Mahalliy

Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha jiddiy ogohlantirdi

Mazkur mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda

Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) borasida jiddiy ogohlantirish e’lon qildi.

So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda BFQ, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar va mineral suvlarning turli kasalliklarni davolashi haqidagi reklamalar keng tarqalmoqda. Ba’zi holatlarda bu mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya kabi kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida targ‘ib qilinib, iste’molchilarda ularning dori vositasi ekanligi haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lmoqda.

Vaholanki, vakolatli organlarning xulosasiga ko‘ra, BFQlarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirishdan iborat bo‘lib, ular dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Shu sababli, BFQlarni davolovchi vosita sifatida talqin qilish hamda ularning shifobaxsh xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.

«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi quyidagilarni o‘z ichiga olmasligi kerak:

* Ular dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;

* Odamlarning davolangani yoki ahvoli yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilmasligi;

* Fuqarolarning minnatdorlik bildirishlari yoki tavsiyalarini o‘z ichiga olmasligi;

* Sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;

* Tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar orqali mahsulotning dori vositalaridan ustunligi haqida tasavvur uyg‘otmasligi;

* Har bir holatda «Ushbu mahsulot dori vositasi emas» mazmunidagi ogohlantirish bilan berilishi shart.

Eslatib o‘tamiz, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga, iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi.