Qurilish ishchilari kabelni uzib yuborganidan keyin AQShning yirik aeroportlarida parvozlar kechiktirildi
Kabelga egalik qiluvchi Verizon kompaniyasi uni «imkon qadar tezroq» taʼmirlash ustida ishlayotganini maʼlum qildi.

Qurilish ishchilari kabelni uzib qoʻygani sababli AQShning yirik aeroportlarida reyslar kechiktirildi
Qurilish ishchilari tasodifan aviadispetcherlik xizmati uchun zarur boʻlgan kabelni uzib qoʻyishi oqibatida AQSh boʻylab yirik aeroportlarda yuzlab reyslar kechiktirildi.
Dushanba kuni tushdan keyin Nyu-York, Pensilvaniya, Nyu-Jersi va Massachusets shtatlaridagi aeroportlarda samolyotlarning uchishini toʻxtatish va reyslarning kechiktirilishi eʼlon qilindi.
Transport sohasi rasmiylarining maʼlum qilishicha, shikastlanish samolyotlarning uchishi va qoʻnishini yoʻnaltirishga yordam beradigan Terminal radar yaqinlashishini boshqarish (TRACON) tizimiga taʼsir qilgan.
Kabelga egalik qiluvchi Verizon telekommunikatsiya kompaniyasi AQSh OAVlariga muammoni «iloji boricha tezroq» bartaraf etish ustida ishlayotganini va sodir boʻlgan voqea uchun «hech qanday javobgarlikni oʻz zimmasiga olmasligini» maʼlum qildi.
FlightAware parvozlarni kuzatish veb-saytiga koʻra, Nyu-Jersidagi Nyuark Liberti xalqaro aeroporti bugungi aviadispetcherlik xizmatidagi uzilishlardan eng koʻp jabr koʻrgan.
Qayd etilishicha, bugun ushbu aeroportdan uchadigan 267 ta reys kechiktirilgan, Nyuarkka yoʻl olgan yana 257 ta reys ham kechikish bilan amalga oshirilgan.
Nyu-Yorkdagi Jon F. Kennedi xalqaro aeroporti va La-Guardiya aeroporti, shuningdek, Filadelfiya xalqaro aeroporti ham bundan zarar koʻrgan.
AQSh Transport vaziri Shon Daffining maʼlum qilishicha, shikastlanish Nyu-Jersida qurilish ishlarini olib borayotgan AQShning shaharlararo temir yoʻl qatnovi milliy operatori — Amtrak ishchilari tomonidan yetkazilgan.
Bu «telekommunikatsiya uzilishiga olib keldi» va Federal aviatsiya maʼmuriyatini (FAA) parvozlarni toʻxtatishga majbur qildi, deb yozdi Daffi X tarmogʻida. Rasmiylarning bildirishicha, uzilgan kabel aslida zaxira tarmogʻi boʻlgan va xatolik faqat asosiy zanjir ishdan chiqqanidan keyingina aniqlangan.
Sharqiy sohildagi ushbu yirik uzilish seshanba kuni Nyu-York shahrida boshlanadigan BMT Bosh Assambleyasi (BMA) arafasida yuz berdi. Ushbu tadbirga dunyoning koʻplab yetakchilari Nyu-York hududidagi aeroportlar orqali yetib kelishi kutilmoqda.

