga hech narsa deya olmaydi.

1982-yil kuzida, Brejnevning vafotidan soʻng mamlakat rahbari boʻlgach, Andropov Oʻzbekistonda poraxoʻrlik hamda qoʻshib yozish avj olgani va bunga chek qoʻyish kerakligi haqida bot-bot gapira boshlaydi. Hatto 1983-yil yanvarda u Rashidovga hayfsan beradi.

1983-yil aprelda KPSS markaziy qoʻmitasi siyosiy byurosi Oʻzbekistondagi paxta yetishtirishda sodir etilgan qoʻshib yozishlarni tergov qilish haqida qaror qabul qiladi. Oʻsha yil sentabrda SSSR bosh prokuraturasi Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov boshchiligidagi guruhni Oʻzbekistonga yuboradi.

Andropovning maqsadi Rashidovni qamoqqa tiqish edi. Biroq u bunga ulgurmaydi: 1983-yil 31-oktabr kuni Rashidov yurak xuruji tufayli vafot etadi. Shunga qaramay, Gdlyan va Ivanov Oʻzbekistonda tergov ishlarini davom ettiradi.

Gdlyan va Ivanov boshliq «desantchilar»ning Oʻzbekistonni qanday «taftish» qilgani koʻpchilikka ayon. Ular oʻzbekistonliklarni gʻayriinsoniy usullar bilan qiynoqqa soladi va koʻpchilikni qamoqqa tiqadi. Ayrimlar tergov jarayonida oʻldiriladi yoki joniga qasd qiladi.

Toʻgʻri, Gdlyan va Ivanovning Oʻzbekistondagi vahshiyliklari Andropovdan keyin SSSRga rahbarlik qilgan Konstantin Chernenko va Mixail Gorbachyov davrida ham davom etadi. Ammo fakt shuki, ularni Oʻzbekistonga yuborish va oʻzbekistonliklarni jazolash aynan Andropovning xohishi edi.

Rashidov vafotidan soʻng koʻp oʻtmay unga qarshi katta kampaniya boshlanadi. Markazda va viloyatlarda u bilan doʻstona aloqada boʻlgan odamlar ishdan haydaladi yoki lavozimi pasaytiriladi.

Moskva televideniyesi va markaziy gazetalarda, Oʻzbekiston matbuotida Rashidovni qoralash kuchayadi. Tirikligida unga yaltoqlanib, maqtovlar aytganlar endi uni qoralay boshlaydi.

Rashidov vafot etganda avvaliga uni izzat-hurmat bilan, kelajakda ulkan xotira majmuasi barpo etish maqsadida Toshkent shahri markazida, hozirgi Mustaqillik maydonining bir chetiga dafn etishadi.

Rashidovni qoralash kampaniyasi avjiga chiqqach, 1986-yilda uning jasadi birinchi dafn etilgan joydan chiqarib olinadi va Chigʻatoy qabristoniga qayta dafn etiladi.

Gʻaybulla as-Salom «Ezgulikga bogʻlan odamzod» kitobida oʻsha davrlarni eslab shunday yozadi:

«Aytishlaricha Qozogʻiston rahbari Dinmuhammad Qoʻnayev katta bir yigʻinda yigʻlamsirab degan ekan:

– Hoy, har qancha gaping boʻlsa, – hozir, koʻzim tirikligida aytib qol. Oʻlib ketganimdan keyin, anovi oʻzbekka oʻxshab, goʻrimni kovlama, orqamdan gʻisht qalab yurma!».

Dinmuhammad Qoʻnayev goʻrimni kavlama deb aytganda Rashidovning qayta dafn etilishini nazarda tutgan edi.

Sovet davrida oʻlimidan soʻng qattiq qoralangan Rashidov Oʻzbekiston mustaqil boʻlgach oqlanadi. Joylarga nomi beriladi, yubileylari oʻtkaziladi. Jizzaxda uy-muzeyi ochiladi.

Rashidovning oʻzbek xalqi oldidagi xizmatlari inobatga olinib, oʻlimidan soʻng 1994-yilda Navoiy nomidagi davlat mukofoti beriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.