Raketa evaziga dron. Ukraina sobiq mudofaa vaziri Patriot muammosini barter orqali hal etishni taklif qildi

Raketa evaziga dron: Ukraina sobiq mudofaa vaziri Patriot muammosini barter orqali hal etishni taklif qildi
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov Qo‘shma Shtatlarga dronlar armiyasini yaratishda yordam berishni taklif qildi. Buning evaziga u Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalarni so‘ramoqda. Sobiq amaldorning bu bayonoti Financial Times nashriga bergan intervyusida yangradi.
Fedorovning aytishicha, u amerikaliklarga zamonaviy dronlardan iborat armiyani tashkil etishda yordam berishdan mamnun bo‘ladi. Ukrainaliklar ilg‘or texnologiyalar va ularni qo‘llash bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. AQSH esa buning evaziga mamlakatni havo mudofaasi raketalari bilan ta’minlaydi.
"Men bunday almashinuvga tayyorman", dedi Fedorov.
Shundan so‘ng jurnalist sobiq amaldordan u Vashingtonga borib, Donald Tramp ma’muriyati vakillari bilan uchrashishi mumkinligi haqida so‘radi. Ammo Fedorov bu savolga izoh bermadi.
Kiyevdan Rimga "transfer"
Mixaylo Fedorov prezident Zelenskiy jamoasidagi siyosatchilardan biri sifatida ko‘rilardi. U mamlakatda raqamli infratuzilmani rivojlantirishda, dronlar va masofadan boshqariluvchi tizimlarni ommalashtirishda qator yutuqlarga erishdi. Ammo mudofaa vaziri lavozimidan olingach, mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘tkazishga oshkora chaqirdi.
Bundan avval Zelenskiy yosh va iste’dodli kadrni o‘z jamoasida olib qolish uchun qator lavozimlarni taklif etgandi. Ammo ular Fedorovni qanoatlantirmadi. Sobiq amaldor Italiya mudofaa vazirining unga maslahatchi bo‘lish taklifini qabul qildi. Biroq Ukraina bilan aloqalarni uzmadi.
Fedorovga ko‘ra, u mudofaa texnologiyalari bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etmoqchi. Jamg‘armaga Qo‘shma Shtatlardan sarmoya jalb qiladi. Mablag‘ yangi qurollarni ishlab chiqadigan kompaniyalarni yaratish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Sobiq amaldor hozirda venchur investorlar va AQSH texnologiya kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.

