Siyosat

Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet»ga pulli ovoz berish reklamalaridan ogohlantirdi

Qo‘mita «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish uchun pul va’da qilayotgan norasmiy botlar hamda reklamalar yuzasidan

Raqobat qo‘mitasi "Tashabbusli budjet" loyihasi bilan bog‘liq pullik ovoz berish reklamalariga nisbatan ogohlantirish berdi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bunday e'lonlar amaldagi tartiblarga zid ekanligini va fuqarolarni chalg‘itishi mumkinligini ta'kidladi.

"Tashabbusli budjet" loyihasi fuqarolarga o‘z hududlaridagi ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surish va ovoz berishda ishtirok etish imkonini beradi. Biroq, ovoz berish jarayoni to‘liq ixtiyoriy bo‘lib, u uchun hech qanday to‘lov yoki moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmagan.

Qo‘mita o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida ayrim mashhur blogerlar uchinchi shaxslar manfaati uchun norasmiy "bot"lar orqali ma'lum to‘lov evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan. Shuningdek, bu reklamalarda "rasmiy" so‘zidan va "Ochiq budjet" portali logotipiga o‘xshash belgilardan foydalanilgani fuqarolarni adashtirishi mumkinligi qayd etildi.

Raqobat qo‘mitasining ma'lumotiga ko‘ra, "Tashabbusli budjet" jarayonida ovoz berish faqat "Ochiq budjet" axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Amaldagi qoidalarga muvofiq, ovoz berish uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va ovoz bergan fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish berilmaydi.

Qo‘mita norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma'lumotlarga ishonish jarayonning shaffofligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi, shuningdek, huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatdi.

Avvalgi monitoringlar davomida pul evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgan bir qator blogerlar aniqlangan. Ular orasida O‘tkir Shodmonov (utkir_shodmonov), Abdurasul Ibroximov (Mominlive.1), Amirov Asilbek (Aslbek_emir) va Jasur Shodiyev (jasjannew) bor. Ularga nisbatan ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilgan, tegishli choralar ko‘rilgan hamda qonunchilik talablariga zid reklamalar olib tashlangan.

Raqobat qo‘mitasi "Tashabbusli budjet" loyihasi doirasida monitoringlar davom ettirilishini va qonunbuzilish holatlari aniqlansa, vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.