Ramzan Qodirov saylovda 99,85 foiz ovoz bilan yana g‘alaba qozondi

Ramzan Qodirov saylovda 99,85 foiz ovoz bilan yana g‘alaba qozondi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublika rahbarligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda 99,85 foiz ovoz bilan yana g‘alaba qozondi.
Qodirovning saylovdagi raqiblari Ismoil Denilxanov (“Adolatli Rossiya”) va Xolid Nakayev (KPRF) har biri 0,05 foizdan ovoz oldi. Qodirov 2007-yildan beri Chechenistonni boshqarib kelmoqda. U “Yedinaya Rossiya” partiyasidan respublika rahbari sayloviga nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026-yil aprel oyi oxirida Kremlda Ramzan Qodirov bilan uchrashgan edi. O‘shanda u Qodirovga ishonishini, Checheniston rahbari xalq va davlat oldidagi burchini vijdonan bajarib kelayotganini aytgan. Rossiya prezidenti Qodirov uni uyaltirib qo‘ymasligiga ishonch bildirgan.
Iyul oyida esa Ramzan Qodirov saylovda “majburlikdan” ishtirok etishini ma’lum qilgan.
“Agar mendan so‘rashsa, boshqa nomzodni tanlagan bo‘lardim, chunki bu katta mas’uliyat, bu qanchalik murakkab vazifa ekanini bilaman. Saylovga majburlikdan ketyapman, deyishim mumkin. Ishonchim komil, xalq qo‘llab-quvvatlaydi. Agar xalq qo‘llab-quvvatlasa, ular uchun xizmat qilishga tayyorman”, degan edi u.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yil 18-20-sentyabr kunlari Rossiyada Davlat Dumasi deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda 57,87 foiz ovoz bilan “Yedinaya Rossiya” yetakchilik qilmoqda.

