Raketa yordamida uchiriladigan jangovar dron Yevropada sinovdan oʻtkazildi
Airbus va Kratos kompaniyalari U740 Valkyrie uchuvchisiz jangovar samolyotining birinchi parvozini oʻtkazdi. Apparat raketa tezlashtirgichi yordamida havoga koʻtarilib, turli balandliklarda manyovrlar bajargan va soatiga 960 kilometrgacha tezlikka erishgan.

Raketa yordamida uchiriladigan jangovar dron Yevropada sinovdan oʻtkazildi
The War Zone xabariga koʻra, Airbus bu sinov haqida 12-oktabr kuni maʼlum qilgan. Parvoz Shimoliy Yevropadagi nomi oshkor etilmagan poligonda amalga oshirilgan.
Sinov jarayonida apparatga berilgan vazifani parvozning oʻzida oʻzgartirish imkoniyati ham tekshirilgan. Airbus maʼlumotiga koʻra, belgilangan barcha maqsadlarga erishilgan.
U740 — AQShning XQ-58A Valkyrie uchuvchisiz jangovar samolyoti asosida ishlab chiqilayotgan Yevropa varianti. Germaniya ushbu loyiha doirasida jangovar qoʻllashga tayyor kompleksni 2029-yilga borib olishni rejalashtirmoqda.
Keyingi bosqichda apparatga Airbus ishlab chiqqan MARS missiyani boshqarish tizimini oʻrnatish koʻzda tutilgan. U samolyotning dasturiy taʼminoti va jangovar vazifalarni boshqarish ustidan Yevropa nazoratini taʼminlashi kerak.
Ishlab chiquvchilar rejasiga koʻra, MARS dronlarga avtonom harakatlanish va guruh tarkibida oʻz harakatlarini muvofiqlashtirish imkonini beradi. Hozircha eng muhim qarorlarni qabul qilishda inson ishtiroki saqlanadi.
Kratos yaratgan XQ-58A Valkyrie nisbatan kam xarajatli jangovar platforma sifatida ishlab chiqilgan. Airbus tayyor konstruksiyaga oʻz boshqaruv tizimini moslashtirish orqali butunlay yangi samolyot yaratilishini kutmaslikni maqsad qilgan.
U740’ning muhim xususiyatlaridan biri — raketa tezlashtirgichi yordamida uchirilishidir. Bu apparatning odatiy uchish-qoʻnish yoʻlaklariga bogʻliqligini kamaytiradi.
Valkyrie’ning dastlabki konstruksiyasi asosan parashyut yordamida yerga qaytishga moʻljallangan. Yangi variantlarida esa raketa tezlashtirgichi bilan uchib, uchish-qoʻnish yoʻlagiga qoʻnish imkoniyati paydo boʻlgan.
Bunday yondashuv Germaniya harbiy-havo kuchlariga aviatsiyani turli joylarga tarqatib joylashtirish va toʻliq aerodromi boʻlmagan maydonlardan dron uchirish imkonini berishi mumkin. Bu mavjud aerodrom infratuzilmasi hujum xavfi ostida qolgan sharoitda ham ahamiyatli.

