Dunyo

Qudachilik va sovchilik

Trampning suyukli xotini kim boʻladi? Bolib oʻtgan Samarqanddagi S+5 forumi fonidagi mulohazalar — Qozogʻistondan nigoh

**Sovchilik va qiz koʻrish**

AQSH davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi hamda bu yerda 19-oktyabr kuni Markaziy Osiyoning besh mamlakati TIV rahbarlari bilan oʻtkazilgan ministrlik uchrashuvi Vashingtonning Markaziy Osiyoga jiddiy va uzoq muddatga qaytish niyatida ekanini koʻrsatdi. 2015-yilda Barak Obama administratsiyasi C5+1 formatini yoʻlga qoʻyganida, eʼtibor markazida «demokratiya qalʼasi» uchun odatiy boʻlgan qadriyatlar — inson huquqlari, jinsiy ozchiliklar himoyasi, soʻz erkinligi, saylovlarning shaffofligi, partiyalararo raqobat va hokazolar turgan edi. Donald Tramp jamoasining ustuvor yoʻnalishlari esa ancha hayotiyroq: kritik minerallar, energetika, investitsiyalar, transport koridorlari.

Davlat departamenti rahbari 200 dan ortiq biznesmenlar hamrohligida yetib keldi va bunday salmoqli biznes-desantining ishtirokini rimliklarga xos toʻgʻrilik bilan tushuntirdi: «Bizning maqsadimiz – amerikalik biznes va savdo uchun eshiklar ochilayotgan dunyoning istalgan nuqtasida biz ham bor boʻlishimizni, joyida boʻlishimizni va hamkorlikka tayyor turishimizni taʼminlashdir. Vaziyatga qaraladigan boʻlsa, Markaziy Osiyoning – barcha besh mamlakatning muhimligi allaqachon hammaning koʻziga ayon». Mister Rubio ushbu soʻzlari bilan Qozogʻistonning birinchi prezidentini va uning xrestomatik «avval iqtisodiyot, keyin siyosat» degan iborasini yodga soldi.

**Toshkent yaxshi, lekin Astana ham qolishmaydi!**

Samarqand nafaqat C5+1 uchrashuvi maydonchasi, balki alohida Amerika-Oʻzbekiston biznes muloqoti oʻtkazilgan joy ham boʻlib chiqdi. Rubio tashrifi arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serdjio Gor (u Toshkentda tugʻilgan Sergey Goroxovskiy) bilan uchrashib, muzokaralarga tayyorgarlik va investitsiya tashabbuslarini muhokama qildi. Samarqandga mister Gor Amerika-Oʻzbekiston biznes kengashining hamraisi maqomida keldi.

Amerika tomoni Toshkent bilan munosabatlarni chuqurlashtirishga tayyorligini har tomonlama koʻrsatdi. Eʼlon qilingan hamkorlik yoʻnalishlari orasida — kritik minerallar, texnologik loyihalar va biznes aloqalarini kengaytirish bor. Oʻzbekiston, shuningdek, koinotni tadqiq qilishda xalqaro hamkorlikka oid Artemida kelishuvlariga qoʻshildi — jami 12 milliard dollarlik bitimlar imzolandi.

Bularning barchasi Vashington Oʻzbekistonning siyosiy maqomini astoydil oshirayotgandek taassurot uygʻotadi. Ammo bu amerikaliklar Astana oʻrniga Toshkentni «sevimli xotin» qilishga qaror qilganini anglatadimi?

Oʻzbekiston haqiqatan ham bir qator afzalliklarga ega. Bu yirik ichki bozor, jiddiy demografik salohiyat va Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bogʻlaydigan yoʻllar kesishmasidagi qulay joylashuvdir. Toshkent AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilib, izchil koʻpvektorli tashqi siyosat olib bormoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston sanoat bazasini kengaytirishga, xorijiy kapitalni jalb qilishga va mintaqaviy iqtisodiyotdagi oʻz rolini kuchaytirishga intilmoqda. Vashington uchun bu tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilishdan manfaatdor boʻlgan mamlakatda oʻz pozitsiyalarini mustahkamlash imkoniyatidir.

Lekin Qozogʻistonning ham qoʻlida oʻz koʻzir qartalari bor, jumladan, dunyo uran bozoridagi muhim oʻrni, neft va boshqa foydali qazilmalarning salmoqli zaxiralari, shuningdek, Transkaspiy yoʻnalishidagi hal qiluvchi roli. Qozogʻiston hududi va infratuzilmasi Xitoy, Kaspiy va Yevropa bozorlari oʻrtasidagi quruqlikdagi aloqalarning eng muhim boʻgʻinini taʼminlaydi.

Boshqa tomondan, Vashington uchun faqat bitta mamlakatni tanlash mutlaqo shart emas. Aksincha, har xil funksiyalarga ega ikkita tayanch taʼsir nuqtasiga ega boʻlish foydaliroq. Qozogʻiston energetika, xomashyo qazib olish va tranzit infratuzilmasini rivojlantirishda eng muhim hamkor boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston esa — yirik bozorga kirishni taʼminlashi, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishi va Markaziy Osiyoning janubiy yoʻnalish bilan aloqalarini mustahkamlashi mumkin.

Bunday yondashuv AQSHga hamkorlardan Moskva yoki Pekin bilan munosabatlarni «keskin toʻxtatishni» talab qilmagan holda, mintaqadagi ishtirokini kengaytirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Astana va Toshkent oʻrtasidagi potentsial raqobat mutlaqo haqiqatga yaqindir. Har ikkala mamlakat ham Amerika investitsiyalari, texnologiyalari, bozorlarga chiqish va Vashingtonning siyosiy eʼtiboridan manfaatdor. Agar ulardan biri diplomatik aloqalarni yangi korxonalar, infratuzilma loyihalari va uzoq muddatli moliyaviy majburiyatlarga tezroq aylantira olsa, u qoʻshimcha afzalliklarga ega boʻladi. Hozircha esa aniq ustunlik Qozogʻiston tomonida. Amerikaning Osiyoda yetakchilik tashabbuslari markazi (CALI) hisobotiga koʻra, 2025-yilda mintaqadagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning 19 foizi — 51 milliard dollari AQSH hissasiga toʻgʻri kelgan. Davlat departamentining 2020-yildagi kamtarona rasmiy maʼlumotlariga koʻra, 1990-yillar boshidan buyon Amerika investitsiyalari Hukumat tomonidan koʻrsatilgan taxminan 9,2 milliard dollarlik moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni hisobga olmaganda, 31 milliard dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, 2024-yilda Amerika investitsiyalarining 99 foizi Qozogʻistonga, asosan neft qazib olishga yoʻnaltirildi. Chevron va ExxonMobil Qozogʻiston neftining uchdan bir qismigacha qazib olmoqda, bu esa «KazMunayGaz» davlat kompaniyasi qazib olish hajmi bilan tengdir.

**Oltilik qachon tuzga aylanishi mumkin**

Ekspertlar muhokama qilayotgan yana bir masala — C5+1 formatini Ozarbayjon hisobiga kengaytirish imkoniyatidir. Bunday holda, Markaziy Osiyoning beshta davlati, Ozarbayjon va AQSHni birhtiradigan C6+1 formati paydo boʻlgan boʻlardi. Amerika tashqi siyosat kengashining katta ilmiy xodimi hamda Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti dasturlari direktori Laura Linderman Rubioning C5+1 uchrashividagi ishtiroki allaqachon ijobiy voqea ekanini taʼkidladi. Va qoʻshimcha qildi: «Tadbirkorlik (Samarqanddagi sammit-E.) agar AQSH formatni C6+1 gacha kengaytirib, unga Ozarbayjonni kiritganida, yanada muvaffaqiyatli boʻlar edi».

Bu gʻoyaning iqtisodiy mantiqi koʻrinib turibdi. Ozarbayjon — Kaspiyning gʻarbiy sohilidagi eng muhim transport tugunidir. Unig hududi orqali Markaziy Osiyoni Gruziya, Turkiya va undan keyin Yevropa bilan bogʻlaydigan yoʻnalishlar oʻtadi. Qozogʻiston va Ozarbayjon portlari, temir yoʻl infratuzilmasi hamda Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi yagona logistika tizimining unsurlarini tashkil etadi. Vashington uchun bu Yevrosiyo yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilish va Rossiya orqali oʻtadigan yoʻnalishlarga qaramlikni kamaytirishga intilish fonida ayniqsa dolzarbdir.

Ozarbayjonning C5+1 ga kiritilishi nafaqat kritik minerallarni qazib olish va energetika loyihalarini, balki ularni gʻarb bozorlariga yetkazib berishning butun yoʻlini yagona formatda muhokama qilish va muvofiqlashtirish imkonini bergan boʻlardi. Boshqacha aytganda, gap alohida davlatlar bilan hamkorlik qilishdan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni qamrab oluvchi yanada yaxlit strategiyaga oʻtish haqida borgan boʻlardi.

Xoʻsh, amerikaliklar nega Ozarbayjon tashqi siyosat idorasi rahbari Djeyxun Bayramovni Samarqandga taklif qilishmadi?

Birinchi ehtimoliy tushuntirish — institutsional inersiyadir. C5+1 2015-yildan beri mavjud va oʻz tarixiga, mexanizmlariga hamda kun tartibiga ega. Rubioning uchrashuvi amaldagi format ishini davom ettirdi. Unig kengaytirilishi alohida siyosiy qarorni va ishtirokchilar bilan yangi yondashuvni kelishib olishni talab qilgan boʻlardi.

Ikkinchi tushuntirish — diplomatik yoʻnalishlarning boʻlinganligidir. Vashington Markaziy Osiyo muammolarini C5+1 doirasida muhokama qilishni, Janubiy Kavkaz masalalarini esa Ozarbayjon va Armaniston bilan alohida hamkorlik mexanizmlari orqali hal qilishni afzal koʻrayotgan boʻlishi mumkin. Tramp administratsiyasi hozircha oʻz siyosiy xaritasida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning yakuniy oʻrnini aniqlab olmagan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. C6+1 uchun geoiqtisodiy omillar allaqachon mavjud, ammo ularni hali barqaror diplomatik mexanizmga aylantirish kerak.

Ushbu kontekstda AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, Samarqand muzokaralarini tayyorlashda qatnashgan Serdjio Gorning roli alohida qiziqish uygʻotadi. Unig kelib chiqishi Oʻzbekistonning Amerika diplomatik kun tartibida shunchalik koʻzga koʻringan oʻrinni egallashiga, Qozogʻistonni ikkinchi rejang surib, Ozarbayjonni esa umuman siqib chiqarishiga taʼsir qilgan boʻlishi mumkinmi?

Nazariy jihatdan shaxsiy aloqalar, mintaqani bilish va mahalliy rahbarlar bilan ishonchli munosabatlar diplomatiya natijalariga taʼsir qilishi mumkin. Ammo Toshkentda tugʻilganlik faktining oʻzi mister Gor Oʻzbekiston manfaatlarini Qozogʻiston yoki Ozarbayjon hisobiga ilgari surayotganini isbotlamaydi. Qolaversa, Gor Markaziy Osiyo va Gʻarb oʻrtasida Janubiy Kavkaz orqali transport aloqalarini rivojlantirishni ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlagan.

**Vashingtonning faollashuvi Astanaga qanday taʼsir qiladi?**

Qozogʻiston uchun Amerika ishtirokining kuchayishi yangi imkoniyatlarni ochadi, ammo bir vaqtning oʻzida qoʻshimcha xatarlarni ham yuzaga keltiradi.

Asosiy afzallik — biz sevgan koʻpvektorli siyosat uchun maydonning kengayishidir. Qozogʻiston Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik muqobilsiz qaramlikka aylanib qolmasligidan manfaatdor. Amerika investitsiyalari, texnologiyalari va uzoq muddatli shartnomalari sanoat, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar berishga qodir. Kritik minerallarni qayta ishlash ayniqsa muhim yoʻnalishga aylanishi mumkin. Agar Qozogʻiston nafaqat xomashyo qazib olishdan manfaatdor boʻlgan kompaniyalarni, balki qayta ishlovchi korxonalar tashkil etishga va texnologiyalarni topshirishga tayyor boʻlgan инвесторlarni jalb qila olsa, AQSH bilan hamkorlik yanada uzoq muddatli iqtisodiy samara keltirishi mumkin.

Ikkinchi afzallik — TMXTYni rivojlantirishdir. AQSHning uni moliyalashtirish va infratuzilmasini rivojlantirishda yanada faol ishtirok etishi Qozogʻistonning Sharqiy Osiyoni Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlaydigan tranzit mamlakat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlagan boʻlardi.

Uchinchi afzallik — Astananing muzokaralar imkoniyatlarining kuchayishidir. Tashqi hamkorlar Qozogʻiston resurslari, infratuzilmasi va bozoriga qanchalik koʻp eʼtibor qaratsa, mamlakatda hamkorlik shartlarini tanlash imkoniyati shunchalik koʻp boʻladi.

Lekin xatarlar ham yoʻq emas. Birinchisi mavjud transport va energetika yoʻnalishlariga qaramlikning saqlanib qolishi bilan bogʻliq. Amerika eʼtibori Rossiyaning geografik yaqinligini, uning hududi orqali oʻtadigan eksport yoʻnalishlariga amaldagi muqobilsiz qaramlikni yoki AQSHning ashaddiy doʻsti boʻlmish Xitoyning MOdagi iqtisodiy va geosiyosiy rolini mutlaqo bekor qilmaydi.

Ikkinchi xatar — Oʻzbekiston bilan raqobatdir. Agar Toshkent Amerika kapitalini tezroq jalb qilib, siyosiy eʼtiborni yangi ishlab chiqarishlar va infratuzilma loyihalariga aylantira olsa, afzalliklarning bir qismi unga oʻtib ketishi mumkin. Qozogʻiston uchun bu investitsiya muhiti, xomashyoni qayta ishlash va texnologiyalarni rivojlantirish ustida yanada faolroq ishlash zarurligini anglatadi.

Uchinchi xatar — eʼlon qilingan bitimlar miqyosi va ularning amaldagi ijrosi oʻrtasidagi tafovutdir. Imzolangan memorandumlar, investitsiya majburiyatlari va niyatlar haqidagi bayonotlar kiritib boʻlingan mablagʻlarga teng emas. Qozogʻiston uchun hamkorlikni qaysi loyihalar haqiqatan ham ishga tushirilayotgani, qancha ish oʻrinlari yaratilayotgani va iqtisodiyotga qanday hissa qoʻshayotgani bilan baholash muhimdir.

Nihoyat, Amerika ishtirokining kuchayishi Qozogʻistonning tashqi siyosiy balansini murakkablashtirishi mumkin. Astana bir nechta yirik davlatlarning manfaatlarini hisobga olishiga va ular oʻrtasidagi raqobat oʻz loyihalarini rivojlantirishga xalaqit berishiga yoʻl qoʻymasligiga toʻgʻri keladi.

**P.S. oʻrniga**

Samarqand uchrashuvi shuni koʻrsatdiki, birinchidan, Markaziy Osiyo koʻp yillik periferiyada boʻlganidan keyin yana AQSH uchun alohida eʼtibor zonasiga aylanmoqda — Astana va Toshkentga kuchaytirilgan «urgʻu» berilmoqda.

Ikkinchidan, agar Vashington baribir Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni oʻzining iqtisodiy va geosiyosiy manfaatlarini ilgari surish uchun yagona koʻp tomonlama platformaga birhtirishga qaror qilsa, bu Marko Rubio va uning Oq uydagi xoʻjayinining mintaqaning AQSH uchun muhimligi haqidagi eng balandparvoz bayonotlaridan koʻra strategik oʻzgarishlarning yanada salmoqli signali boʻladi.

Va, uchinchidan, Astana uchun bu aynan zudlik bilan, mabodo biror narsa boʻlgudek boʻlsa, oʻz stulini qaysi katta geosiyosiy kresloga yaqinroq surib qoʻyish kerakligini bosiqlik bilan baholashi lozim boʻlgan holatdir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.