Mahalliy

Radar jarimasidagi QR-koddan suv hisoblagich guvohnomasi chiqdi. Metrologiya instituti izoh berdi

Radar jarimasidagi QR-koddan suv hisoblagich guvohnomasi chiqdi: Metrologiya instituti munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tezlikni o‘lchash vositasining qiyoslash guvohnomasini tekshirish uchun berilgan QR-kod orqali suv hisoblagichiga oid guvohnoma ochilgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston milliy metrologiya instituti izoh berdi.

Videoda fuqaro soatiga 70 kilometr tezlik belgilangan hududda 83 kilometr tezlikda harakatlangani qayd etilgan maʼmuriy jarima haqidagi qaror ko‘rsatilgan. Qarorga ilova qilingan tezlikni o‘lchash vositasining qiyoslash guvohnomasini ko‘rish uchun QR-kod joylashtirilgan.

Video muallifi shu QR-kodni skaner qilganda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan berilgan, suv hisoblagichiga tegishli qiyoslash guvohnomasi ochilganini ko‘rsatgan.

Metrologiya instituti vaziyatni o‘rganib, bunga axborot tizimidagi texnik nomuvofiqlik sabab bo‘lganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 5-iyundagi 1076587-2024-sonli qiyoslash guvohnomasi zavod raqami 221110881 bo‘lgan SPW-4 B 15-50 turdagi suv hisoblagichiga rasmiylashtirilgan.

2025-yil 16-noyabrdagi 1471711-2025-sonli qiyoslash guvohnomasi esa zavod raqami 2211108 bo‘lgan SKAT-PP turdagi harakat tezligini o‘lchash vositasiga rasmiylashtirilgan.

Institutga ko‘ra, ikki qurilmaning zavod raqamlari bir-biriga o‘xshash bo‘lgani sababli masʼul idora bilan integratsiya qilingan axborot tizimida zavod raqami bo‘yicha qidiruv amalga oshirilganda maʼlumotlarni aks ettirishda texnik nomuvofiqlik yuzaga kelgan.

Yaʼni qidiruv faqat zavod raqami asosida amalga oshirilganda, raqamlardagi o‘xshashlik tufayli boshqa turdagi o‘lchash vositasiga tegishli qiyoslash guvohnomasi maʼlumotlari ham ko‘rinishi mumkin.

Institut Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-sentyabrdagi 516-son qaroriga muvofiq, tegishli maʼlumotlar “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasiga joylashtirilganini bildirdi. Tegishli tashkilotlarga ushbu maʼlumotlardan elektron shaklda foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun qiyoslash guvohnomasini aniq identifikatsiya qilishda zavod raqami bilan birga o‘lchash vositasining modeli, turi, ishlab chiqaruvchisi, qiyoslash guvohnomasi raqami va qo‘llanish sohasi kabi maʼlumotlarni ham hisobga olish mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va masʼul idora bu borada tegishli choralar ko‘rayotgani aytildi. Institutga ko‘ra, bu axborot tizimida qiyoslash guvohnomalari haqidagi maʼlumotlarning to‘g‘ri va aniq aks ettirilishi hamda shunday texnik nomuvofiqliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.