Raqobat qoʻmitasi raqamli xizmatlar platformalarini tekshirmoqda
Raqobat qoʻmitasi striming, internet va raqamli TV platformalarini isteʼmolchilar uchun maʼlumotlarning toʻliqligi boʻyicha oʻrganmoqda.

Raqobat qoʻmitasi raqamli xizmatlar platformalarini tekshirmoqda
Oʻzbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlarning platformalarini oʻrganishga kirishdi. Tekshiruv telekommunikatsiya xizmatlari masalalari boʻyicha isteʼmolchilar murojaatlari soni ortgani fonida oʻtkazilmoqda.
2026 yilning joriy davri holatiga koʻra, telekommunikatsiya xizmatlari boʻyicha isteʼmolchilarning shikoyatlari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga oshib, 1 mingdan ortiq murojaatni tashkil etdi.
Tahlillar davomida ayrim operator va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida isteʼmolchilar uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar toʻliq hajmda joylashtirilmagani aniqlandi. Xususan, bu tariflar va narxlar, xizmat koʻrsatish shartlari, ommaviy oferta va boshqa muhim shartlarga taalluqlidir.
Qator holatlarda bunday maʼlumotlar davlat tilida ham taqdim etilmagan.
Qoʻmita oʻrganishni ochiq manbalar asosida olib bormoqda. Mutaxassislar striming, internetga ulanish va raqamli televideniye xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyalar platformalarida isteʼmolchilar uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar qanchalik toʻliq joylashtirilganini, shuningdek, ularning qonunchilik talablariga muvofiqligini baholamoqdalar.
Shu munosabat bilan, tegishli xizmatlarni koʻrsatuvchi tashkilotlarga mobil ilovalar va veb-saytlardagi maʼlumotlarning toʻliqligini taʼminlash hamda ularni qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqlashtirish tavsiya etildi.
Isteʼmolchilar oʻz taklif va murojaatlarini Qoʻmitaning [email protected] va [email protected] manzillariga yuborishlari mumkin.
Qoʻmita tomonidan maʼlum qilinishicha, oʻtkazilgan oʻrganish yakunlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar keyinroq taqdim etiladi.

